Bitiruvchilar hamjamiyati materiallari

«Aktyorlikdan muharrirlikga qadar»

2025-09-23 18:13
O‘zbekistondagi DW Akademiyasining Jurnalistika va Media Menejment maktabi professional rivojlanish uchun haqiqiy turtki bo‘lmoqda. Bitiruvchilarning ta’kidlashicha, dasturda ishtirok etish ularga nafaqat yangi bilimlarni egallashga, balki media sohasida karyera qurishga ham yordam bergan. Biz bitiruvchilar hamjamiyati ishtirokchilari hikoyalari haqida maqolalar turkumini boshlaymiz va sizni ham o‘z hikoyalaringiz bilan bo‘lishishga taklif qilamiz: Media Maktabda oʻqish sizning yo‘lingizga qanday ta’sir qilganini so‘zlab bering.

Bugun — Bobur Karimovning hikoyasini siz bilan ulashamiz.

«Men hech qachon jurnalistika mening hayotdagi kasbimga aylanadi deb o‘ylamaganman. Ammo qadam-baqadam aynan u meni sahnadan tahririyatga olib keldi», — deya eslaydi u.

Farg‘onalik Bobur uchun DW Akademiyasining Jurnalistika va media menejment maktabi burilish bosqichi bo‘ldi — u yerda u bilim, yangi imkoniyatlar va bitiruvchilar hamjamiyati qo‘llovini topdi.

2022-yilda Bobur O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini «musiqali teatr aktyori» mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Biroq o‘qish davomida uni jurnalistika tobora ko‘proq o‘ziga torta boshladi. 2012-yildan u «Ruxsor TV» va «Marg‘ilon TV» kabi mahalliy telekanallarda muxbir va boshlovchi bo‘lib ishlagan. Keyinroq esa MTRK tizimidagi «Farg‘ona TRK», «Diyor TV» va «O‘zbekiston 24» telekanallarida tajriba orttirdi. Shu tariqa uning yo‘li asta-sekin aktyorlikdan jurnalistikaga og‘di. Bu ish unga nihoyatda qiziq tuyuldi, biroq Bobur professional bilim yetishmasligini keskin his qilar edi.

Boburning hayotidagi burilish nuqtasi 2021-yil bo‘ldi. U ilk bor Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi e’tiboriga tushib, Orolga tashkil etilgan ta’limiy safarda ishtirok etdi. Bu tajriba uning keyingi rivojlanishiga katta turtki bo‘lib, hayotini jurnalistika bilan bog‘lash istagini mustahkamladi.

Bir necha oydan keyin Bobur Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi va DW Akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan MediaSchool 2021 dasturida qatnashish uchun ariza topshirdi. Avval uning ismi zahira ro‘yxatiga kiritildi. Ammo sentabr oyida kutilgan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: «Siz Boburmisiz? Men Lola Islamovaman. Siz MediaSchool’ning jurnalistika yo‘nalishiga qabul qilindingiz. Toshkentga tezda kela olasizmi?» Shu tariqa u MediaSchool 2021 tinglovchisiga aylandi — bu hodisa uning keyingi professional yo‘lini ko‘p jihatdan belgilab berdi.
MediaSchool 2021 uchta modulni o‘z ichiga olgan: jurnalistika asoslari, ma’lumotlar va vizualizatsiya bilan ishlash, shuningdek reportaj tayyorlash. Yakunda jamoalar loyihalarini taqdim etdilar va Boburning hamkasblari bilan tayyorlagan «Mehribonlik uyi bolalari» mavzusidagi ishi birinchi o‘rinni oldi. Bu muvaffaqiyat uning uchun muhim bosqich bo‘ldi.

Kurs yakunidan so‘ng Anhor.uz rahbari Lola Islamova Boburni saytning o‘zbek tahririyatiga ishga taklif qildi. Avvaliga u ikkilanib qoldi, chunki televideniye va onlayn OAV bir-biridan keskin farq qiladi. Ammo 2022-yilda institutni tugatib, Toshkentga ko‘chib o‘tgach, Bobur Anhor.uz’da to‘liq ishlashni boshladi.
O‘sha yili Bobur «Yolg‘on axborot qurbonlari» nomli teatr sahnasida taqdim etilgan musical-spektakl loyihasini amalga oshirdi, 2023-yilda esa «Kinosavodxonlik» tashabbusini boshladi. Har ikki loyiha xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va yoshlar orasida media savodxonlikni rivojlantirishga qaratilgan edi.

2022-yilda u yana MediaSchool’ga qabul qilindi — bu safar «Media Management» yo‘nalishi bo‘yicha. Dastur unga loyiha boshqaruvi va mediаmenejment borasida yangi bilimlar berdi. 2024-yilda esa Bobur Tojikistonda o‘tkazilgan xalqaro MediaLabda ishtirok etdi va Qozog‘iston hamda Tojikistonlik hamkasblari bilan birgalikda taqdim etgan loyiha gʻolib boʻlib, uni amalga oshirdi.

2023-yil oxirida Anhor.uz rahbariyati uni bosh muharrir o‘rinbosari va o‘zbek tahririyati rahbari etib tayinladi.
Bugun u shu lavozimda ishlashni davom ettirib, yangi loyihalarni rivojlantirmoqda va Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi tashabbuslarida mediatrener, mentor va koordinator sifatida ishtirok etmoqda.

Bobur Karimov — O‘zbekistondagi DW Akademiyasining Jurnalistika va media menejment maktabi bitiruvchilar hamjamiyatining faol a’zosi. Uning hikoyasi ta’lim dasturlari va hamjamiyat qo‘llovi yosh mutaxassislarga qanday qilib professional o‘sish va media sohasida o‘z o‘rnini topishga yordam berishini ko‘rsatib turibdi.