Yangiliklar

Toshkentda hospis qurilishi tugallandimi?

Va’dametr

Dana Oparina

Toshkent shahar hokimligining bizning so‘rovimizga javoban bergan ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi hospis qurilishi 100 foizga yakunlangan ekan.

“Ayni paytda bino davlat tomonidan qabul qilib olinish jarayonida turibdi, so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda jihozlab, ishga tushirish rejalashtirilgan”, - deyiladi javobda.
Ammo Onkolog Yahyo Ziyayev hospisning qurilish ishlari davom etayotgani, ayrim joylarda haligacha yo‘laklar tugallanmagani va kommunal tarmoqlar yopilmagani aks etgan suratlar bilan bo‘lishdi.

Shu bilan birga, Ziyayev hospis joriy yilning may oyida ochilishiga umid qilmoqda. Fevral oyida shifokorlar hokimlik bilan birgalikda shahar hokimligi xarid qilishi kerak bo‘lgan tibbiy jihozlar, karavot va kushetkalarni tanladilar. Sog‘liqni saqlash vazirligi hospis uchun minimal jihozlarni — PET KT, MRT, chiziqli tezlatgich va boshqalarni sotib olishi kerak.

Saraton kasalligiga chalingan ayolning hikoyasi

Ijtimoiy tarmoqlarda 7-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida saraton kasalligiga chalingan 72 yoshli uy-joysiz ayolning kasalxonaga yotqizilishi yuzasidan uchastka noziri va tez yordam shifokori o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro aks etgan video tarqaldi. Ayolga 10 kundan ortiq vaqt davomida “tez yordam” chaqirilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgandan so‘ng chaqiruv manzillariga yana qaytarilavergan.

Bu holat olti yildan buyon ishga tushmayotgan hospisni tezda ochish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.

“Kattalar (hospisi) bilan bog‘liq vaziyat to‘xtab qolgan, hatto qaysi bosqichda va qaysi idorada ekanligi ham noma’lum”, - deb yozadi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari.

“Saratonning 4-bosqichida bo‘lgan va doimiy yashash joyi yo‘q bu ayolni tashlab qo‘ygan aslida “tez yordam” emas va bu bugun sodir bo‘lmagan. U Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, hokimlik va mahalla instituti vakili bo‘lgan davlat tomonidan tashlab qo‘yilgan, oxirgi sanalgan idorani esa men mutlaqo foydasiz deb bilaman. Tez tibbiy yordam xizmatining ertaga ishdan bo‘shatishlari mumkin bo‘lgan bu shifokori va feldsheri shunchaki faktni aytishdi — bu bosqichda, afsuski, davolanish imkonsizdir. Huquq-tartibot xodimi mas’uliyatni o‘zidan shifokorlarga yuklashga harakat qilmoqda. Ammo bu masalalar bu odamlar tomonidan, bu podyezdda, bu vaqtda hal qilinishi kerak emas...”.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu voqeadan keyin “kattalar hospisi bilan bog‘liq ish qandaydir tarzda oldinga siljishiga” umid qilishdi.

Mobil palliativ yordam xizmati

Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligining Natijalarga erishish ofisi (Delivery Unit) koordinatori Aziza Umarova kasallikning so‘nggi bosqichida saraton bilan og‘rigan bemorlarni uyda borib ko‘rish va og‘riqni qoldirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish usullarini yaqinlariga o‘rgatish imkoniyatiga ega mobil palliativ yordam brigadalariga ehtiyoj borligini ta’kidladi.

“Hospis gavjum bo‘ladi, bizda yolg‘iz kattalar ko‘p. Statsionar yordamdan tashqari palliativ yordam brigadalarini rivojlantirish kerak. Uydagi hospis — bu davlat uchun eng amaliy va eng arzon yechim”, — deydi u.

Hospis uchun mablag‘ ajratish tarixi

Dastlab 2019-yilda Toshkent shahrida kattalar uchun hospis ochilishi rejalashtirilgan edi. 2023-yilda poytaxt hospis qurilishiga bor-yo‘g‘i 3 milliard so‘m ajratishga muvaffaq bo‘ldi. Pudratchi pul yo‘qligi sababli ish to‘xtatilganini ma’lum qilgan. Ommaviy axborot vositalari pudratchi kerakli summani o‘shanda olganini yozgan.

O‘tgan yilning kuzida hospis 2025-yilning fevralida ochilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi, biroq bu muddat ham o‘tib ketdi.

Mamlakatdagi vaziyat

OAVda aytilishicha, hospislar faqat Samarqand va Xorazm viloyatlarida mavjud. Farg‘ona viloyatidagi hospis o‘tgan yil oxirida ham ish boshlamagan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga savollar bilan murojaat qildik va javob kutmoqdamiz:

• Toshkentda hospis qachon ochilishi rejalashtirilgan?

• Farg‘ona viloyatida hospis tashkil etish jarayoni qanday ketmoqda?

• Qarshi shahrida hospis tashkil etish qaysi bosqichda va u o‘z vaqtida (2026-yilgacha) ochiladimi?

Prezidentning 2024-yil fevralida imzolagan farmoniga ko‘ra, 2024-yil oxirigacha ehtiyojdan kelib chiqib, Toshkent, Nukus va O‘zbekistonning barcha viloyat markazlarida kamida bittadan hospis tashkil etish belgilangan edi. Farmonda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hospislar tashkil etish uchun mas’ul etib belgilangan.

Dana Oparina
2025-03-15 17:19 EGED