Yangiliklar

“O‘zatom” atom energetikasi bo‘yicha konferensiyaga 5,9 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarfladi (yangilandi)

“Oʻzatom” agentligi 2024-yil dekabr oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan Atom energiyasini rivojlantirish va undan foydalanish boʻyicha xalqaro konferensiyaga 5,9 milliard soʻmdan ortiq mablag‘ sarflagan. Bu haqda davlat xaridlari portalidagi ma’lumotlarda keltirilgan.
Shu tariqa, Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasiga 100% tegishli boʻlgan "Interforum" DUK "Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish istiqbollari: xalqaro va milliy tajriba" mavzusidagi konferensiyani tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha kompleks xizmatlarni taqdim etdi. Konferensiya 5-dekabr kuni oʻtgan boʻlib, uning tashkil etilishi davlat byudjetiga 4 milliard soʻmdan ortiq mablag‘ga tushgan.
Bundan tashqari, 1,9 milliard soʻm “Samarkand Touristic Centre” MChJga sarflangan. 2024-yilnig 4-6-dekabr kunlari rasmiylar Samarqanddagi mehmonxonalarda 1-4 kechagacha toʻxtashgan.
“Oʻzatom” rahbari Azim Ahmedxoʻjayev 4,9 million soʻmlik xonada turgan.

MAGATE rahbari Rafael Mariano Grossi turgan prezident lyuks xonasi narxi bir kecha uchun 25 million soʻmdan ortiqni tashkil etadi.
Mehmonxonalar boʻyicha taqsimlash:
  • Hilton Garden Inn Sogd - 19 kishi - 500 ming soʻmdan 1 million soʻmgacha (1 kishiga bir kecha uchun);
  • Savitsky Plaza - 23 kishi - 1 million soʻmdan 1,2 million soʻmgacha (1 kishiga bir kecha uchun);
  • Hilton Samarkand Regency - 12 kishi - 2 milliondan 7,5 million soʻmgacha (1 kishiga bir kecha uchun);
  • Silkroad by Minyoun - 9 kishi - 1,7 milliondan 6,1 million soʻmgacha (1 kishiga bir kecha uchun).
Majlis xonalari (meeting rooms) ijarasi uchun 578 million soʻmdan ortiq mablag‘ toʻlangan, 4-5-dekabr kunlari ovqatlanishni tashkil etish 973 million soʻmdan ortiq, texnik jihozlar va qoʻshimcha xizmatlar uchun esa 98 million soʻmdan ortiq mablag‘ sarflangan.
Boshqa yirik shartnomalar
“Oʻzatom” agentligi 27 ta aviachipta uchun 301 million soʻmdan ortiq mablag‘ sarflagan.
Shuningdek, 194 million soʻm toʻrtta videorolik uchun ajratilgan, mazkur shartnoma “Safayev Anvar Nadirovich” YTT bilan tuzilgan.

2024-yil aprel oyida “Oʻzatom” “Atom energetikasining asoslari” yoʻnalishida har biri 74 soatlik bo‘lgan uchta o‘quv guruhi uchun kurslar tashkil etishga 126 million so‘m sarfladi.
Kurslar “MMFI” MTYAU (Moskva) bosh universitetining oʻqituvchilarini jalb qilgan holda oʻtkazildi. Radiatsiyaviy xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish mavzusida tinglovchilarga, masalan, Belarus tajribasi taqdim etildi.
Tinglovchilar orasida "Oʻzatom" bosh mutaxassisi, oʻqituvchilar, muhandislar va boshqalar bor.

26-mart kuni Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasi katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasi istiqbollarini muhokama qilgani ma’lum boʻldi. Ma’lumot uchun, "Oʻzatom" atom energetikasini rivojlantirish agentligi 2018-yil 19-iyulda tashkil etilgan. Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari mamlakatda atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni oʻz ichiga oladi.
“Uzatom” agentligida tadbirni moliyalashtirish ishtirokchi davlatlar kompaniyalarining homiylik mablag‘lari hisobidan to‘liq ta’minlangani ma’lum qilindi.
Дана Опарина
EGED