EGED media komponenti: jurnalistlar korrupsiyaga qarshi qanday kurashmoqda?
Buyuk Britaniya hukumati tomonidan Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik va taraqqiyot vazirligi (FCDO) orqali moliyalashtiriladigan "Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv" dasturi (EGED) bir necha yillardan buyon O‘zbekistonda davlat xarajatlari shaffofligini oshirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. EGEDning asosiy yo‘nalishlaridan biri media komponenti - tahliliy jurnalistika, faktcheking va davlat xaridlari monitoringini rivojlantirishdir.
Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) saytida davlat xaridlari tizimidagi samarasiz xarajatlar, qonunbuzarliklar va korrupsiya xavflariga bag‘ishlangan 40 dan ortiq jurnalistik tergov va tahliliy materiallar e’lon qilingan.
Jurnalistlar shaffof bo‘lmagan xarajatlarni qanday fosh etadi?
Nashrlar davlat xaridlari sohasida hisobdorlik masalasi qanchalik dolzarb ekanligini ko‘rsatadi. "O‘zatom" agentligi Samarqanddagi konferensiyaga 5,9 mlrd so‘m sarfladi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) rahbari Rafael Grossining yashashiga bir kecha uchun byudjetdan 25 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan.
Davlat xaridlari ko‘pincha kechroq o‘tkaziladi, masalan, Andijonda 8-martga qadar 198 million so‘mlik banket uchun shartnoma tadbir o‘tkazilgandan so‘ngimzolangan.
Eng katta muammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar bo‘lib qolmoqda. Bir qator davlat organlari va davlat tashkilotlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni amalga oshirish taqiqlandi, biroq taqiqqa qaramay, ular buni amalga oshirishda davom etmoqda. Shunday qilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi 2024-yil oktyabr oyida 1,6 milliard so‘mga inson insulinini sotib oldi. Shu bilan birga, mutaxassislarning ta’kidlashicha, sotib olingan insulinning sifati unchalik yaxshi emas.
"Navoiyuran" ham 5,1 trillion so‘m (401,6 million AQSh dollari)dan ortiq tovarlar va xizmatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni amalga oshirmoqda.
"Trest-12" AJ 8,7 trillion so‘mlik (671 million AQSh dollari) yirik davlat shartnomalarini tendersiz qo‘lga kiritgan. Ushbu shartnomalarni kompaniya sobiq Qurilish vaziri Botir Zokirovning rafiqasi va o‘g‘li aksiyadorlar ro‘yxatida bo‘lganida olgan.
Toshkent sobiq hokimining jiyani Ismoil Isroilov ta’sischiligidagi kompaniya 2023-yil may oyidan buyon 12,6 milliard so‘mdan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2023-yilning yanvarida iste’foga chiqarilgan edi.
MJDC’ning boshqa nashrlarida "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ sanksiyalar ostida qolgan kompaniyalardan 121,15 million rubl (1,2 million AQSh dollari) miqdoridagi tovarlarni qanday sotib olgani ko‘rsatilgan.
“Uskunalar xaridi sanksiyaga kiruvchi faoliyat hisoblanmaydi. Ammo agar xohlashsa, AQSh yoki G'arbdagi qaror gabul qiluvchi shaxslar "O'zbekiston temir yo'llari"ni sanksiyalar ro'yxatiga kiritish uchun sabab topishlari mumkin. Chunki uskunani xarid qilish orqali “O'zbekiston temir yo'llari” bilvosita "Rossiya temir yo’llari" foydasini oshiradi, soliqlarni to‘laydi, foydani ko‘paytiradi, deb tanbeh berish mumkin bo‘ladi. Demak, "O'zbekiston temir yo'llari" sanksiya ostidagi kompaniyaning foyda olishiga va bu foyda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini moliyalashtirishga ham bilvosita hissa qo’shadi. Shu bois, bunday holat ikkilamchi sanksiyalarga sabab bo'lishi mumkin", - deydi siyosatshunos Temur Umarov.
Muammolar faqat poytaxtda emas. Samarqand viloyatidagi bolalar bog‘chalaridan birida ikki kun go‘sht bo‘lmagani aniqlandi, garchi hujjatlarga ko‘ra, muassasa mahsulot yetkazib berish bo‘yicha amaldagi shartnomalarga ega bo‘lgan.
Davlat xaridlari sohasidagi ekspert, moliyachi Komol Niyozovning ta’kidlashicha, nazorat organlari huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun real vakolatlardan mahrum:
“Bugungi kunda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Antimonopoliya qo‘mitasi kuzatuvchi sifatida harakat qilmoqda - ularning amaliy ta’sir kuchi yo‘q”.
Shaffoflik korrupsiyaga qarshi vosita sifatida
EGED aynan davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fuqarolar va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq va tushunarli qilishga qaratilgan loyihadir. Dastur doirasida o‘qitilgan jurnalistlar qonunbuzarliklarni aniqlash va davlat xarajatlarini kuzatib borish uchun ochiq manbalar, davlat portallari va Open Contracting Data Standard (OCDS) xalqaro standartlaridan foydalanadilar.
Masalan, Yangiyo‘l shahrida yo‘l qurilishi uchun 805 million so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, amalda atigi 575 million so‘m mablag‘ ajratilgan - natijada yo‘l butun loyiha bo‘yicha qurilmay qolgan. Xiva tumanida esa aholi smeta hujjatlaridagi ma’lumotlar bilan amaldagi ishlar o‘rtasidagi tafovutdan shikoyat qilgan. Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida asfalt bir yildan kam vaqt ichida yemirilib ketgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Milliy kengash yig‘ilishida xizmat avtomobillaridan foydalanishni keskin qisqartirishni hamda mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar va mebellardan foydalanish talabini qo‘ygan edi.
Jurnalistlarning aniqlashicha, iqtisod qilish o‘rniga bir xil qimmatbaho avtomobillarni boshqasiga almashtirib, byudjet mablag‘larini samarasiz sarflash davom etmoqda.
Anhor.uz portali xabar berishicha, Bosh prokuratura jurnalistik so‘rovdan so‘ng Tahoe avtomobilini xarid qilishni bekor qildi - bu oshkoralik korrupsiyaga qarshi samarali vositaga aylanishi mumkinligiga misol.
Nega bu muhim?
EGED davlat xaridlarining ochiqligi nafaqat ma’lumotlarga kirish masalasi, balki hisobdorlik va ishonchni ta’minlash vositasi ekanligini ko‘rsatdi. Media-komponent doirasida tayyorlangan materiallar fuqarolarga o‘z soliqlari qanday sarflanayotganini tushunishga, davlat organlariga esa tizimdagi kamchiliklarni aniqlashga yordam bermoqda. Biroq tegishli tuzilmalar tomonidan munosabat bildirilmasa, bu ish bir tomonlama bo‘lib qoladi.
EGED media komponenti jurnalistlar, tahlilchilar va faollarni birlashtirgan holda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarning muhim qismiga aylandi. Ikki yil ichida milliardlab so‘mlik davlat xaridlaridagi qonunbuzarliklarni fosh etuvchi 40 dan ortiq tahliliy, jumladan, investigativ (surishtiruv) materiallar tayyorlandi. Ammo korrupsiyaga qarshi haqiqiy ta’sir ko‘rsatish uchun davlat institutlarining faol ishtiroki zarur. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining e’tiborsizligi shaffoflikni bir tomonlama - ko‘rinadigan, ammo amaliy harakatlar bilan mustahkamlanmagan holatga aylantirib qo‘ymoqda.
P.S. 2025-yil 22-23-oktyabr kunlari poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining tashabbusi asosida har yili o‘tkazib kelinayotgan “Antikorrupsiya haftaligi”ning markaziy tadbiri bo‘lgan V Toshkent antikorrupsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
"An’anaga ko‘ra, bu yilgi Toshkent aksilkorrupsiya forumi doirasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga faol hissa qo‘shayotganlar alohida e’tirof etildi", - deyiladi agentlik axborotida.
EGED loyihasi jamoasiga bunday muhim “jamoatchilik muloqoti”ning bir qismi bo‘lish sharafi nasib etmadi. Shunga qaramay, biz fuqarolik jamiyati va media sohasidagi barcha hamkasblarimizni Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tomonidan berilgan “alohida e’tirof” bilan chin dildan tabriklaymiz. Ishonchimiz komilki, siz nafaqat amaliy harakatlar, balki ta’sir darajasida ham media imkoniyatlari va vositalari orqali korrupsiyaga qarshi kurashning asosiy jihatlari haqida auditoriyaning xabardorligini oshirishga katta, sezilarli hissa qo‘shmoqdasiz. Aynan insonlarning korrupsiyaga bo‘lgan munosabatini toqat qilmaslik darajasigacha o‘zgartirish orqaligina, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikni ifodalovchi qadriyatlar tizimini saqlash va mustahkamlashga yo‘naltirilgan antikorrupsiya madaniyatini shakllantirish haqida so‘z yuritish mumkin bo‘ladi.