Yangiliklar

Erkin bo‘lish. Erkin so‘zlash

Toshkentda “Media Ayvon” forumi doirasida O‘zbekiston Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tashabbusi bilan “Erkin bo‘lish. Erkin so‘zlash.” shou-performansi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu oqshom turli tajriba va turlicha taqdirlarga ega bo‘lgan ayollarni — jurnalistlar, faollar va ekspertlarni bir davraga jamladi. Kundalik hayotda ularni so‘z bilan ishlash, fuqarolik pozitsiyasi hamda atrofda sodir bo‘layotgan voqealarga nisbatan befarq bo‘lmagan qarashlar birlashtirib turadi. Bu yerda esa ularni sahna muhiti va botayotgan quyoshning mayin nurlari birlashtirdi — bu shunday nurki, unda barchasi xotirjamroq va aniqroq idrok etiladi.
Podiumga professional modellar emas, balki har kuni so‘zlaydigan, yozadigan, savol beradigan va kun tartibini belgilaydigan ayollar chiqishdi. Ularning har bir chiqishi g‘oyatda shaxsiy xarakterga ega bo‘lib, har bir harakatda o‘ziga xos fe’l-atvor, qat’iyat va o‘ziga xos marom sezilib turdi.
“Human Wear” brendi va dizayner Lola Sayfining namoyishni ochib bergan ilk kolleksiyasi butun oqshomga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi. Qo‘lda tikilgan milliy naqshlar botayotgan quyosh nurlarida mayin jilvalandi. Mato go‘yo yorug‘likni o‘ziga “jo etgandek” edi va bu holatda ajib bir bog‘liqlik — xotira bilan, an’analar bilan hamda bugungi kunda o‘z qismatlarini davom ettirayotgan ayollar bilan uzviy aloqa hissi namoyon bo‘ldi.

Lola Sayfi kolleksiyasi

Dina Sayfining kolleksiyasi

Namoyish etilgan ikkinchi navbatdagi — dizayner Dina Sayfining kolleksiyasi o‘z kayfiyatiga ko‘ra ancha zamonaviy bo‘ldi. Unda an’anaviy matolar yangicha talqinda qayta ishlanib, dolzarb shakllarga uyg‘unlashtirildi. Liboslar bichimi qat’iyat va aniqlikni aks ettirdi, obrazlarning o‘zi esa ishtirokchilarning — jamiyat hayotida faol va yetakchi ayollarning xarakteri bilan uyg‘unlashib ketdi.

“Erkin bo‘lish. Erkin so‘zlash” nominatsiyasi

Oqshom avvalida “Ipak Yuli Bank”ning marketing va PR bo‘yicha direktori Nana Mardoyan tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. U “She’s Next” tashabbusini tanishtirar ekan, ayollarni professional hamda tadbirkorlik muhitida qo‘llab-quvvatlash muhimligini alohida ta’kidlab, tadbirning umumiy ruhini belgilab berdi.
Oqshomning alohida qismi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tomonidan ilk bor ta’sis etilgan nominatsiyalarni topshirish marosimi bo‘ldi. Ushbu blok tadbirning asosiy mavzusini — so‘z kuchi, fuqarolik pozitsiyasi va mas’uliyat haqidagi muloqotni davom ettirdi.

Taqdirlanganlar orasida Anhor.uz jurnalisti Dana Oparina, Vaqt.uz jurnalisti Feruza Najmiddinova va Nemolchi.uz loyihasidan Nigina Xudaybergenovalar bor. Ularning faoliyati turlicha mavzular bilan bog‘liq bo‘lsa-da, ijtimoiy masalalarga bo‘lgan e’tibor, ayollarni qo‘llab-quvvatlash hamda murakkab mavzular haqida aniq va tushunarli so‘zlay olish mahorati ularni birlashtirib turadi.
Shuningdek, auditoriya bilan barqaror ishlash hamda jamiyat miqyosida o‘zgarishlarni amalga oshirish qobiliyatini namoyon etgan nodavlat notijorat tashkilotlari — “Azim Tafakkur” NNT va “Ilm Nuri” NNT alohida nominatsiyalar bilan taqdirlandi.

Barcha ishtirokchilar “Artel” kompaniyasining esdalik sovg‘alariga ega bo‘lishdi.
“Biz o‘zgarishlar insonlardan — ularning g‘oyalari, mehnati va muhim masalalar haqida so‘zlashga bo‘lgan tayyorligidan boshlanishiga ishonamiz. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash — bu ushbu ovozlar erkin yangrashi va eshitilishi mumkin bo‘lgan muhitga qo‘shilgan hissadir”, — dedi taqdirlash marosimida “Artel” matbuot xizmati rahbari Nargiz Shoislamova.
Shou-performans “Visa” kompaniyasi va uning “She’s Next” global tashabbusi, “Ipak Yuli Bank”, “TBC Bank” hamda “Artel” kompaniyasi ko‘magida tashkil etildi.

Bu oqshom nafaqat suratlarda, balki har bir insonning qalbida juda shaxsiy va teran his-tuyg‘ular bilan muhrlanib qoldi. Mazkur tadbir bir xil ma’no-mazmun turlicha aks etishi mumkinligini va bu ovozning eshitilishi naqadar muhimligini yana bir bor yodga soldi.
Yangiliklar Tabassum Hamkor loyihalar