Yangiliklar

OIV O‘zbekistonda — 2025

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda OIV epidemiyasi global tendensiyalarga zid ravishda oshib bormoqda, va O‘zbekiston mintaqa dinamikasini belgilayotgan asosiy davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu statistika fonida asosiy muammo tibbiyot emas, balki tizimga bo‘lgan ishonch — oshkoralikdan qo‘rquv va jazodan xavotir profilaktikadan hamon kuchliroq.
1-dekabr jahon OITSga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tahliliy sharh.
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda OIV epidemiyasi global tendensiyaga zid tarzda davom etmoqda — mintaqada yangi holatlar va OITS bilan bog‘liq o‘limlar soni oshib bormoqda. UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda mintaqada taxminan 140 mingta yangi holat qayd etilgan — bu 2010-yilga nisbatan +20%. Shu davr ichida OIVdan o‘lim 34% ga oshgan. Mintaqa rasmiy ravishda “2030-yilga borib OITSni tugatish” global maqsadidan ortda qolmoqda.
Shu fonda O‘zbekiston oddiygina “mintaqa davlatlaridan biri” emas, balki dinamikaning asosiy tugunlaridan biriga aylanmoqda: UNAIDS ma’lumotiga ko‘ra, to‘rtta davlat — Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina va O‘zbekiston — VECA (Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo) mintaqasidagi yangi holatlarning 92% ini tashkil qilmoqda. Shu bois Toshkentning har qanday qarori — ayniqsa huquqiy va ijtimoiy sohalarda — milliy chegaralardan ancha uzoqqa ta’sir ko‘rsatadi.
Epidemiyaning jinsiy yuqish tomonga siljishi
Mintaqada OIV haqidagi rasmiy narrativlar uzoq vaqt “giyohvandlik bilan bog‘liq muammo” obraziga suyanib kelgan edi. Ammo manzara murakkablashdi. UNAIDS qayd etishicha: xavfli inʼyektsion amaliyotlar hanuz muhim (mintaqadagi yangi holatlarning 27% i bilan bog‘liq), biroq 2010–2022-yillar oralig‘ida inʼyektsion narkotik iste’mol qiluvchi odamlar orasidagi yangi infeksiyalar 10% ga kamaygan.
Shu bilan birga UNAIDS jinsiy yo‘l bilan yuqish bilan bog‘liq bir nechta asosiy guruhlarda keskin o‘sishni qayd etmoqda — jumladan MSM (erkaklar bilan jinsiy aloqada bo‘ladigan erkaklar) va tijoriy jinsiy xizmat segmeti (VECA baholari). Bu burilish natijasida muvaffaqiyat endi faqat klinik protokollarga emas, balki odamlar testdan o‘tish va profilaktikaga murojaat qilishda o‘zini qay darajada xavfsiz his qilishiga bog‘liq bo‘lmoqda.
Milliy ma’lumotlar ham epidemiya profilining o‘zgarayotganini ko‘rsatadi. Sog‘liqni saqlash vazirligining Anhor.uz’ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 1-oktyabr holatiga O‘zbekistonda OIV bilan yashayotganlar soni 51 847 nafarni tashkil etadi. Yuqish yo‘llari strukturasida jinsiy aloqa tobora ustunlik qilib bormoqda: holatlarning 79% — jinsiy yo‘l, 12,7% — parenteral yo‘l, yana 7,7% holatlarda yuqish omili aniqlanmagan. Bu esa samarali javobni nafaqat klinik protokollar, balki odamlarning test topshirish va profilaktik xizm atlarga murojaat qilish xavfsizligiga bog‘lab qo‘yadi.
Tizimning tor jabhalari
Agar faqat klinik ko‘rsatkichlarga qaralsa, O‘zbekiston zamonaviy yondashuvga moslashgan davlat sifatida ko‘rinadi: milliy protokollar АRV-terapiyani erta boshlashni nazarda tutadi — “tashxis qo‘yilgan kuni” yoki imkon qadar tezroq, jumladan dastlabki 7 kun ichida. Bu global “tez davolash — demak, oldini olish” (treat fast — prevent) mantig‘iga mos keladi.
ARV-terapiya — bu OIVni bostiradigan va odamga uzoq, to‘laqonli hayot kechirish imkonini beradigan davolashdir. Erta boshlash — tashxis qo‘yilishi bilan darhol boshlash, immunitet tushishini kutmasdan: bu “aniqlash va darhol davolash” (Test & treat) yondashuvining asosi.
O‘zbekiston klinik protokollarida OIVni davolashning zamonaviy sxemalari belgilangan. Shifokorlar odatda “birinchi qator” deb ataladigan sxemadan boshlashadi — bu tashxisdan keyin ko‘pchilikka mos keladigan asosiy standart preparatlar majmuasi. Ulardan biri dolutegravir (DTG) preparatini o‘z ichiga oladi — u ko‘plab davlatlarda qo‘llanadi, chunki virusni yaxshi bostiradi va virus yuklamasini tez pasaytirishga yordam beradi. Ammo aynan shu yerda asosiy paradoks boshlanadi: tizimga murojaat qilish xavfli bo‘lib qolganida, eng yaxshi protokollar aholiga emas, hisobotlarga ishlay boshlaydi.
Huquqiy muhit — xavf omili sifatida
OIVga qarshi kurashda eng zaif bo‘g‘in ko‘pincha tibbiyotning o‘zida emas. Tizim odamlar yordam so‘rashdan qo‘rqadigan joyda yutqaza boshlaydi. Oshkor bo‘lish, sanksiya, “maqom tarqalishi”, ish joyidagi yoki oiladagi oqibatlardan cho‘chish bemorni “xavfli holatga”, shifokorga borishni esa potentsial tahdidga aylantiradi. Natijada ayrimlar test va davolash o‘rniga sukutni tanlaydi.
OIVni jinoyatlashtirish va “xavf” yoki kasallik uchun jazolash
O‘zbekiston Jinoyat kodeksi OIV “yuqtirish xavfi tug‘dirish” yoki real yuqtirish uchun javobgarlik belgilaydi. 113-moddaning 4-qismiga ko‘ra, bu uchun besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi mavjud.
Bunday normalar “test & treat” yondashuvi bilan bir nechta sababga ko‘ra mos kelmaydi:
• huquqiy jihatdan “xavf” bilan real yuqish chalkashib ketadi;
• javobgarlik faqat OIV bilan yashayotgan odam zimmasiga yuklangandek ko‘rinadi;
• tashxis “huquqiy langar”ga aylansa, odamlar testdan qochishga moyil bo‘ladi.
Bu orada tibbiyot OIVning o‘z maqomini ancha o‘zgartirgan: JSST OIVni terapiyada bo‘lgan insonni uzoq, to‘laqonli hayot kechirishga imkon beruvchi holat sifatida tasvirlaydi. N=N tamoyili (virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajada bo‘lsa — yuqmaydi) xalqaro darajada tan olingan: virus bosimlangan bo‘lsa, jinsiy yuqish sodir bo‘lmaydi.
Shu sabab ko‘plab davlatlar “alohida jazolovchi” normalardan voz kechmoqda — ular zamonaviy ilm-fan va profilaktika bilan mos kelmaydi.
Chet eldan qaytganlar uchun majburiy test
2025-yilda O‘zbekistonda 18–60 yoshdagi, chet elda 90 kundan ortiq bo‘lgan fuqarolar hamda ish yoki yashash uchun kelayotgan chet elliklar uchun majburiy OIV testi talabi ilgari surildi.
Bunday normalar amalda tezda ijtimoiy signallarga aylanadi: uzoq safar yoki mehnat migratsiyasi “avtomatik xavf” sifatida talqin qilinadi. Xalqaro ekspertlar bunday majburiy testlar barqaror profilaktik natija bermasligini, sog‘liqni saqlash tizimiga ishonchni pasaytirishini ta’kidlaydi. Ular ixtiyoriy va maxfiy test, maslahatlashuv hamda profilaktik vositalarni almashtira olmaydi.
Bundan tashqari sof tibbiy xavf mavjud: OIV yuqtirilgandan so‘ng darhol aniqlanmaydi — “diagnostik oyna” deb ataladigan davr bor. Bu davr test turiga qarab laboratoriya usullarida 10–45 kun, ayrim ekspress-testlarda undan uzun bo‘lishi mumkin. Demak, majburiy tekshiruv erta aniqlashni kafolatlamaydi; u ko‘pincha nazorat ko‘rinishini beradi, xolos.
Maxfiylik va tibbiyotning huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan aloqasi
Tibbiy ma’lumot “tashqariga chiqishi” haqidagi bitta barqaror mish-mishning o‘zi test topshirishni to‘xtatish uchun yetadi — ayniqsa oshkoralik narxi oila, ish yoki jamiyat bosimiga teng bo‘lgan guruhlarda. Bu shuni anglatadiki, testlar mavjud bo‘lsa ham, odamlarning bir qismi ulargacha yetib bormaydi.
O‘zbekistonda bu zaiflikni tibbiyot va huquqni muhofaza qiluvchilarning rasmiy hamkorligi kuchaytiradi. Gap OIV markazlarining kriminal qidiruv bo‘limlari bilan hamkorligi haqidagi 2019-yil 20-avgustdagi №66 qo‘shma qaror bilan tasdiqlangan yo‘riqnoma haqida ketmoqda. Jamoaviy ongda “shifokor xabar berdi — kuch tuzilmalari bildi” bog‘lanishi paydo bo‘lsa, o‘zini himoya qilish instinkti ishga tushadi: odamlar tizimdan chetlashishni boshlaydi. Ular kamroq test topshiradi, kontakt qoldirmaydi, natija uchun qaytmaydi, profilaktika va davolash dasturlaridan tashqariga chiqadi — aynan o‘sha dasturlar kim uchun tuzilgan bo‘lsa, o‘shalar uchun.
O‘zbekiston klinik jihatdan to‘g‘ri protokollarga ega bo‘lishi mumkin — baribir epidemiyani yutqazishi ehtimoli bor, agar huquqiy muhit test va davolanishni ijtimoiy xavfli tanlovga aylantirsa.
2025-yilda OIVga qarshi kurashning eng muhim resursi — nafaqat dori, balki ishonch. Ishonch yo‘qolsa, epidemiyaning tezlashuvi aynan shundan boshlanadi.
OIVning onadan bolaga yuqishini oldini olish bo‘yicha O‘zbekistondagi natijalar — yuksak darajada
Tizim xavf emas, oddiy va tushunarli tibbiy xizmat sifatida ishlaganda qanday natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatadigan eng yorqin misollardan biri — bu O‘zbekistonda OIVning onadan bolaga yuqishini oldini olish dasturi.
Mantiq oddiy: homiladorlik tibbiy kuzatuvda bo‘ladi, ayol poliklinikaga ro‘yxatga turadi, muntazam tekshiruvlardan o‘tadi, shifokor ko‘rsatmalarini oladi. Ta’kidlash kerak, homiladorlarning OIV testi pullik.
UNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda homilador ayollarning qariyb 95 foizi homiladorlik davrida OIV testi topshiradi yoki oldindan ma’lum bo‘lgan status bilan keladi. Bu degani, shifokorlar OIV haqida tug‘ruqxona eshigida emas, balki homiladorlik kuzatuvi jarayonidayoq xabardor bo‘ladi va ARV-terapiyani erta boshlab, virus yuklamasini tug‘ruqqa qadar maksimal pasaytirishga harakat qiladi. Virus yuklamasi qanchalik past bo‘lsa, yuqish xavfi shunchalik kam.
Natija esa deyarli ishonib bo‘lmaydigan darajada yuqori. UNICEFning o‘sha tahlilida qayd etilishicha, Respublika OITSga qarshi kurash markazi ma’lumotlariga ko‘ra:
homiladorlarning 99 foizi test bilan qamrab olingan, onadan bolaga yuqish darajasi esa — atigi 0,2 foiz.
Bu o‘sha mashhur ko‘rsatkich: “bolalarning 99 foizdan ortig‘i OIVsiz tug‘iladi”.
Endi bu model siyosiy darajada mustahkamlanmoqda. UNICEF xabariga ko‘ra, 2024-yilda bolaning OIV bilan tug‘ilishini butunlay yo‘q qilish bo‘yicha 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan Milliy “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. U yiliga bir millionga yaqin homilador ayol uchun xizmatlar sifatini oshirishni maqsad qiladi. UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra esa, vertikal yuqishni oldini olish uchun ARV-dori olayotgan homiladorlarning qamrovi 2016-yildan beri 98 foiz atrofida.
Xulosa o‘rnida
O‘zbekiston tizim xizmat sifatida barqaror ishlagan joyda OIVni boshqarishni o‘rgangan, biroq qo‘rquv va jazolash mexanizmlari ishga tushgan joyda tizim yutqaza boshlaydi.
Yutuqlar aniq va ularni bemalol tilga olish mumkin:
- OIVni davolash bepul — bu “aniqlash va davolash” strategiyasining poydevori.
- Klinik yondashuv zamonaviy — terapiya iloji boricha erta boshlanadi, bu virusni tezroq bostirish va xavflarni kamaytiradi.
- Eng yorqin natija — onadan bolaga yuqishni oldini olish. Test homiladorlik kuzatuvi tarkibiga kirganda, hamroh tizim takrorlanadigan va aniq bo‘lganda, mamlakat deyarli nol xavf ko‘rsatkichiga chiqdi.
Ammo aynan shu muvaffaqiyat tizimning nozik nuqtasini ham ko‘rsatadi: bu natija ishonch va oldindan aytib bo‘ladigan xizmatga tayanadi. Odam testdan va shifokordan qo‘rqmasligi kerak. Ammo stigma, oshkor bo‘lishdan cho‘chish va qonuniy oqibatlar xavfi ko‘plab insonlarni yordamdan uzoqlashtirib, infeksiya tarqalishiga bevosita ta’sir qiladi.
Bu sharoitda yutuvchi — “qattiqroq norma qo‘ygan” tizim emas.
Yutuvchi — odam testdan qo‘rqmaydigan, maslahatdan qo‘rqmaydigan, davolanish uchun qaytishdan qo‘rqmaydigan tizimni yaratgan davlat.
Va, ehtimol, bu mavzudagi eng to‘g‘ri fikrni men rasmiydan emas, stomatolog kabinetidan eshitganman. Men undan so‘radim: odamning tashqi ko‘rinishidan statusini bilib bo‘lmaydigan vaziyatda infeksiyadan qo‘rqmaydimi? U juda xotirjam javob berdi:
“Men uchun har bir bemor — potensial tashuvchi. Bu qo‘rqinchli emas: ehtiyot chorasi hamma uchun bir xil”.
Bu fikr — jamoat salomatligining pishiq mantig‘i. Xavfsizlik “kim shubhali?” degan tamoyilda emas, balki umumiy standartlar, universal ehtiyot choralar, maxfiy testlar, tamg‘asiz va xavfsiz davolashda yotadi.
O‘zbekiston onadan bolaga yuqishni amalda nolga tushirish orqali bu yondashuvning ishlashini isbotladi. Endi vazifa kattaroq — shu ishonch va xizmat mantig‘ini testdan qo‘rqayotgan, yordam so‘rashdan cho‘chiyotgan barcha insonlar uchun kengaytirish.
Lola Islamova
Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul bo‘lib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas.
#ZoravonlikkaQarshi16Kun
Tabassum