Yangiliklar

"O‘zmetkombinat" taqiqqa qaramay 2,2 trln so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni amalga oshirdi

2025-yilda "O‘zmetkombinat" taqiqqa qaramay 2,2 trillion so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarni amalga oshirgan. Bu davlat xaridlari portali ma’lumotlari tahlilidan ma’lum bo‘ldi.

Mazkur cheklov prezidentning 2021-yil 2-iyuldagi PQ-5171-son qarori bilan belgilangan. Hujjatga ko‘ra, 2021-yil 5-iyuldan boshlab korporativ buyurtmachilar, shu jumladan, "O‘zmetkombinat" AJ (3-raqamli ro‘yxatga kiritilgan) uchun xaridlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirishning amaldagi tartibi rasman bekor qilingan edi.
"O‘zmetkombinat" asosan metallar, koks va neft mahsulotlari, shuningdek, kimyoviy moddalar va mahsulotlarni xarid qiladi.

Tarix

To‘rtta jurnalistik surishtiruv doirasida aniqlaganimizdek, "O‘zbekneftgaz" AJ 2025-yilda 9,7 trillion so‘mlik, "Navoiyuran" davlat korxonasi esa 5,1 trillion so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda "O‘zbekiston temir yo‘llari" ham 14,5 milliard so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan.

Ushbu kompaniyalarning taqiqqa zid ravishda aniqlangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarining umumiy summasi 21,8 trln so‘mni tashkil etdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xaridlarining ulushi ortib bormoqda, 2024-yilda u deyarli 60 foizni tashkil etdi. 2025-yil mart oyida O‘zbekiston prezidenti to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xaridlarini ikki baravarga qisqartirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Qozog‘iston tajribasi

Qo‘shni Qozog‘iston ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarning katta ulushiga ega edi. Davlat xaridlari bozorining umumiy hajmida (yiliga qariyb 19 milliard dollar) to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar ulushi 2017-yildagi barcha tartib-taomillar qiymatining 81 foizidan 2024-yilda 23,5 foizgacha kamaydi. Bu qanday amalga oshirildi?

Qoidabuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirildi, jumladan, xaridlar uchun mas’ul xodimlar va xarid qiluvchi tashkilotlar rahbarlari uchun shaxsiy javobgarlik joriy etildi. 2018-yil dekabr oyida parlament Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritdi. Unga ko‘ra, qonuniy asoslarsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlardan foydalangan yoki davlat xaridlarining yillik rejasiga kiritilmagan tovarlar, ishlar yoki xizmatlarni sotib olgan davlat xizmatchilariga taxminan 700 AQSH dollari miqdorida jarima belgilandi.

Auditorlar yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish bo‘yicha ma’lumotlarga asoslangan xavf tahlilini qo‘llashni boshladilar.

Davlat xaridlari elektron tizimining tuzilishi yagona yetkazib beruvchidan xarid qilishi mumkin bo‘lgan buyurtmachilar doirasini, ular xarid qilishi mumkin bo‘lgan yetkazib beruvchilar ro‘yxatini, shuningdek xarid qilishning bunday usulini qo‘llashga ruxsat beriladigan holatlarni cheklaydi. Moliya vazirligi davlat xaridlari portalida "format-mantiqiy" nazorat yondashuvini joriy etdi. Bu yagona yetkazib beruvchidan xarid qilish usulini qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan buyurtmachilar doirasini, shuningdek, bunday jarayonlarda ishtirok etishga ruxsat berilgan yetkazib beruvchilar doirasini cheklaydi (masalan, xaridlar bo‘yicha xodim elektr energiyasi yoki issiqlik ta’minoti xizmatlarini muayyan yetkazib beruvchilardan sotib olish uchun "yagona yetkazib beruvchi" usulini tanlagan holda).

Raqobat darajasini oshirish hukumatning strategik ustuvor yo‘nalishi va Qozog‘istonning rivojlanish bo‘yicha hamkorlari, jumladan Jahon banki, Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (IHTT) va Xalqaro valyuta jamg‘armasining asosiy tavsiyasiga aylandi.



Dana Oparina
2026-01-22 13:12 EGED