Yangiliklar

BYD Uzbekistan Factory bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Bosh prokuraturaga yuborgan so‘rovimizga kompaniyaning o‘zi javob berdi

Avvalgi materialimizda Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasiga NATIONAL CONSULTING BUSINESS tashkiloti murojaat qilgani haqida yozgan edik. U “BYD UZBEKISTAN FACTORY” qo‘shma korxonasiga 240 million so‘mlik uchta sanoat nasosi yetkazib bergan. Biroq, NATIONAL CONSULTING BUSINESS kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, BYD vakili nasoslarni qabul qilishdan bosh tortgan.

Biz Bosh prokuraturaga jurnalistik so‘rov yubordik. O‘z navbatida, idora Iqtisodiyot va moliya vazirligiga so‘rov yo‘lladi, u esa "O‘zavtosanoat"ga murojaat qildi. "O‘zavtosanoat" so‘rovni “BYD Uzbekistan Factory”ga yo‘naltirdi.

Korxonaning Komplayens xizmati va Yuridik departamenti hamkorligida o‘tkazilgan ichki va xizmat tekshiruvi natijalariga ko‘ra, xarid jarayonlari amaldagi ichki tartib-qoidalar, BYD Global korporativ standartlari va "Biznes hamkorlar kodeksi" talablariga to‘liq muvofiq amalga oshirilganligi aniqlandi.

Shu bilan birga, tahlil davomida aniqlanishicha, yetkazib beruvchi taqdim etgan nasosning texnik xususiyatlari shartnomada ko‘rsatilgan talablarga javob bermagan; mahsulotga muvofiqlik sertifikati qonunchilikda belgilanganidek ishlab chiqaruvchi tomonidan emas, balki noma’lum Xitoy kompaniyasi tomonidan berilgan; bundan tashqari, shartnomaga ko‘ra mahsulot Germaniyada ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, amalda nasos Xitoydagi noma’lum ishlab chiqaruvchidan xarid qilingan”, - deyiladi javobda.

Shu munosabat bilan korxona tomonidan quyidagi chora-tadbirlar ko‘rildi:

  • nomuvofiqlik to‘g‘risida dalolatnoma tuzildi;
  • yetkazib beruvchiga uskunani almashtirish yoki pul mablag‘larini qaytarish talabi bilan rasmiy bildirishnoma yuborilgan;
  • xizmat tekshiruvi o‘tkazildi va nazorat tizimini kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Qarordan norozi bo‘lgan "National Consulting Business" MChJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, "BYD Uzbekistan Factory" MChJ dan 240 000 000 so‘m asosiy qarz, 48 000 000 so‘m jarima va 100 000 000 so‘m zarar undirishni so‘ragan.

"Sud jarayonida kompaniya shartnomada ko‘rsatilgan va amalda yetkazib berilgan nasoslar o‘rtasida texnik jihatdan muhim farqlar mavjudligini isbotladi”, - deyiladi BYD javobida.

Sud ushbu dalillarni asosli deb topib, 2025-yil 30-sentyabrda "National Consulting Business" MChJ ning da’vosini to‘liq rad etish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Rad etish sabablari quyidagilar bo‘ldi:

  • shartnomada ko‘rsatilgandan farqli spetsifikatsiyaga ega tovarni yetkazib berilishi;
  • kelishilgan GRUNDFOS (Germaniya ishlab chiqargan CRN 15-9 A-FGJ-G-E-HQQE rusumli, A96501777P11830 raqamli) nasoslarning boshqa rusumga (CRN 15-9 A-FGJ-A-E-HQQE, PN-SN A98466521P3276475) almashtirilgani;
  • ishlab chiqaruvchining rasmiy saytida ko‘rsatilgan rusumning yo’qligi.

Qaror qonuniy kuchga kirdi. Sud “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasining harakatlarini qonuniy deb topdi.

"National Consulting Business" MChJ Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilishni so‘rab apellyatsiya shikoyati kiritdi. 2025-yil 5-noyabrda apellyatsiya instansiyasi sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi, da’vogarning talablari esa qanoatlantirilmadi.

"Sud taqdim etilgan muvofiqlik sertifikati ishlab chiqaruvchi tomonidan emas, balki noma’lum Xitoy firmasi tomonidan berilganligini va Germaniyada ishlab chiqarilishi lozim bo‘lgan mahsulot aslida Xitoydan keltirilganligini aniqladi. Shuningdek, "BYD Uzbekistan Factory" MChJ QK (Buyurtmachi) va "National Consulting Business" MChJ (Ijrochi) o‘rtasida tuzilgan 5286495.1.1-sonli shartnomaga ko‘ra, Ijrochi shartnoma majburiyatlarini bajarmagan va kelishilgan tovarni yetkazib bermagan. Shu sababli, Buyurtmachi penya va jarimalarni undirish to‘g‘risidagi talabnomasini yuborgan", - deyiladi kompaniya javobida.

«“BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasi o‘z faoliyatini BYD Global Compliance Standards, Biznes hamkorlar kodeksi hamda halollik, shaffoflik va mas’uliyat tamoyillariga asoslangan korrupsiya xavfini oldini olish siyosati asosida olib boradi»,- deyiladi xulosa bayonotida.
EGED