Yangiliklar

Nafaqat yangiliklar, balki jurnalistikaning kelajagi haqida ham gaplashishga tayyormisiz?

So‘z erkinligi, gender tengligi, dezinformatsiya, raqamli huquq va javobgarlikning yangi standartlari — bugun O‘zbekistondagi media makonni shakllantirayotgan asosiy mavzulardir. Aynan shu yo‘nalishlar 30-aprel – 1-may kunlari Toshkentda, har yili o‘tkaziladigan milliy Media Ayvon–2026 forumi doirasida bo‘lib o‘tadigan EU-Tabassum milliy konferensiyasi markazida bo‘ladi.

Ikki yil davomida EU Tabassum (Smile): O‘zbekistonda gender tengligini ilgari surish va yosh ayollarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan media ko‘nikmalar loyihasi yangi bosqichni boshlab berdi: ayollar va yoshlarning ovozini kuchaytirdi, tahririyatlarga amaliy vositalar taqdim etdi hamda ilgari yetarlicha yoritilmagan murakkab mavzularni kun tartibiga olib chiqdi. Bugun bu tajriba sun’iy intellekt davrida jurnalistika qanday qoidalar asosida rivojlanishi kerakligi haqidagi kengroq muloqot uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ikki kunlik konferensiya media sohasi vakillarini — muharrirlar va ekspertlardan tortib davlat organlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillarigacha — muhim savollar atrofida birlashtiradi: so‘z erkinligining chegaralari qayerda, kontent uchun javobgarlik qanday o‘zgaradi va raqamli muhitda huquqning o‘rni qanday? Dastur markazida 2025–2026 yillardagi real holatlar va sud amaliyoti tahliliga bag‘ishlangan media qonunchiligi hamda raqamli huquq bo‘yicha davra suhbati, shuningdek jurnalistlar huquqlarini himoya qilish va o‘zini o‘zi tartibga solish masalalariga oid ochiq muloqot o‘rin olgan.

Dasturdan hududiy jamoalar va ularning media loyihalari taqdimotlari, EduSmile.uz gender platformasining tahliliy natijalari, sun’iy intellekt davrida etika va faktcheking masalalariga bag‘ishlangan panel muhokama, shuningdek Human House galereyasi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Ozod bo‘lish. Ozod so‘zlash” nomli kechki performans ham o‘rin olgan.

Konferensiya translatsiyasi onlayn formatda: https://us06web.zoom.us/j/84442766363?pwd=zLO8LTdf9FiOJAtHlpPxrPQOra7W9E.1 ham mavjud bo‘ladi — yangilanishlarni kuzatib boring.
Tadbirning borishi haqida shu yerda: https://t.me/mjdc_uz, kanalimizda ma’lumot berib boramiz.

"Yevropa Ittifoqi Tabassum:
O'zbekistonda gender tengligini targ'ib qilish va yosh ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun media qobiliyatlari" loyihasi DW Akademie tomonidan Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilmoqda va Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda.
2026-04-16 14:09 Yangiliklar Tabassum