Mass-media fondi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Milliy media birlashmasi barcha istovchilarni 29-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan media sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi - Media Job Fair - 2025 ga taklif etadi.
Yarmarka O‘zbekistonda media sohani rivojlantirish, tahririyatlar va matbuot xizmatlarini kadrlar bilan ta’minlashga ko‘maklashishni maqsad qilgan.
Media Job Fair - 2025 yarmarkasida bir qator xususiy va davlat ommaviy axborot vositalari, vazirlik va idoralar matbuot xizmatlari, shuningdek, korporativ sektor vakillari ishtirok etadi.
Tadbir doirasida bir necha ommaviy axborot vositalarining o‘z faoliyati haqidagi taqdimotlari va sohada faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislarning mahorat darslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Tadbirda nafaqat talabalar, balki ish izlayotgan jurnalistlar, muharrirlar, marketologlar, rejissyorlar, operatorlar, montajchilar, fotograflar va faoliyat doirasini kengaytirish imkoniyatlari bilan qiziquvchi boshqa ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etishlari mumkin.
Yarmarka soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lib o‘tadi.
Manzil: O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (https://yandex.uz/maps/-/CHboYVnC).
Oldindan ro‘yxatdan o‘tish shart emas. Yarmarka hamma uchun ochiq.
Ko‘rgazmada Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi ham faol ishtirok etadi. Faoliyatimiz bilan tanishish va hamkorlik imkoniyatlari haqida bilish uchun tashrif buyuring!