Yangiliklar

Internet-bulling (kiberbulling): faktlar va afsonalar

Raqamli muhit tazyiqni yanada shafqatsiz va doimiy qildi. Ammo ko‘plar hanuzgacha bu xavfni yetarlicha baholamaydi va zo‘ravonlikni o‘z vaqtida payqash hamda o‘zini himoya qilishga to‘sqinlik qiladigan afsonalarga ishonishda davom etmoqda.
Raqamli zo‘ravonlik xavfini anglash uchun bir nechta real voqealarga nazar tashlash kifoya. O‘zbekistonda 2023 yilda Urgutlik 18 yoshli qiz Telegram’da uning fotosuratlari haqoratli izohlar bilan tarqatilgach, o‘z joniga qasd qildi — bitta nashrning o‘zi tazyiq to‘lqinini boshlab yuborishi va insonni tayanchdan mahrum qilishi uchun yetarli bo‘ldi.
Dunyoning turli mamlakatlarida jurnalistlar, faollar va oddiy odamlar har kuni tizimli onlayn hujumlarga duch kelmoqda. Filippinlik jurnalist va tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Mariya Ressa raqamli shafqatsizlikka qarshilik ramziga aylandi: ko‘p yillar davomida u qotillik tahdidlari, jinsiy mazmundagi haqoratlar, troll fermalari va bot tarmoqlari hujumlariga duch keldi.
Internet-bulling (kiberbulling): faktlar va afsonalar
Photo by Denise Applewhite, Office of Communications
Finlyandiyalik jurnalist Jessika Aro troll fabrikalar faoliyati bo‘yicha o‘tkazgan tergovidan so‘ng xalqaro ta’qib kampaniyasining nishoniga aylangan: Uning shaxsiy ma’lumotlari oshkor qilinishi, tahdidlar va obro‘sizlantirish harakatlari uni jim qilishga qaratilgan tizimli bosimning bir qismiga aylandi.
Internet-bulling (kiberbulling): faktlar va afsonalar
MediaNews Group via Getty Images
Yana bir misol – pokistonlik jurnalist Gharida Farooqi. U jamoat oldida bildirgan fikridan so‘ng keng ko‘lamli tazyiq kampaniyasiga uchradi: unga yuzlab haqoratlar va hatto o‘lim tahdidlari yuborilgan.
Internet-bulling (kiberbulling): faktlar va afsonalar
Фото:ifj.org
Bu hikoyalar ko‘lami, mamlakatlari va sharoitlariga ko‘ra turlicha, ammo ularni bir narsa birlashtiradi: kiberbulling har doim odamni jim bo‘lishga, xatti-harakatlarini o‘zgartirishga, ishonchni yo‘qotishga yoki o‘zini yo‘qotishga qaratilgan.
Aynan shu sababli, muammoni boricha ko‘rish va o‘zini hamda boshqalarni himoya qilishga qodir bo‘lish uchun kiberbulling haqidagi eng keng tarqalgan noto‘g‘ri tushunchalarni tahlil qilish muhimdir.
1-AFSONA. «Kiberbulling – bu shunchaki qo‘pol yozishma»
Hukm: YOLG‘ON
Kiberbulling – bu «bir juft yoqimsiz xabar» degan fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Amaliyotda raqamli vositalardan foydalangan holda tizimli ta’qib qilish haqida gap ketmoqda: tahdidlar, shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish (doxxing), soxta akkauntlar yaratish, manipulyatsiya, ommaviy ta’qiblar, intim suratlar bilan shantaj qilish va guruhlarni jalb qilish. Oflayn zo‘ravonlikdan farqli o‘laroq, raqamli bosim ko‘pincha kecha-yu kunduz sodir bo‘ladi va raqamli iz ta’qibni takrorlanishiga olib keladi.
UNICEF ning ta’kidlashicha, kiberhujum «texnologiyalar yordamida hissiy zarar yetkazishga qaratilgan barqaror xatti-harakatlar»dir. EU Kids Online tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, bolalar va kattalar onlayn tajovuzni oflayn tajovuzdan ko‘ra ko‘proq buzg‘unchi deb ta’riflaydilar: odam tarmoqdan «qochib keta olmaydi» va tajovuzkor anonim harakat qilishi mumkin, bu esa ojizlik hissini kuchaytiradi.
2-AFSONA. «Onlayn zo‘ravonlik haqiqiy zo‘ravonlik kabi xavfli emas»
Hukm: YOLG‘ON
Keng tarqalgan fikrga qaramay, raqamli zo‘ravonlikning psixologik oqibatlari real hayotdagi jismoniy yoki hissiy zo‘ravonlik ta’siri bilan taqqoslanadi. JSST kiberbullingni depressiya, vahima xurujlari, surunkali stress va ijtimoiy izolyatsiya rivojlanishi uchun xavf omillaridan biri deb ataydi. Hinduja & Patchinning 25 mingdan ortiq o‘smirlar ustida o‘tkazgan tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, raqamli zo‘ravonlik qurbonlari faqat oflayn zo‘ravonlikka duch kelganlarga qaraganda o‘z joniga qasd qilish fikrlarini 2-3 baravar ko‘proq his qilishadi.
Onlayn ta’qibning o‘ziga xosligi shundaki, inson har safar telefon yoki ijtimoiy tarmoqlarni ochganida tajovuz takrorlanadi.
UNESCO hisobotida aytilishicha, «raqamli zo‘ravonlik materiallarning doimiy mavjudligi va auditoriyaning cheklanmaganligi tufayli psixologik ta’sirni kuchaytiradi.»
3-AFSONA. «Kiberbulling – bu o‘smirlar muammosi, kattalarga tegishli emas»
Hukm: YOLG‘ON
Statistika buning aksini ko‘rsatmoqda: kiberbulling – yoshlararo muammo. Pew Research Center ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda katta yoshlilarning 41% onlayn xarasmentga uchragan, 75% esa uni boshqalarga nisbatan kuzatgan. Ayol jurnalistlar, faollar va huquq himoyachilari eng zaif toifalardan biri hisoblanadi: UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistlarning 73% onlayn zo‘ravonlikka, jumladan, zo‘rlash tahdidlari, irqchilik xabarlari, doksing va ta’qib qilish kampaniyalariga duch kelgan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar, LGBTQ+ hamjamiyatlari, muhojirlar va faollar ham kattalar uchun xavf guruhiga kiradi. Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (OECD) ta’kidlashicha, zaif guruhlarga qarshi raqamli tajovuz o‘smirlarga qaraganda tezroq o‘sib bormoqda.
4-AFSONA. «Agar akkaunt o‘chirib tashlansa, hammasi tugaydi»
Hukm: YOLG‘ON
Akkauntni o‘chirish kamdan-kam hollarda muammoni hal qiladi. EU Kids Online tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, 82% hollarda jabrlanuvchi «g‘oyib bo‘lishga» uringanida, tajovuzkor ta’qibni davom ettiradi, yangi akkauntlar yaratadi yoki boshqa platformalardan foydalanadi. Raqamli iz ham saqlanib qoladi: skrinshotlar (ekran rasmi), yuborilgan xabarlar va saqlangan suratlar profil o‘chirilishidan qat’i nazar tarqalishda davom etadi.
Bundan tashqari, jabrlanuvchining g‘oyib bo‘lishi tizimli ta’qib muammosini hal qilmaydi, ba’zan uni yanada kuchaytiradi: tajovuzkor bosim samarali ekanini anglaydi. Xalqaro tashkilotlar (UNICEF, Childnet, Avstraliyaning eSafety Commissioner) agar kerak bo‘lsa, dalillarga ega bo‘lish uchun qoidabuzarliklar hujjatlashtirilmaguncha akkauntni o‘chirmaslikni tavsiya qiladi.
5- AFSONA. «Kiberbullingni oson isbotlash mumkin — axir internetda hammasi saqlanadi»
Hukm: YOLG‘ON
Keng tarqalgan fikrning aksiga o‘laroq, raqamli ta’qibni isbotlash qiyin. Tajovuzkorlar ko‘pincha xabarlarni o‘chiradi, anonim VPN, soxta profillar va vaqtinchalik akkauntlardan foydalanadi. UNODC ma’lumotlariga ko‘ra, raqamli dalillarning 36% o‘z vaqtida qayd etilmasa, dastlabki soatlarda yo‘qolib ketadi. Platformalar yozishmalar jurnallarini uzoq vaqt saqlashga majbur emas va ular har doim ham so‘rovlar bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etmaydi, ayniqsa qoidabuzarlik boshqa davlat huquqiy vakolatiga taalluqli bo‘lsa.
Shu sababli xalqaro tavsiyalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• asl sifatdagi skrinshot (ekran rasmi)larni zudlik bilan olish;
• URL manzili va vaqtni qayd etish;
• tajovuzkor kontent o‘chirib tashlanishidan oldin platformaga shikoyat yuborish;
• tahdid yoki shantaj holatlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish.
6-AFSONA. “Jabrlanuvchilar o‘zlari tazyiqqa sabab bo‘ladi”
Hukm: YOLG‘ON (va xavfli)
Bu afsona viktimbleymingning bir ko‘rinishidir. U mas’uliyatni jabrlanganlarga yuklaydi va tajovuzkorni oqlaydi.
EU Kids Online tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, holatlarning 87% da |jabrlanuvchilar “provokatsiya” sifatida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan hech qanday harakat qilmagan. UNICEF ning ta’kidlashicha, kiberhujumning asosiy omili jabrlanuvchining xatti-harakati emas, balki zarar yetkazish niyatidir.
Viktimbleyming jabrlanuvchilarning yordam so‘rashga moyilligini kamaytiradi, aybdorlik hissini kuchaytiradi va ruhiy kasalliklarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham xalqaro tashkilotlar «o‘zi aybdor,» «yetaklagan,» «qo‘zg‘atgan» emas, «jabrlangan odam» degan neytral tilni tavsiya qiladi.
7-AFSONA. «Ijtimoiy tarmoqlar ta’qiblarga qarshi samarali kurashmoqda»
Hukm: QISMAN HAQIQAT
Platformalar haqoratlarni filtrlash uchun algoritmlar joriy etmoqda, biroq bu usullar samaradorligi past darajada qolmoqda. Center for Countering Digital Hate (2022) tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki:
• Instagram jinsiy zo‘ravonlik tahdidlari haqidagi shikoyatlarning 90% e’tiborsiz qoldiradi;
• TikTok irqchilikka oid haqoratlarning 73% ini e’tiborsiz qoldiradi;
• X (Twitter) nishonga olingan tazyiq (targeted harassment) bo‘yicha shikoyatlarning 60% ini e’tiborsiz qoldiradi.
Sabablar: moderatorlarning yetishmasligi, kontentning katta hajmi va platformalarning foydalanuvchilarni bloklash emas, balki ularni saqlab qolishga tijoriy qiziqishi.
8-AFSONA. «Kiberbulling kamdan-kam hollarda og‘ir oqibatlarga olib keladi»
Hukm: YOLG‘ON
Zamonaviy tibbiy ma’lumotlar buning aksini ko‘rsatmoqda.
JSST (WHO) ogohlantiradi: kiberbulling depressiya, xavotirli buzilishlar, o‘z-o‘ziga zarar yetkazish va o‘z joniga qasd qilish fikrlarining yuqori xavfi bilan bog‘liq.
Avstraliyaning eSafety Commissioner ma’lumotlariga ko‘ra, jabrlanuvchilarning 22% da klinik depressiya, 30% da esa uzoq muddatli uyqu buzilishi kuzatiladi.
UNESCO ning ta’kidlashicha, zo‘rlash, shantaj va jinsiy tazyiq tahdidlari tufayli ayollar uchun oqibatlar ayniqsa og‘ir bo‘lmoqda.
Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul bo‘lib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas
#ZoravonlikkaQarshi16Kun
Yangiliklar FactCheckNet.uz Hamkor loyihalar