Yangiliklar

Dorilar xaridi bozoridagi yangi o‘yin qoidalari: farma.xarid.uz korrupsiyani kamaytira oladimi?

O‘tgan yilning noyabr oyida Farmatsevtika agentligi rahbari dori vositalarining davlat xaridlari uchun Farma.xarid.uz maxsus elektron platforma ishlab chiqilayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Ushbu platforma dori-darmonlarni davlat tomonidan xarid qilishda korrupsion mexanizmlar saqlanib qolayotgan mavjud to‘rtta maydoncha o‘rnini egallaydi. Shuningdek, yangi platformada yagona ID joriy etish ko‘zda tutilgan.

Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tizim ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlarda zarur sertifikatlar, jumladan GMP va GDP sertifikatlari mavjudligini tekshirish hamda referent narxlar ustidan nazoratni avtomatik ravishda tekshirish imkonini beradi. Farmatsevtika mahsulotlari savdosida faqat yagona noyob PharmID orqali ishtirok etish mumkin bo‘ladi.

Davlat xaridlari sohasidagi mutaxassis Kamol Niyozov tizimning kiberxavfsizligi eng muhim vazifalardan biri ekanligini ta’kidlamoqda.

”Agar to‘rtta platforma bo‘lsa, keyin beshinchisi, oltinchisi paydo bo‘ladi, bu yangi administratorlar, dasturchilar, yangi serverlar degani. Bularning barchasini ma’lumotlar va narxlar bilan o‘ynalmasligi uchun doimiy ravishda nazorat qilib turish kerak. Bugungi kunda deyarli barcha jinoyatlar raqamli sohaga ko‘chgan: firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish, tizimlarga noqonuniy aralashuv. Shu sababli, kiberxavfsizlikni kuchaytirish eng ustuvor vazifaga aylanmoqda”.

Ikkinchidan, unga ko‘ra, agar yangi tizim yaratilsa, uning ishini muntazam ravishda - har 3-6 oyda tahlil va monitoring qilish, ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosida o‘zgartirishlar kiritish kerak.

"Tizim amalda qanday ishlashi oldindan noma’lum, shuning uchun doimiy takomillashtirish tamoyilini darhol belgilash muhim. Shuningdek, maksimal shaffoflikni qoida sifatida qabul qilish kerak. Savdo bayonnomalari ko‘rinib turishi kerak: kim ishtirok etgan, qanday narxlar qo‘yilgan, qanday takliflar ko‘rib chiqilgan, qanday sabablarga ko‘ra rad etilgan? Barcha protseduralar - bayonnomalar, qarorlar, rad etishlarni e’lon qilish - nafaqat qonunda ko‘rsatilishi, balki amalda bajarilishi kerak", - deydi Niyozov.

Davlat xaridlari ekspertiga ko‘ra, hozirda ko‘plab normalar amalda ishlamayapti. Masalan, xaridlar jadvali.

"U qonunda bor, lekin amalda ishlamaydi. Bayonnomalar bilan ham xuddi shunday: qonun bo‘yicha ular savdolardan keyin 10 kun ichida e’lon qilinishi kerak, biroq amalda yo umuman e’lon qilinmaydi, yoki bir-ikki oydan keyin chiqadi".

Moderatsiya haqida savol tug‘iladi: aynan kim, qanday qoidalar bo‘yicha, qaysi muddatlarda va qanday asosda ishtirokchilar va tovarlarni moderatsiya qiladi? Bu holatlarni boshidanoq aniq tartibga solish kerak. Ekspertning fikricha, platformalar qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yomon.

“Barcha vakolatlarni bitta organga - masalan, Moliya vazirligi yoki boshqa aniq davlat organiga topshirish maqsadga muvofiq bo‘lardi. O‘zbekiston Rossiya, Xitoy yoki AQSHdek katta mamlakat emas, shuning uchun bizga yagona platforma kifoya: markazlashgan, shaffof va mas’uliyati aniq belgilangan. "Hamma aybdor bo‘lsa, demak hech kim aybdor emas" degan maqol bor. Bu vaziyatni o‘zgartirish zarur.”

Xuddi shu narsa nazorat qiluvchi organlarga ham tegishli, deydi Kamol Niyozov.

"Hozirda qonunda beshta nazorat organi mavjud: Moliya vazirligi, Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi va prokuratura. Mening fikrimcha, bitta mas’ul nazorat organi bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, Moliya vazirligi bir vaqtning o‘zida mablag‘larni taqsimlashi, qoidalarni ishlab chiqishi va ularning bajarilishini o‘zi nazorat qilishini noto‘g‘ri deb hisoblayman. Kuchlar muvozanati va bir davlat organi boshqasini nazorat qiladigan tizim zarur. Bu hokimiyatning bir qo‘lda to‘planishiga yo‘l qo‘ymaydi va haqiqiy hisobdorlikni ta’minlaydi: biri qaror qabul qiladi, ikkinchisi tekshiradi, uchinchisi hisobot beradi. Aynan shunday tizim barqaror muvozanatni yaratishga imkon beradi", - deya ta’kidladi u.
EGED