Gender streotiplari orqali nimalarni yoʻqotyapmiz?
Oʻzbekiston gender tengligini ta’minlash borasidagi siyosatini xalqaro standartlarga moslashtirib, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirmoqda.
Gender – ayollar va erkaklarning ijtimoiy rollaridan kelib chiqadigan tushuncha boʻlib, jamiyatning siyosat, iqtisodiyot, huquq, ta’lim, fan, sport kabi barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni nazarda tutadi. Gender tengligi erkak va ayolning mutlaq bir xil bo‘lishi emas, balki ularning hayot imkoniyatlaridagi tenglikdir.
Ayniqsa, ayollar zimmasiga «uy-ro‘zg‘or, bola tarbiyasi, qarindoshlarga xizmat» kabi majburiyatlarning har yoqlama yuklanishi keng tarqalgan stereotip bo‘lib, bu iqtisodiy adolatsizlikka olib keladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston mehnat bozorida gender tafovuti saqlanib qolmoqda: ayollar erkaklarga nisbatan to‘liq band bo‘lmasligi, ish haqining pastligi va ishsizlik ko‘rsatkichining yuqoriligi sababli iqtisodiy mustaqillikda cheklangan. 2024-yil manbalaridagi ma’lumot, ya’ni ayollar erkaklarga qaraganda o‘rtacha 34 % kam maosh olgani ham bunga misol.
Shuningdek, «ayol rahbarlikka yaroqsiz» degan noto‘g‘ri qarashlar yetakchilik salohiyatiga ega ayollarni imkoniyatlardan mahrum qiladi. Biroq rasmiy ma’lumotlar ayollarni davlat boshqaruvi va jamoat tashkilotlaridagi rahbarlik lavozimlariga jalb etish ko‘payganini ko‘rsatmoqda.
Ayollar faolligining faqat «yumshoq sohalar» – ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmat kabi yo‘nalishlarda chegaralanishi ham stereotipdir. Uy ishlarining maoshsiz mehnat sifatida faqat ayollarga yuklanishi ularning kasbiy rivojlanishini to‘xtatadi. UNFPA/WIUT tadqiqotlari norasmiy uy mehnati gender tengsizligining asosiy omillaridan biri ekanini tasdiqlaydi.
Gender stereotiplari nafaqat ayollarning shaxsiy hayotiga, balki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga ham zarar yetkazadi. Xalqaro tashkilotlar tahlillariga ko‘ra, ayollarning mehnat bozoridagi past ishtiroki iqtisodiy samaradorlikni pasaytiradi.
Umuman olganda, ayollar haqidagi stereotiplar jamiyatning inson kapitalidan to‘liq foydalanishiga to‘sqinlik qiladi. Ayollarga nisbatan cheklovchi qarashlardan voz kechish esa nafaqat ularning, balki jamiyatning ham rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu nashr Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan/birgalikda moliyalashtirilgan. Uning mazmuni uchun faqat Zamonaviy Jurnalistikani Rivojlantirish Markazi mas’ul bo‘lib, u Yevropa Ittifoqining fikrini aks ettirishi shart emas