Shota Rustaveli ko‘chasidagi turistik yo‘lakni KOC CONSTRUCTION barpo etadi
2024-yil noyabr oyida KOC CONSTRUCTION MEKANIK ELEKTRIK kompaniyasi Shota Rustaveli ko‘chasida turistik yo’lakni tashkil etish bo‘yicha ijobiy ekologik xulosa olgan. Hujjatda keltirilgan koordinatalarga ko‘ra, bu ayni damda China Construction Fifth Engineering Division Co. tomonidan rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan 6,7 km masofadagi hududdir.
Toshkent shahar hokimiyatida kompaniya sayr qilish hududini loyihalash bilan shug‘ullanayotganini ma’lum qilishdi.
Ekologik xulosaga ko‘ra, kompaniya buyurtmachi va obyektga bevosita yaqin joyda yashovchilar o‘rtasidagi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni bartaraf etish maqsadida qurilish ishlari boshlanishidan oldin eng yaqin qo‘shnilar - yakka tartibdagi uy-joylar egalari va korxonalar vakillaridan ularning yashash manzillarini ko‘rsatgan holda yozma rozilik olishlari shart.
Loyiha qaroriga ko‘ra, rejalashtirilgan xiyobondagi mavjud plitkalarni demontaj qilish, uning o‘rniga velosiped yo‘lakchasini o‘z ichiga olgan yangi xiyobon barpo etish hamda yangi infratuzilmani o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng, obyekt hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilmoqda. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish rejasiga ko‘ra, bolalar o‘yin maydonchasini o‘rnatish, mayda chiqindilarni yig‘ish uchun konteynerlar, maxsus ko‘rsatkichlar o‘rnatish, shuningdek, manzarali va mevali daraxtlar hamda butalar ekish ko‘zda tutilgan.
Loyiha qarorini amalga oshirish muddati - 6 oy. Ishchilar soni - 32 kishi.
Daraxtlar
Sayyohlik ko‘chasi bo‘ylab ko‘plab manzarali va mevali daraxtlar o‘sadi. Loyiha hujjatlariga muvofiq, bu daraxtlarni saqlab qolish, ularga zarar yetkazilishining oldini olish, shuningdek, qo‘shimcha manzarali ko‘chatlar ekish ko‘zda tutilgan.
Xulosada ta’kidlanishicha, obyektni tashkil etishda o‘simliklar dunyosiga ko‘rsatiladigan salbiy ta’sirni iloji boricha kamaytirish va mavjud yashil o‘simliklarni maksimal darajada saqlab qolish zarur.
Daraxtlar va butalar noto‘g‘ri parvarish tufayli qurib qolgan hollarda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 198-moddasiga ko‘ra javobgarlik belgilanadi. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-sonli qaroriga binoan, noqonuniy kesilgan yoki qurigan har bir daraxt uchun yetkazilgan zarar hisoblab chiqiladi va amaldagi qonunchilikka muvofiq aybdor shaxsdan undirib olinadi.
Chiqindilar va tashlamalar
Obyektning xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, uning faoliyati davomida jami 2,568 tonna qattiq maishiy, iste’mol va qurilish chiqindilari hosil bo‘lishi aniqlandi. Loyiha bo‘yicha tashkiliy ishlar yakuniga qadar qurilish va qattiq maishiy chiqindilar vaqtincha metall konteynerlarga yig‘ilib, shartnoma asosida tuman poligoniga olib chiqiladi.
Chiqindilarning har bir turi uchun ularni vaqtincha saqlash, keyinchalik ekologik talablarga rioya qilgan holda utilizatsiya qilish joylari, shuningdek, konteynerlarni o‘rnatish uchun maxsus betonlangan maydoncha tashkil etilishi nazarda tutilishi kerak.
Kompaniya obyektda atrof-muhitga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni doimiy nazorat qilish vositalari bilan jihozlangan punktlar (blok-postlar) tashkil etishi, ularning ishlashini nazorat qilishi va olingan ma’lumotlarni muntazam ravishda taqdim etishi, shuningdek, ekologik monitoring natijalari bo‘yicha to‘plangan axborot yoki hisobotlarni yetkazib berishi shart (Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 5-avgustdagi 216-sonli qarori 29-bandiga muvofiq).
Nazorat
"Ekologik ekspertiza to‘g‘risida"gi qonunning 22-moddasiga ko‘ra, davlat ekologik ekspertizasining obyektning ekologik talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosasi berilgan sanadan e’tiboran 3 yil davomida yuridik kuchga ega bo‘ladi. Agar xulosa shartlari bajarilmasa yoki qo‘shimcha faoliyat turlari amalga oshirilsa, tashlamalar va chiqindilar hajmi o‘zgarsa, xulosa o‘z kuchini yo‘qotadi.
Xulosada nazarda tutilmagan faoliyat turlarini amalga oshirish niyatida bo‘lgan taqdirda, shuningdek, yangi qurilish, rekonstruksiya qilish yoki kengaytirish chog‘ida "Atrof-muhitga ta’sir to‘g‘risida ariza" loyihasini ishlab chiqish, uni davlat ekologik ekspertizasiga taqdim etish va tegishli xulosa olish zarur.
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektsiyasiga KOC CONSTRUCTION MEKANIK ELEKTRIK MChJning ekologik talab va me’yorlarga rioya etishini, shuningdek, obyekt foydalanishga topshirilguniga qadar ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonotni ishlab chiqishini doimiy nazorat qilish topshirildi.
Avvalroq Toshkentda Shota Rustaveli ko‘chasining qayta qurilishi ekologik ekspertiza xulosasi berilmasidan oldin boshlangani haqida yozgan edik. Toshkent shahar hokimligi Shota Rustaveli ko‘chasini qayta qurish ishlarini 25-may kuni boshlagan, atrof-muhitga ta’sirni baholash xulosasi esa 20-iyun kuni taqdim etilgan.