Imkoniyatsiz bolalar maydonchalari: nega "Tashabbusli budjet"da xarajatsiz g‘alaba qozonib bo‘lmaydi?
O‘zbekistonda "Tashabbusli byudjet" bo‘yicha ovoz berish jarayoni bir necha yildan beri ovozlarni sotib olish va ko‘pincha ma’muriy bosim bilan kuzatilmoqda. So‘nggi hodisalardan birida bir ovozning narxi 150 ming so‘mni tashkil etgan.
Natijada bunday "qo‘llab-quvvatlov"ga ega bo‘lmagan loyihalar yetarli ovoz to‘play olmaydi. Masalan, jurnalist Vera Suxina o‘z tumanidagi bolalar maydonchasini obodonlashtirish uchun ariza bergan, biroq yetarli ovozlar sonini to‘play olmagan.
Jurnalistning yozishicha, bunday loyihalarni amalga oshirayotgan tashkilotlar 4000 ta ovozni sotib olish uchun 400 million so‘m sarflashlari kerak ekan. "Ularning byudjetida "blogerlardan reklama va ovozlarni sotib olish" degan satr borligiga shubham bor. Demak, loyiha g‘alaba qozongan taqdirda, bu pullar yo‘l asfaltlash nomi ostida sarflanadi, agar, albatta, bu asfaltlash amalda bajarilsa".
Ovozlarni sotib olishga qarshi kurashish mumkinmi?
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Mahallalar uyushmasi vakillari "Mahalla byudjetini boshqarish samaradorligi: islohotlarning birinchi yili va uning mahalla hayotiga ta’siri" media-muloqoti doirasida ovozlarni sotib olishga qarshi qanday kurashish mumkinligi haqida so‘zlab berishdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bosh iqtisodchisi Habibullo Hamidov: "Toshkentga kelib ovoz berish holatlarining oldini olish maqsadida ovoz berish koeffitsiyenti usulini ishlab chiqdik. Masalan, Uchtepa tumanida 505 ta mahalla bo‘lsa, eng katta mahallada 1000 nafar, eng kichigida 100 nafar aholi yashaydi. Agar katta mahalladagi 10 nafar fuqaroning ovozini kichik mahalladagi 1 nafar fuqaroning ovoziga tenglashtirsak, ularning imkoniyatlari tenglashadi. Aks holda, kichik mahallalar doim yutqazadi. Shuning uchun, ovoz berayotgan fuqaroning aynan qaysi mahallada ro‘yxatdan o‘tganligini hisobga olmasak, adolatli tizimni yarata olmaymiz”.
Oybek Halimov, Mahallalar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i:“Bunday cheklovlar qo‘yilgani yaxshi bo‘ldi. Ba’zi mahallalarda tizimni tushunib yetganlari uchun, u erda yaxshi tashkilotchilar bo‘lgani uchun ko‘p muammolar hal bo‘ldi. Ayrim mahallalarda esa masalalar yechimsiz qolmoqda. Biz bu cheklovlarni ijobiy baholaymiz va qo’llab-quvvatlaymiz".
Agar ovoz yig‘ish bo‘yicha targ‘ibot to‘g‘ri olib borilsa va har bir xonadonga yetib borilsa, odamlarga bu ovoz berish ularning o‘z manfaatlari uchun ekanligini tushuntirilsa, pul ishtirok etishiga o‘rin qolmaydi, ovozlarni sotib olishga hojat qolmaydi.
“Biz, albatta, hamma bilan ishlaymiz, yangi saylangan mahalla raislariga "Tashabbusli byudjet" nimaligini, unda qanday ishtirok etish va mablag‘larni to‘g‘ri o‘zlashtirish kerakligini yetkazamiz”.
Habibullo Hamidov vazirlikka ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘layotganini aytdi: “Kim sizga 50 ming so’m pul to‘laydi, deb aytdi? – Bloger yozdi, deyishadi. Unda boring, blogerning o‘zi to‘lasin, deyman. Biz hatto Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ham murojaat qildik. Chunki ayrim mashhur blogerlar noto‘g‘ri ma’lumot tarqatib, loyihaga ovoz berish evaziga pul va’da qilgan. Bu blogerlarning o‘zi esa loyihalarning mazmunidan bexabar bo‘ladi”.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Moliya vazirligiga javob berib, bir nechta taniqli blogerlarga qat’iy ogohlantirish berilganini va agar takrorlansa, ularga nisbatan qattiq choralar ko‘rilishini ma’lum qildi.
"Blogerlardan loyihalarning mohiyatini chuqurroq o‘rganishlarini so‘raymiz. Ehtimol, ular ovozlarni sotib olishni targ‘ib qilmoqchi, ammo bu noto‘g‘ri yo‘l. O‘zini hurmat qiladigan jurnalist yoki bloger pul ortidan quvib, blogida nimani bo‘lsa shuni e’lon qilavermaydi. Har qanday ishdan faqat moliyaviy foyda kutadigan kishi odamlarni aldashi va ularning ishonchini yo‘qotishi mumkin", - deya xulosa qildi u.