Yangiliklar

UzPost franchayzing sotuvini 2024-yilda rejalashtirgan edi

UzPost ("O‘zbekiston pochtasi") kompaniyasi o‘z franshizasini 2024-yil sentyabr oyida sotishni rejalashtirgan edi. Bu davlat xaridlari portali tahlilidan ma’lum bo‘ldi.

Aynan shu vaqtda kompaniya franshiza modelini tahlil qilish bo‘yicha xizmatlar ijrochisini aniqlash uchun eng yaxshi taklifni tanlash, "O‘zbekiston pochtasi" AJ pochta bo‘limlarining franshiza modelini rejalashtirish bo‘yicha strategik sessiya o‘tkazish, franshizani ilgari surish uchun marketing materiallarini ishlab chiqish va franshizani/uni keyinchalik sotish uchun kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini ishlab chiqish bo‘yicha tender o‘tkazdi.

Tenderda “MURAT AZAMOV CONSULTING” MCHJ g‘olib deb topilgan, biroq ko‘p o‘tmay tender Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan 2025-yil 21-aprelda qo‘zg‘atilgan ish asosida bekor qilingan.

Maxsus komissiya tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida "Raqobat to‘g‘risida"gi Qonunning 29-moddasi (Savdolarda raqobatni cheklashga qarshi talablar) talablari, xususan, ushbu moddaning ikkinchi, to‘rtinchi va to‘qqizinchi qismlari talablari buzilganligi aniqlandi.

Avvalgi voqealar

Joriy yilning oktyabr oyi o‘rtalarida OAVda Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi UzPost milliy pochta aloqasi operatorining davlat ulushini sotib olgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshladi.

Pochta operatorini sotib olish bo‘yicha kelishuv ancha vaqtdan beri tayyorlanayotgan edi va Rossiya marketpleysining O‘zbekistonda keng ko‘lamli rejalari bor, dedi Spot suhbatdoshlaridan biri. Biroq bitim summasi oshkor etilmagan.

“Uzum” raqamli ekotizimi ham infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika va bo‘limlar tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, UzPost’da raqamli yechimlarni joriy etish loyihalariga sarmoya kiritishga tayyor ekanini bildirgan.

Jurnalist Shuhrat Latipovning qayd etishicha, UzPost moliyaviy jihatdan o‘zini barqaror his qilmoqda. 2018-yilgi inqirozdan so‘ng va 2024-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya 603,5 milliard so‘m (deyarli $50 mln) daromad va qariyb $700 ming foyda ko‘rdi.

"Hozircha kompaniyani "qutqarish" uchun sabablar ko‘rinmayapti," - deb yozadi u.

Bugungi kunda UzPost O‘zbekiston elektron tijorat ekotizimida muhim rol o‘ynaydi. Pochta xizmati nafaqat davlat va moliya tuzilmalariga xizmat ko‘rsatadi, balki Uzum Market, Ozon, Aliexpress kabi yirik milliy va xorijiy marketpleyslar uchun xat va jo‘natmalarni yetkazib berish bilan ham shug‘ullanadi. Kelgusida esa Yandex Market bilan ham hamkorlik qilish rejalashtirilgan.

"Agar UzPost ustidan nazoratni xuddi shu sohaning marketpleysi olsa, u infratuzilma bo‘yicha kuchli bozor ustunligiga ega bo‘ladi (masalan, Humo va Paynet). Bu raqobat muhitining yomonlashishiga olib kelishi, yetkazib berish narxi va ustuvorliklariga ta’sir qilishi, boshqa ishtirokchilar uchun qoidalarni o‘zgartirishi mumkin. Shuningdek, chekka hududlardagi bo‘limlar va xizmatlarning mavjudligi kamayishi mumkin, agar ular xususiy mulkdor uchun norentabel bo‘lsa," - deb yozadi Latipov.

Jurnalistning fikricha, UzPost neytral platforma sifatida qolishi mantiqan to‘g‘riroq bo‘ladi.

“Agar to‘liq sotiladigan bo‘lsa, unda ochiq va shaffof tender bo‘lishi kerak”, - deydi u.

Bunga iqtisodchi Otabek Bakirov ham qo’shiladi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (“Davaktiv”) bu borada hech qanday izoh bermagan.

"Odatda, "Davaktiv" xususiylashtirishni yashirin qarorlar orqali amalga oshirganda, boshini qumga tiqib olishni afzal ko‘radi. So‘nggi yillarda agentlik UNG Petro, neftni qayta ishlash zavodlari va to‘lov tashkilotlarini topshirishdan tortib Dehqonobod kaliy zavodigacha bo‘lgan o‘nlab bunday “xususiylashtirish” bitimlar haqida ma’lumot berishni lozim topmadi. Eng qizig‘i shundaki, bu g‘ayritabiiy va shaffoflikdan yiroq holatlarga qaramay, zarbop to‘nga o‘ralgan xalqaro tashkilotlar va konsultantlar o‘z obro‘sidan xavotir olmay “Davaktiv” bilan muloqot va hamkorlikni davom ettirishmoqda,”- deya xulosa qiladi iqtisodchi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi OAVda e’lon qilingan UzPost (“O‘zbekiston pochtasi”) milliy pochta operatoridagi davlat ulushini xususiylashtirishga oid materiallarni o‘rganib chiqdi va unda keltirilgan ma’lumotlarning qonunchilik talablariga muvofiqligini tekshirdi. Agentlikning eslatishicha, amaldagi qonunchilik davlat organlariga xususiylashtirilgan mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligini ta’minlash, ma’lumotlarni ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirish va har chorakda yangilab borish majburiyatini yuklaydi.



Dana Oparina


2025-10-23 17:45 EGED