Tasavvur qiling, farzandingiz yoki biror yaqini insoningizda saraton kasalligi aniqlandi, bo‘lib ham u 3 yoki 4-bosqichiga o‘tib bo‘lgan. Qanday vaziyatga tushardingiz-a? Ko‘z oldingizda guldek ochilib yurgan farzandingiz, xuddi gul kabi so‘liy boshlashi yoki umringiz yo‘llaridagi hamrohingiz kuzgi yaproqlar kabi xazonga aylanib borishini kuzatib, hech nima qila olmay chorasizlikda qolish naqadar og‘ir bo‘lardi? Saraton mana shunday butun bir oilani, kichik-kichik guruhlarni ham ruhiy, ham moddiy tomonlama “quritib” tashlash qudratiga ega bo‘lgan “qora kuch” hisoblanadi. Og‘rinadigan tomonni biroz bo‘lsa-da his qilgan bo‘lsangiz, o‘ylaymanki, endi mavzuga kirishsak bo‘ladi.
Uzoq o‘tmishdan buyon saraton (rak) tibbiyotning eng murakkab muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Saraton — bu organizmdagi oddiy hujayraning buzilgan, ya’ni atipik hujayraga aylanishidir. Sodda til bilan aytganda, u inson tanasidagi hujayralar mutatsiyaga uchrashi natijasida o‘zining faoliyatini o‘zgartirib, “vahshiy” hujayraga aylanadi. Bu hujayralar nazoratsiz o‘sib, boshqa sog‘lom hujayralarni siqib chiqaradi va o‘zi esa kattalashib boraveradi. U qolgan kasalliklardan farqli yosh tanlamaydi, kattami yo kichik ajratib o‘tirmaydi. Eng yomoni, saraton vaqtida aniqlanmasa, uning oqibati o‘lim bilan yakun topadi.
Misol uchun, O‘zbekistonda, xususan, Toshkentda havoning ifloslanishi (PM 2.5 zarralari va CO2 darajasining ruxsat etilgandan 45–50 barobargacha oshishi) bolalarni tuzalmas dardlarga, jumladan, saraton va astmaga duchor qilishi mumkinligi aytilgan. Ha, ba’zi bir amaldorlar yoki tegishli tashkilotlar buni mavsumiy, tabiiy jarayon sifatida qabul qilishga chaqirishi mumkin, biroq umumiy vaziyatga nazar tashlansa, aytilayotganidan biroz o‘zgachadek taassurot hosil bo‘ladi. Masalan, isitish mavsumidan tashqari, qolgan vaqtlarda ham shahar hududidagi avtomobillardan chiqayotgan karbonat angidrid (SO2) va boshqa kanserogen moddalar aholi yashaydigan hududlarda tarqalib, kasallikning ko‘payishiga sabab bo‘lish ehtimoli doimiy saqlanib qolaveradi. Fan PM 2.5 ning saraton va astmaga olib kelishini isbotlagan. Bu zarralar nafas yo‘llari orqali hatto qonga ham o‘tishi mumkin.
Saraton noqulay ekologik muhitdan tashqari, odatiy ovqatlanish bilan bog‘liq holatlarda ham kelib chiqadi. Masalan, immunitet shakllanmagan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarda noto‘g‘ri ovqatlanish oshqozon-ichak kasalliklari, ovqat allergiyalari, shuningdek, onkologiya va onkogematologiya kabi og‘ir kasalliklarga chalinishni ko‘paytirgan. Masalaga ayni O‘zbekiston kontekstida qaralsa, oxirgi vaqtlarda bolalar bog‘chalaridagi muammolar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Bog‘chalardagi antisanitariya holatlari va bolalarga berilayotgan sifatsiz ovqatlarning oqibatlari ham bizning mavzuyimizga bevosita daxldorlik qiladi.
Bundan tashqari, yuqori haroratda pishirish (masalan, ochiq olovda go‘sht), shuningdek, qandolatli oziq-ovqatlarni qovurish yoki uzoq vaqt yuqori haroratda pishirish akrilamid kabi zararli kimyoviy moddalar (karsinogenlar) hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin. 60 daraja yoki undan yuqori haroratdagi ichimliklarni iste’mol qilish qizilo‘ngachni issiqlik bilan shikastlab, qizilo‘ngach saratoni xavfini oshirishi mumkin. Misol uchun, O‘zbekistonda 2000–2018-yillarda bu saraton turi bilan kasallanish har 100 000 kishiga 2,8 holatni tashkil etgan.
Kasallikning bolalarda shakllanish omillari ham qator faktorlarga borib taqaladi. Biroq hayot davomida shakllanadigan saratonni keltirib chiqaruvchi aniq sabab yo‘q. Ayrim kasallanish holatlari tug‘ma xarakterga ega bo‘lib, homiladorlik davrida shakllanadi. Bunga homiladorlik davridagi turli stresslar, onaning surunkali kasalliklarga chalinishi yoki radioaktiv hududlarda yashash natijasida bola saraton bilan tug‘ilishi mumkin.
Onkologik kasalliklar O‘zbekiston hukumati va xalqi uchun eng muhim tibbiy va ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi, chunki bu kasalliklar o‘limning yuqori darajasiga va davlat tibbiyot tizimiga katta yuklama bo‘lib kelmoqda. Bu kasallik har doim tibbiyot va jamiyatning doimiy e’tiborini talab qiladigan eng muhim muammolardan biri bo‘lib kelgan. 2023-yil hisobiga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy hisobda 147 mingta bemor dispanser ro‘yxatida mavjud bo‘lgan. E’tiborga molik jihati, xuddi shu yilda mamlakatda ro‘yxatga olingan o‘lim sabablarining 10,8 foizini o‘simtalar (onkologiya) tashkil etgan.
O‘zbekistondagi o‘lim sabablari orasida onkologiya qon aylanish tizimi kasalliklaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2023-yilgi tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining taxminan yarmi (45 foiz) saraton xavfini birinchi o‘ringa qo‘yadi. O‘zbekistonliklarning 20 foizi ushbu kasallikka chalinishdan qo‘rqishadi. O‘zbekistonda har yili 20 mingdan ortiq insonda xavfli o‘smalar aniqlanmoqda. Birgina 2022-yilning o‘zida 26 367 nafar odamda saraton aniqlangan. Mamlakatda 2022-yilda 172 mingdan ortiq inson vafot etgan bo‘lsa, shundan 13 888 nafari saraton sabab olamdan ko‘z yumgan.
Butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham onkologik va gematologik kasalliklar bolalar o‘limiga sabab bo‘lish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi (birinchi o‘rinda – jarohatlar). O‘zbekistonda har yili aniqlanadigan onkologik bemorning 900 nafardan ziyodrog‘ini (yoki 1000 ga yaqinini) bolalar tashkil qiladi. To‘g‘ri, bu haqda odatda aniq ma’lumotlar oshkor qilinavermaydi. Biroq turli manbalardagi ma’lumotlarni solishtirish orqali raqamlarni shakllantirish mumkin. Masalan, 2020-yilda 884 nafar bola, 2022-yilda esa 881 nafar bola onkologik va gematologik xastalik tashxisi bilan ro‘yxatga olingan. Shundan 330 nafari vafot etgan. Bu raqamlar saraton kasalligi O‘zbekiston aholisi uchun tibbiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan qanchalik muhim muammo ekanligini ko‘rsatib beradi.
Onkologik kasalliklar turli bosqichlarga bo‘linadi va har bosqich yuqorilagani sari dard og‘irlashib boraveradi. O‘zbekistonda aksar holatda, yana ham aniqrog‘i kasallik holatlarining 50 foizdan ko‘pi 3 yoki 4-bosqichlarda aniqlanmoqda. Masalan, 2023-yilda ro‘yxatga olingan onkologiya kasalligi bilan og‘rigan bemorlarning qariyb yarmida kasallik kech aniqlangan. Bu esa bemor hayotini saqlab qolish imkoniyatini keskin kamaytiradi.
Agar kasallik 1 yoki 2-darajada aniqlansa, 95 foiz bemorlar tuzalib ketadi. O‘zbekistonda saraton kasalliklari tashxisi kechiktirilib, 3-4-darajada aniqlanishi ko‘p hollarda mamlakatning chekka hududlarida tibbiyot tizimining rivojlanmaganligi, viloyatlarda erta tashxis qo‘yish imkoniyatlari va asbob-uskunalarning yetishmasligi hamda bemorlar bu borada nisbatan imkoniyatlari mavjud bo‘lgan Toshkentga yetib kelguncha kasallik og‘ir bosqichlarga o‘tib ketishi bilan izohlanadi.
Rivojlangan davlatlarda saratonga chalingan bolalarning 70–80 foizi yoki hatto 90 foizi tuzalib ketayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich atigi 30 foizdan kam yoki 20 foizga ham yetmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, bemorlar eski samarasiz protokollar asosida davolanganda yashash davomiyligi 30% ni tashkil qilgan. Shuningdek, deksametazon (gormon) kabi noto‘g‘ri dorilarni tashxissiz qo‘llash kasallik belgilarini yo‘qotadi va o‘smalarning ichki organlarda (miya, buyraklar, jigar, taloq) rivojlanib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayon esa bemorni oxirgi bosqichga olib kelishi mumkin.
Ma’lumki, shunday muammolar bor, ularni bartaraf qilish uchun shunchaki yirik mablag‘lar yetarli bo‘ladi. Ammo yana shunday muammolar borki, ularni bartaraf qilishi uchun uzoq vaqt talab qilinadi. Achinarlisi, ularga bo‘lgan yechimlarning kechikishi, har bir kun, daqiqa va soniyalarning o‘tishiga tirik insonlarning o‘limi bilan badal “to‘lanadi”.
Onkologik kasalliklarga chalingan bemorlar uchun qon va uning tarkibiy qismlari o‘ta muhim hisoblanadi. Ammo O‘zbekistonda donorlik darajasi Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan belgilangan me’yorda emas. Masalan, 2021-yilda 1 000 nafar aholiga 6,8 nafar (0,68%) donor to‘g‘ri kelgan. JSST me’yori bo‘yicha bu ko‘rsatkich 1% bo‘lishi lozim.
Onkologik va gematologik kasalliklarni davolash juda qimmat turadi. o‘tkir leykemiya uchun bir kimyoterapiya kursi narxi 3 milliondan 30 million so‘mgacha, o‘zak hujayralarini transplantatsiya qilish uchun dori vositalarining o‘zi 35 mingdan 100 ming AQSh dollarigacha bo‘lishi mumkin. Mablag‘ mavjud bo‘lgan taqdirda ham viloyatlarda erta tashxislash imkoniyatlari va malakali kadrlar yetishmasligi sabab kasallik og‘ir bosqichlariga o‘tib ulguradi. Ayrim hollarda esa byudjetdan ajratilgan dorilar o‘z vaqtida yetib bormasligi sababli bemorlar ularni dorixonadan 10 barobar qimmatga sotib olishga majbur bo‘lmoqda.
Shuningdek, sohada kadrlarning yetishmovchiligi va past maoshlar malakali mutaxassislarning xususiy klinikalarga yoki chet elga ketishiga sabab bo‘lmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Respublika bo‘yicha faoliyat yurituvchi bolalar onkologlari soni taxminan 25 nafar atrofida. Bu 38 millionli xalq uchun ayanchli raqam. Bundan tashqari, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya markazida “elektron navbat” va masofadan navbatni band qilish tizimida muammolar bor. Bemorlar nur terapiyasi olish uchun oylab navbat kutishiga to‘g‘ri keladi.
O‘z o‘rnida bugungi kunda sohada kasallikka qarshi kurash ishlari ham davom etmoqda. Jumladan, Toshkentda Janubiy Koreya tajribasi asosida Respublika onkologiya markazining yangi majmuasi qurildi. Bu majmuada 650 ta statsionar va 100 ta kunduzgi o‘rin mavjud. Yangi markaz Yevropa va AQSh standartlaridagi so‘nggi texnikalar (masalan, Siemens Magnetom Altea MRT, Fuji Senaria KT) bilan jihozlangan. Ushbu texnikalar eng kichik o‘smalarni ham aniqlash imkonini beradi. Respublika onkologik xizmat ko‘rsatish muassasalarini 80 million dollarlik zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha kredit shartnomasi imzolangan. Yangi markazda suyak ko‘migi transplantatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Bolalar saratoniga qarshi kurashish milliy strategiyasi qabul qilindi. Bunda asosiy maqsadlardan biri sifatida 5 yillik yashovchanlikni kamida 60% gacha oshirish ko‘zlanmoqda. “Ezgu Amal” jamoat fondi tashabbusi bilan O‘zbekistondagi ilk bolalar xospisi – “Taskin” ochilgan. U terminal (hayotning so‘nggi bosqichi) holatdagi bemorlarga ruhiy va ma’naviy yordam ko‘rsatadi. Sho‘ o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, Oliy Majlis deputatlari nazoratiga olingan kattalar uchun mo‘ljallangan xospis qurilishi uzoq yillardan buyon kechikmoqda.
Bolalar onkogematologi Kamol Iskandarov ota-onalarga farzandlarini kamida har 6 oyda umumiy tekshiruvlardan o‘tkazishni tavsiya qiladi. Bu tekshiruvlarga qorin bo‘shlig‘ini UTT, ko‘krak qafasini rentgenografiya yoki irrigoskopiya va qon tahlili topshirish kiradi. Bolalarda saraton shakllanish davri boshlanganda holsizlik, ishtahasizlik, tana haroratining doim 37,5–38 daraja orasida bo‘lishi, tez-tez va ko‘p terlash kuzatiladi.
Ota-onalar hududiy shifokorlar tomonidan tavsiya etiladigan deksametazon (gormonal dori) kabi preparatlardan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Deksametazon limfoma kabi o‘smalar belgilarini yo‘qotishi, ammo kasallikning ichki organlarda rivojlanib ketishiga olib kelishi mumkin. Ota-onalar farzandiga qo‘llaniladigan har bir dori vositasi yoki muolajaning yo‘riqnomasi bilan tanishib, shubhalansa, yaxshi mutaxassisga murojaat qilishi kerak.
So‘ngso‘z o‘rnida, yuqorida keltirilgan raqamlarning barchasi sohadagi muammolar yetarlicha ekani va tezkor tizimli yechimlar berilishi hamda ular doimiy ravishda hukumat tomonidan qat’iy nazoratga olinishi kerakligini ko‘rsatmoqda. Shuni unutmaslik kerakki, har bir raqam ortida tirik jon, bir qancha oilalar va kichik guruhlarning taqdiri turibdi.