Antikor 2026-yildan boshlab barcha davlat idoralari olgan sovg‘alar haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni rejalashtirmoqda
Yangi yilning dastlabki oylaridan boshlab xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qabul qilingan sovg‘alar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni markazlashtirilgan holda umumlashtirishga kirishish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi so‘rovga javobda ma’lum qildi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Agentlikning sovg‘alar reyestrini keng jamoatchilikka e’lon qilish 2026-yil yanvar oyiga rejalashtirilgan.
Avvalroq, Antikor idora vakillari olgan sovg‘alar haqida ma’lumot berish haqidagi so‘rovga javob bermagani haqida xabar bergan edik.
Agentlik davlat organlari va tashkilotlari orasida birinchilardan bo‘lib sovg‘alar reyestrini keng jamoatchilik uchun o‘z rasmiy veb-saytida ochiq va doimiy e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yganini eslatib o‘tdi.
Agentlikning Sovg‘alar reyestri ilk bor 2023-yil aprel oyida shakllantirilgan bo‘lib, unda Agentlik tashkil etilganidan buyon qabul qilingan barcha sovg‘alar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochib berilgan.
2024-yil uchun Sovg‘alar reyestriga Agentlik tomonidan yil davomida rasmiy va xalqaro tadbirlar, shuningdek, xorijiy davlatlar vakolatli organlari vakillari bilan uchrashuvlar doirasida topshirilgan sovg‘alar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham kiritilgan.
2023-yildagi sovg‘alar
Olingan sakkizta suvenir va devoriy rasmlarning umumiy qiymati 14,57 million so‘mni tashkil etdi. Eng qimmatbaho sovg‘a Misr Ma’muriy nazorat boshqarmasi rahbarining 3,2 million so‘mlik haykalchasi bo‘ldi.
Boshqa sovg‘alar orasida Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Afg‘onistonning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari tomonidan taqdim etilgan, qiymati 1,35 million so‘mdan 2,5 million so‘mgacha bo‘lgan surat va esdalik sovg‘alari bor.
2024-yildagi sovg‘alar
2024-yilda Agentlik rasmiy hamkorlariga umumiy qiymati 14 million so‘mdan ortiq sovg‘alar topshirgan bo‘lsa, uning xodimlari tomonidan olingan va reyestrda aks ettirilgan sovg‘alar qiymati 32 million so‘mdan ortiqni tashkil etdi.
Reyestrda eng ko‘p qayd etilgan davlatlar qatorida Qatar (davlat auditi organlari, prokuratura va sud tuzilmalari), Malayziya (korrupsiyaga qarshi kurash idoralari, akademiyalar va nodavlat tashkilotlar), shuningdek, Tojikiston va Qozog‘iston bor. Reyestrning bunday tuzilmasi Agentlikning 2024-yilda aynan rasmiy sovg‘alar almashinuvi darajasida qaysi davlatlar bilan hamkorligi eng faol bo‘lganini ko‘rish imkonini beradi.
Agar sovg‘aning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan (1,6 mln so‘m) kam bo‘lsa, u xodimning ixtiyorida qoladi. Agar qiymati BHMning 4 baravaridan oshsa, u davlat organi balansiga o‘tkaziladi va davlat organi ehtiyojlari uchun foydalanilishi mumkin.