Yangiliklar

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalariga davlat buyurtmasi mavjudmi?

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalariga davlat buyurtmasi mavjudmi?

Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi 2024-yil 11-dekabr kuni boshqarma hamda “Media Affairs” MCHJ o‘rtasida umumiy qiymati 534,7 million so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri bitim imzoladi.

Shartnomaga ko‘ra,”Media Affairs” MCHJ Platina.uz sayti va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “Toshkent yoshlarni sevadi” shiori ostida o‘tkaziladigan tadbirlarni yoritishi, shuningdek, PR materiallarini joylashtirishi kerak edi.

“Qiziqarlisi shundaki, tadbir bilan bog‘liq ayrim video ko‘rishlar soni hatto 1000 taga ham yetmagan. Ya’ni, PR xarajatlari natijalarga nisbatan haddan tashqari yuqori ko‘rinadi. Agar bitta saytga yoritish uchun yarim milliard so‘m sarflangan bo‘lsa, boshqa saytlar va OAVda xarajatlar hajmini taxmin qilsak, tadbirning piari uchun umumiy xarajatlar ko‘lamini faqat taxmin qilish mumkin. Yoshlar uchun tadbirlariga e’tibor — bu ijobiy jihat, ammo davlatning PR faoliyatiga sarflangan xarajatlarning samaradorligi yanada chuqurroq baholanishi kerak”, — deb yozadi“Revizor” telegram kanali.

Davlat idoralari OAVdan PR xizmatlarini birinchi marta xarid qilayotgani yo‘q. Masalan, 2020-yil Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekistondagi elektron OAV Milliy assotsiatsiyasi bilan 705 million so‘mlik axborot xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolagan. Qurilish vazirligi esa reklama xizmatlari uchun Zo‘r TV xususiy telekanaliga 150 million so‘mdan ortiq, “O‘zbekiston 24” telekanaliga 97 million so‘m va “L’ideal Pictures” MCHJga 150 million so‘m to‘lagan.

Idoralar ko‘pincha reklama roliklarini nafaqat mahalliy OAVdan, balki xorijiy media kompaniyalaridan ham sotib oladi. Masalan, 2021-yilda Tashqi ishlar vazirligi CNN va Euronews kabi ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonni reklama qiluvchi videoroliklar uchun 2,9 milliard so‘m sarflagan.

Davlat OAVni qo‘llab-quvvatlashi mumkin

O‘zbekistonda OAV mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha alohida davlat buyurtmasi mavjud emas deya tushuntiradi mediayurist Madina Tursunova.

Ommaviy axborot vositalarining mahsuloti — bu davriy nashrlarning tiraji yoki uning bir qismi yoki tele-, radio-, video-, kinoxronik dasturlarning va boshqa elektron turdagi davriy tarqatiladigan ommaviy axborotning alohida chiqishi hisoblanadi.

Shu bilan birga, “Ommaviy axborot vositalari to‘g’risida”gi qonunining 5- va 1-moddasida davlat ommaviy axborot vositalarini davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash; ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari faoliyatini tashkil etish orqali qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi belgilangan.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ommaviy axborot vositalari mahsulotlarini yaratish bo‘yicha xizmatlar sotib olinayotganda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni va buyurtmachilar tomonidan tovarlar va xizmatlarni sotib olish tartib-taomilini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qoidalari qo‘llaniladi.

Qonun byudjet va korporativ buyurtmachilarni ajratadi.

Qonunchilikda buyurtmachining ehtiyojlariga qarab turli xil xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazish nazarda tutilgan:

• Elektron do‘kon;

• Kichik qiymatli xaridning soddalashtirilgan tartib-taomili;

• Boshlang‘ich narxni pasaytirish uchun auksion;

• Eng yaxshi takliflarni tanlab olish;

• Tender;

• Ikki bosqichli davlat xaridlari;

• To‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari;

• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan ruxsat etilgan xaridlarning boshqa raqobatli turlari.

Davlat buyurtmasini bajarish uchun har qanday talabgorlar xarid qilish tartib-taomillarining ishtirokchilari hisoblanadi. Bular ham mahalliy rezident kompaniyalar, ham xorijiy kompaniyalar bo‘lishi mumkin.

Shunday qilib, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining tashkiliy-huquqiy shaklida faoliyat yurituvchi ommaviy axborot vositalari davlat xaridlari ishtirokchisi bo‘lish huquqiga ega.

Dana Oparina
EGED