Yangiliklar

Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazidan yangi loyiha!

"Raqamli vositalar orqali jamoatchilik nazorati" loyihasi o‘z ishini boshladi.

"Raqamli vositalar orqali jamoatchilik nazorati" loyihasi - bu jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va iqtisodiy islohotlarning shaffofligi hamda hisobdorligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Ushbu loyiha Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi (FCDO) tomonidan moliyalashtirilib, "Iqtisodiy rivojlanish uchun samarali boshqaruv” (EGED) dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyihani amalga oshirishda esa Qirg‘izistonning “Taraqqiyot siyosati instituti” jamoat birlashmasi bilan hamkorlik olib boramiz.

Loyihaning milliy hamkorlari:

Ijtimoiy himoya milliy agentligi,

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi,

Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Loyihaning asosiy maqsadi - davlat sektori tomonidan amalga oshirilayotgan ishlardagi shaffoflik va samaradorlikni oshirish. Bunga esa ochiq ma'lumotlar bilan ishlashni yaxshilash, jamoatchilik qiziqishi va nazoratini rag‘batlantirish orqali erishish mumkin.

Shu sabab loyihamiz quyidagi 3 ta yo‘nalishga qaratilgan:

Nogironligi bor shaxslarning ish bilan ta’minlanish jarayoni: Ushbu yo‘nalishda nogironligi bor shaxslarning ish bilan ta’minlanishi va inklyuziya (hamma bir xil huquqlarga ega bo‘lishi va hech kim kamsitilmasligi) masalalarini yoritish va kengroq muhokamalarga olib chiqish;

Davlat moliyasini boshqarish islohotlarini amalga oshirish: Davlat byudjeti shakllanishi va ijro etilishi, davlat xarajatlarining samaradorligi, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish kabi masalalar o‘rganiladi;

Davlat xaridlaridagi shaffoflik: Davlat xaridlari jarayonining ochiqligi va raqobatbardoshligi, korrupsiya xavfini kamaytirish mexanizmlari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning jamoatchilikka taqdim etilishi kabi jihatlarga e’tibor qaratiladi.

Loyiha faoliyati quyidagi asosiy tadbirlardan iborat:

1. Data va iqtisodiy jurnalistika akseleratori: Jurnalistlar uchun ma’lumotlar bilan ishlash, tahlil qilish va vizualizatsiya qilish, iqtisodiy mavzularni yoritish bo‘yicha intensiv treninglar tashkil etiladi;

2. Kontent yaratish uchun mentorlik yordami: Tajribali mutaxassislar jurnalistlarga maqola va reportajlar tayyorlashda, ma’lumotlarni tahlil qilish va taqdim etishda ko‘maklashadi;

3. Axborot kampaniyasi: Nogironligi bor shaxslarni ish bilan ta’minlash, davlat moliyasi, davlat xaridlari sohalaridagi islohotlar haqida insonlarni xabardor qilish uchun qiziq va foydali materiallar tayyorlanadi va tarqatiladi;

Davlat idoralari bilan hamkorlik: Davlat organlari, NNT va xususiy bizneslar bilan birgalikda jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga javob berish, ma’lumotlarni ochiqlash va jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasidagi jurnalistlar, davlat organlari xodimlari, Nodavlat notijorat tashkilotlari, media sohasi ekspertlari hamda vatandoshlarga qaratilgan.

Maqsadimiz - jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, iqtisodiy islohotlarning shaffofligi va hisobdorligini oshirish, jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish va ochiq axborotlar bilan ishlash koʻnikmasini rivojlantirishdir.
Yangiliklar EGED