Yangiliklar

2025-yil Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni — stigma va zo‘ravonlikka qarshi

O‘zbekistonda 51 mingdan ortiq OIV bilan yashovchi odamlar ro‘yxatga olingan, va bu raqam epidemiya hanuz dolzarb chaqiriq ekanini eslatadi. OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlab, Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi OIV bilan bog‘liq stigma va zo‘ravonlikka qarshi kampaniyani boshlamoqda.
2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda OIV bilan yashovchi 51 087 nafar shaxs ro‘yxatga olingan. Bu raqam epidemiya hanuz dolzarb chaqiriq ekanini, unga davlat, jamiyat va xalqaro hamkorlar tomonidan kompleks va barqaror yondashuv zarurligini eslatib turadi.
Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni va xalqaro “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” tashabbusi doirasida Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi aholining OIV bo‘yicha xabardorligini oshirish, stigma va kamsitishlarni bartaraf etish, ushbu asosdagi zo‘ravonlikning oldini olish hamda har qanday diskriminatsiyaga nisbatan mutlaq murosasizlik tamoyilini targ‘ib etishga qaratilgan axborot-ma’rifiy kampaniyani boshlaydi.
2025 yilgi Butunjahon OITSga qarshi kurash kunining mavzusi: “Chaqiriqlardan — OIVga qarshi kurashdagi islohot va o‘zgarishlarga tomon”.
Har yili 1 dekabr kuni butun dunyodagi insonlar OIV bilan yashayotgan odamlarga hamdardlik bildirish va OITS bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etganlar xotirasini yod etish uchun birlashadilar.
1988 yilda global sog'liqni saqlashga bag'ishlangan birinchi xalqaro kun bo'lgan birinchi Jahon kunidan beri BMT, hukumatlar va fuqarolik jamiyati OIV ta'siridan xabardorlikni oshirish va ushbu kasallik bilan yashayotgan odamlarning huquqlarini himoya qilish uchun kuchlarni birlashtirdi.
Joriy yilning dolzarb mavzusi — “Chaqiriqlardan — o‘zgarishlarga tomon” — OIVga qarshi kurash tizimlarini modernizatsiya qilish, profilaktikani kuchaytirish, davolanish imkoniyatlarining ochiqligi va jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashini faollashtirish zarurligini ta’kidlaydi.
OIV atrofidagi stigma, miflar va noto‘g‘ri tasavvurlar hanuzgacha psixologik, ijtimoiy va iqtisodiy zo‘ravonlikka olib kelmoqda. Insonlar izolyatsiya, diskriminatsiya, mehnat huquqlarining buzilishi, oilaviy bosim hamda yordam so‘rashdan qo‘rqish kabi holatlarga duch kelmoqda.
Biz ta’kidlaymiz: stigma — bu zo‘ravonlikning bir ko‘rinishi. Zo‘ravonlik — mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan hodisa. Zo‘ravonlik va diskriminatsiyaga nisbatan mutlaq murosasizlik tamoyili har bir inson uchun kafolatlanishi shart.
Dunyoning turli mamlakatlarida OITSga qarshi kurash kuni munosabati bilan axborot va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
- Insonlar qizil lenta taqadilar — bu xabardorlik va birdamlikning xalqaro ramzidir.
- OIV bilan yashovchi shaxslar jamoalari o‘z ehtiyojlari va huquqlari haqida ochiq gapirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
- Jamoat tashkilotlari hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash va resurslarni jalb etish uchun sa’y-harakatlarni safarbar qiladi.
- Tadbirlar OIV bilan bog‘liq hozirgi vaziyatga va kurashni davom ettirish zarurligiga e’tiborni qaratadi.
“Biz ilgari gapirilmay kelgan mavzular haqida ochiq gapirish uchun ekspertlar, jurnalistlar, yoshlar va fuqarolik jamiyatini birlashtiryapmiz. OIV — hukm emas, zo‘ravonlik esa — me’yor emas. Bizning materiallarimiz va tashabbuslarimiz har bir ayol, har bir o‘smir va OIV bilan yashayotgan har bir inson shuni bilishi uchun yo‘naltirilgan: ular yolg‘iz emas, ular huquqlarga ega, ularda qo‘llab-quvvatlovchi hamjamiyat va faktlarga asoslangan ma’lumot bor”, — deydi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymаnova.
Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni mamlakatlarga OIV haqiqiy muammo bo‘lib qolayotganini va shuning uchun barqaror moliyalashtirish, kuchli profilaktika tizimi va stigmani kamaytirish bo‘yicha faol ishlarni talab qilishini eslatuvchi muhim sana bo‘lib qolmoqda.
OIVga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Mamlakat BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ma’qullangan global 95-95-95 maqsadlariga erishish majburiyatini olgan. Bu degani:
- 95% insonlar o‘zining OIV-statusini bilishi kerak;
- aniqlanganlarning 95% davolanishni olishi kerak;
- davolanayotganlarning 95% virus yuklamasi bostirilgan holatga erishishi kerak.
Stigma — bu zo‘ravonlik. Zo‘ravonlik — qabul qilib bo‘lmaydigan hodisa.
OIV bo‘yicha test topshiring, tekshirilgan ma’lumotlarni ulashing, atrofingizdagilarni qo‘llab-quvvatlang.
Axborot kampaniyasiga qo‘shiling! Birgalikda ovozimiz yanada kuchliroq eshitiladi!
Qo‘rquv va diskriminatsiyaga o‘rin bo‘lmagan — har bir inson o‘zini xavfsiz his qiladigan jamiyatni birgalikda yarataylik.
Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul bo‘lib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas.
#ZoRavsizlikkaQarshi16Kun
2025-12-01 15:27 Yangiliklar