Yangiliklar

Ritz-Carlton mehmonxonasi qurilishi: nega qurilish texnikalari ruxsatnomalardan avval paydo bo‘ldi?

Toshkentda besh yulduzli Ritz Carlton mehmonxonasi qurilishi boshlandi. Bu Google Earth ma’lumotlari va PD Estates Qo‘shma korxonasiga berilgan ijobiy ekologik xulosadan ma’lum bo‘ldi. Xulosada loyiha koordinatalari ko‘rsatilgan. Ritz-Carlton mehmonxonasining yer usti qismi qurilishi 2025-yil oxirigacha boshlanishi rejalashtirilganini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Avvalgi voqea

Chilonzor tumani hokimligi joriy yilning 22-iyuldagi e’lon qilingan xabarida besh yulduzli Ritz Carlton mehmonxonasi qurilishi rejalashtirilayotgani aytilgan. Vaholanki, qurilish texnikasi hududga allaqachon, fevral oyidayoq kirib kelgan, ekologik ekspertiza esa 2025-yil 18-iyunda berilgan.

“Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga muvofiq, davlat ekologik ekspertizasi natijalari bo‘yicha xulosa tuziladi. Ushbu xulosa davlat ekologik ekspertizasi obyektini amalga oshirishning mumkinligi yoki mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosalarni o‘z ichiga oladi.
Qurilish maydonining 2025-yil fevral holati

Hokimlik xabarida aytilishicha, mehmonxona umumiy 250 ming kv.m maydonda joylashadi. Biroq ekologik ekspertiza xulosasida boshqa raqam ko‘rsatilgan.

"Ajratilgan yer maydonining umumiy hajmi 20 000 m² ni tashkil etadi. Ko‘rib chiqilayotgan hudud geografik jihatdan quyidagicha cheklangan: shimolda - Adiblar xiyoboni, sharqda - Milliy bog‘, g‘arbda - xususiy korxonalar, janubda esa - Anhor kanali. Eng yaqin turar-joy binolari obyektdan 180 metr masofada joylashgan. Obyektning sharqiy tomonidan 32 metr masofada Anhor kanali oqib o‘tadi.

Daraxtlar
2023-yil aprel va 2025-yil fevral oylarini solishtirganda. Daraxtlarning sezilarli darajada kesilganligi ko‘zga tashlanadi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, kompaniya O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan "Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rejalashtirish va qurish" (23.12.2009 yildagi 2.07.01-03-son) me’yorining 90-bandida belgilanganidek, qonunchilikka muvofiq hududdagi mavjud daraxt va butalarga zarar yetkazmaslik, ularning saqlanishi va parvarish qilinishini ta’minlash, shuningdek, obyektda bino va inshootlarni joylashtirishda daraxt va butalargacha kamida 5 metr masofani saqlash majburiyatini oladi.

Loyihaga ilova qilingan Chilonzor tumani davlat inspektori Abdurahmonov Shukurollo Hamidullayevich tomonidan 07.05.2025-yilda tasdiqlangan sxema hamda inspeksiya xodimlari tomonidan tuzilgan xatlov / inventarizatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish ishlari olib boriladigan hududda jami 98 tup sog‘lom daraxt va butalar: 11 tup archa, 5 tup yong‘oq, 10 tup o‘rik, 4 tup shumtol, 6 tup tut, 5 tup qayrag‘och, 10 tup safora, 7 tup aylantus, 1 tup uch tanali tut, 1 tup olma, 1 tup behi, 1 tup tol, 1 tup terak, 35 tup aylantus mavjud. Ushbu daraxt va butalarni saqlab qolish hamda qurilish ishlarini, tabiatni muhofaza qilish to’grisidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilgan holda olib borish talab etiladi, deyiladi xulosada.

"Loyiha bilan birga 2025-yil 16-aprelda buyurtmachining kafolat xati ilova qilingan bo‘lib, unda u qurilish davrida daraxtlarni saqlash, ularga zarar yetkazmaslik va ularning parvarishini ta’minlash majburiyatini olgan."

Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi daraxtlarni kesish, shoxlarini qirqish yoki ko‘chirib o‘tqazishga ruxsatnoma hisoblanmaydi. Bunday ishlarni amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasidan hamda boshqa vakolatli tashkilotlardan qonunchilikda belgilangan tartibda ruxsat olinishi zarur, deyiladi xulosada.

Atrof muhitning ifloslanishi

Qurilish davrida chang va shovqinni kamaytirish uchun yuqori qavatlarda qurilish va ta’mirlash chiqindilarini xavfsiz va tez tushirish uchun maxsus qurilish yenglari va mustahkam chiqindi konteynerlari o‘rnatilishi kerak.

Xonalarni issiqlik bilan ta’minlash uchun zamonaviy ikki konturli qozonlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Xonadonlarda ovqat tayyorlash uchun "PG-4" rusumli gaz plitalaridan foydalaniladi.

Gaz qurilmalari ishlayotganda atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar - uglerod oksidi, azot dioksidi va oltingugurt dioksidi chiqariladi. Tashlamalarning ikkita (uyushgan) manbai mavjud bo‘lib, yiliga jami 1,3294056 tonna miqdorida uch turdagi ifloslantiruvchi moddalar: is gazi, azot dioksidi va oltingugurt dioksidi tashlanadi. Taqqoslash uchun, kichik qozonxona uchun bu yillik emissiya hajmi bo‘lishi mumkin.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, sanoat maydonidan tashqarida chiqariladigan barcha ifloslantiruvchi moddalarning maksimal yer usti konsentratsiyalari belgilangan me’yorlardan past bo‘ladi.

Obyektning xo‘jalik-ichimlik va maishiy suv ta’minoti shahar ichimlik suvi tarmog‘idan amalga oshiriladi. Yillik suv iste’moli 39 351,9 m³ ni tashkil etadi. Hosil bo‘lgan xo‘jalik-maishiy oqova suvlar shahar kanalizatsiya tarmog‘iga yo‘naltiriladi. Loyiha hujjatlarida ochiq suv havzalari suvidan foydalanish va ularga oqova suvlarni oqizish nazarda tutilmagan.

Ko‘p qavatli turar-joy majmuasini ekologik loyihalashning keyingi bosqichida qattiq qoplamali hududni va yashil maydonlarni sug‘orish uchun suv manbasini aniqlash hamda uning sarflanish hajmini hisoblash zarur bo‘ladi.

Xo‘jalik faoliyati tahlili natijalariga ko‘ra, majmua bo‘yicha qattiq maishiy va iste’mol chiqindilarining umumiy hosil bo‘lish hajmi yiliga 893,02 tonnani tashkil etadi (IV-V xavflilik sinflari). Bu miqdor yiliga taxminan 2400-2700 kishining chiqindisiga teng bo‘lib, kichik shaharcha yoki bir nechta mahallaning chiqindisiga to‘g‘ri keladi.

Shundan ko‘rib chiqilayotgan obyekt bo‘yicha - yiliga 240,046 tonna; majmuaning qolgan bo‘linmalari bo‘yicha - yiliga 652,974 tonna. I-III xavflilik sinfiga mansub chiqindilar hosil bo‘lmaydi.

Premium mehmonxona va apartamentlar

Loyihaga ko‘ra, ajratilgan hududda uch blokdan iborat, har biri o‘ttiz qavatli uchta minoradan tashkil topgan turar‑joy majmuasi qurilishi rejalashtirilgan.

Majmuada barcha qulayliklarga ega xonadonlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, do‘konlar, sport zali, SPA-salon va boshqa ko‘ngilochar va sog‘lomlashtirish markazlari joylashadi. Turar joy majmuasi jami 637 ta xonadonni o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, binoda besh yulduzli mehmonxona, pentxaus va taunxauslar, maktabgacha ta’lim muassasasini joylashtirish rejalashtirilgan. Mehmonxona kuniga 300 nafar mehmonni qabul qila oladi.

Shuningdek, loyihada yer osti va yer usti avtoturargohlarini qurish ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari yakunlangach, obekt hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish rejalashtirilgan. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish rejasida avtoturargoh, bolalar maydonchasi, chiqindilarni vaqtincha saqlash joylari, piyodalar yo‘laklari, maxsus ko‘rsatkichlar, soyabonlar, shuningdek, manzarali va mevali daraxtlar va butalar ekish ko‘zda tutilgan, deyiladi ekologik ekspertiza xulosasida.

Savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish markazi tarkibida oziq-ovqat va xo‘jalik do‘koni, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etish rejalashtirilgan.

Quruvchi kompaniya haqida nimalar ma’lum?

PD Estates kompaniyasi o‘tgan yilning 22-noyabrida Ozarbayjonlik devloper Pasha Development (Pasha Holding tarkibiga kiradi) tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u 2024–2026-yillar davomida 150 xonali mehmonxona qurilish loyihasiga 200 million dollar sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi.

Dastlab Ritz-Carlton mehmonxonasini Tashkent City biznes markazi hududida ochish mo‘ljallangan edi. 200 metr balandlikdagi bino O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi eng baland inshoot bo‘lishi kerak edi. Qurilishni Murad Buildings, loyihani esa yapon kompaniyasi Nihon Sekkei amalga oshirishi kerak edi, biroq loyiha amalga oshmadi.



Dana Oparina
EGED