O‘zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari uchun safaroldi uchrashuv
O‘tgan hafta oxirida Toshkentda O‘zbekiston fuqarolik jamiyati vakillari uchun Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi mezbonligida safaroldi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarni oldinda muhim tadbir kutmoqda — 5–6 fevral kunlari Bishkek shahrida o‘tkaziladigan YeI – Markaziy Osiyo Fuqarolik jamiyati forumi.
Uchrashuv davomida mintaqa uchun bugun ayniqsa dolzarb bo‘lgan yo‘nalishlar muhokama qilindi: raqamli transformatsiya, iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilish, samarali boshqaruv va mas’uliyatli biznes, ayollar imkoniyatlarini kengaytirish hamda yoshlarning faolligini oshirish. Muhokamalar rasmiy chiqishlar bilan cheklanib qolmadi — ishtirokchilar o‘z tajribasi, kutilmalari va mintaqaviy muloqotni real amaliy natijalarga aylantirish bo‘yicha fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar ham ishtirok etdi. Unda Yevropa Ittifoqi fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishni muhim ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rishi alohida ta’kidlandi.
Navbatdagi bosqich — Bishkek. Muloqot esa endi mintaqaviy darajada davom etadi.