Yangiliklar

Oliy ma’lumot bor - ish yo‘q: Kamola va Azizning hikoyalari nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mehnat bozoridagi tizimli to‘siqlarni tasdiqlaydi

Kamola (ism o‘zgartirilgan) Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tamomlagan. Ingliz tilini biladi (IELTS 5.5), montaj bilan professional shug‘ullanadi va ingliz tilidan filmlarni tarjima qilish tajribasiga ega. To‘rt oydan beri faol ish qidirmoqda, ammo natija yo‘q. U fastfud sohasida ishlashga harakat qildi\uringan, ammo issiqlik va yog‘ning bug‘lanishi uning ko‘rishiga zarar bo‘lgani uchun ishdan ketishga majbur bo‘lgan. Kompyuter yoki ofisda ish topish esa uning uchun hamon muammo bo‘lib qolmoqda.

Aziz (ism o‘zgartirilgan) “Axborot texnologiyalari” yo‘nalishi bo‘yicha universitetni tamomlagan. Ish masalasida Arguz.uz platformasiga murojaat qilgan, unga bir nechta bo‘sh ish o‘rinlari tavsiya etilgan, biroq u ishga joylasha olmagan va o‘z viloyatiga qaytib ketgan. Oradan 3-4 oy o‘tib, u bilan qayta bog‘langanda, yashash joyida ish topa olmaganini va yana Toshkentga qaytishni rejalashtirayotganini aytdi. Qaytib kelgach, unga boshqa bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilindi, ammo u ishlab chiqarishda ishlashdan bosh tortdi, matbaa sohasida ishlash uchun esa yetarli malakaga ega bo‘lmagan, ish beruvchilar esa o‘qitishga tayyor bo‘lmagan. Natijada u yana viloyatga qaytishga majbur bo‘ldi.

Nogironlar huquqlari bo‘yicha Qo‘mitaning Izohida nima deyiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar ochiq bozorda mehnat qilish va ish bilan ta’minlanish huquqini amalga oshirishda to‘siqlarga duch kelishadi, bu nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish va ish bilan ta’minlanish huquqi to‘g‘risidagi 8-sonli umumiy Izohda keltirilgan. Ularga ishsizlikning yuqori darajasi, ish haqining pastligi, barqarorlikning yo‘qligi, ish muhitining yetishmasligi va rahbarlik lavozimlariga juda kam tayinlanish xosdir. Nogironligi bo‘lgan ayollar uchun bu to‘siqlar yanada yuqori. Ko‘plab holatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnati rasmiy mehnat shartnomasisiz amalga oshiriladi, bu esa ularni ijtimoiy ta’minot tizimidan chetda qoldiradi.

Nogironlikning an’anaviy modellari doirasida odamlar huquq egasi sifatida emas, balki kasallik tashuvchilari sifatida qaraladi. Aslida esa, nogironligi bo‘lgan barcha xodimlar sog‘lig‘idagi nuqson turi, jinsi, yoshi, migratsiya holati yoki bandlik sohasidan qat’i nazar, adolatli va qulay mehnat sharoitlariga ega bo‘lish huquqiga ega.

Nogironlik belgisi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam ish haqi to‘lanishi har qanday holatda ham oqlanishi mumkin emas, deyiladi izohda.

Davlatlar, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan ayollar uchun karyera o‘sishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita to‘siqlarni tahlil qilishlari, ishga qabul qilish va lavozimda ko‘tarilishning obyektiv standartlarini joriy etishlari, davlat sektorida nogironligi bo‘lgan xodimlarning ishtirokini kengaytirishlari, shuningdek, ijobiy harakatlar choralarini, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan korxonalarga davlat xaridlari bo‘yicha imtiyozlar, ish joylarini moslashtirish va ish haqini qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar qo‘llashlari kerak.

Mehnat qilish huquqini amalga oshirish uchun davlat uni huquqiy tizimda mustahkamlashi, resurslar ajratish va nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘zlari ishtirokida milliy siyosat va batafsil harakatlar rejasini qabul qilishi shart.

Ijtimoiy himoya tizimi nogironligi bo‘lgan ishsizlarga teng imkoniyatlarni ta’minlashi kerak va "mehnatga layoqatsizlik" va "mehnatga yaroqlilik" kabi tushunchalar esa himoya tizimlarining dizayniga kiritilmasligi kerak.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga muvofiq, davlatlar bandlik sohasidagi qonunchilik va amaliyotni qayta ko‘rib chiqishlari, kamsituvchi me’yorlarni bekor qilishlari, ishga joylashishda kamsitmaslik bo‘yicha amaliyot kodeksini ishlab chiqishlari, shuningdek, ko‘rsatkichlar va monitoring mexanizmlarini o‘z ichiga olgan milliy strategiyalarni joriy etishlari, shu jumladan ayniqsa nogironligi bo‘lgan ayollar va qizlarga taalluqli holatlarni hisobga olishi zarur, deyiladi Izohda.

Xulosa o‘rnida

O‘tgan yili tadbirkorlar tomonidan 40 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlangan. Bu raqamlar O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 14-dekabrdagi yig‘ilishida e’lon qilindi. Biroq, "Ish Plus" loyihasining nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha koordinatori Dilmurod Yusupov “bu raqamlarga ishonish juda qiyin”, deya ta’kidlagan.

Jurnalistning 2024-yil 16-dekabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligiga nogironligi bo‘lgan shaxslarning joriy yildagi bandligi bo‘yicha hududlar, sohalar va kasblar kesimida ma’lumot taqdim etishni so‘rab yuborgan so‘roviga javob ololmadik.

Kamola va Azizning hikoyalari alohida holatlar emas, balki nogironligi bo‘lgan shaxslar mehnat huquqini amalga oshirishga uringanida duch keladigan tizimli to‘siqlarning aniq ko‘rinishlari. Hattoki oliy ma’lumotga, kasbiy ko‘nikmalarga va motivatsiyaga ega bo‘lgan taqdirda ham ular mehnat bozoridan chetda qolmoqda — buning sababi moslangan ish sharoitlarining yo‘qligi, ish beruvchilarning o‘qitishga tayyor emasligi, moslashuvchan bandlik shakllarining rivojlanmaganligi va nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatga layoqati haqidagi diskriminatsion qarashlardir.

Bu holatlar 8-sonli Umumiy tartibdagi Izohda keltirilgan xulosalarni yana bir bor tasdiqlaydi: huquqiy bazani o‘zgartirmasdan, kamsitmaslik standartlarini majburiy tarzda joriy qilmasdan, ijobiy choralarni va nogironligi bo‘lgan shaxslarning siyosat shakllantirishdagi ishtirokini ta’minlamasdan turib, mehnat huquqi amalda ta’minlanmaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mehnat huquqining amalga oshirilishi — bu ijtimoiy yordam masalasi emas, balki davlat va ish beruvchilarning teng sharoitlar yaratish va to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha majburiyatidir. Bu majburiyat hozircha parchalangan va deklarativ tarzda bajarilar ekan, Kamola va Aziz hikoyasi kabi voqealar takrorlanaveradi. Faqatgina bayonnomalardan aniq mexanizmlar, resurslar va nazorat qilinadigan majburiyatlarga o‘tish mehnat qilish huquqini yuridik normadan real imkoniyatga aylantirishi mumkin.

Dana Oparina
EGED