Yangiliklar

Uzbekistan Airways kompaniyasi Qanot Sharq’dan ijaraga olgan ikkita A330 samolyoti 35 million dollardan ko‘proqqa tushdi

Uzbekistan Airways Qanot Sharq xususiy aviakompaniyasidan ikkita Airbus A330 samolyotini ijaraga olish qiymati QQS hisobga olinmagan holda 35 million dollardan ortiqni tashkil etdi. Bu ma’lumotlar davlat xaridlari portalida e’lon qilingan.
Shu bilan birga, shartnomada bu summa “taxminiy” deb ko‘rsatilgan va “faqat O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shartnomani ko‘rib chiqish va ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun taqdim etilgan va tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida shartnoma shartlariga binoan bu summa o‘zgarishi mumkin”.
Bitim 2024-yil 16-may kuni imzolangan. UK33020 ro‘yxatga olish raqamli layner uchun qaytarish sanasi 2025-yil 9-may, UK33021 uchun esa 2025-yil 14-may etib belgilangan. Shartnomada ko‘rsatilishicha, ijara muddati tugashiga kamida 70 kun qolganda, uni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati mavjud.
Shartnomaga ko‘ra, ijarachi har bir blok-soat uchun $4900 to‘lash majburiyatini oladi (QQS hisobga olinmagan). Blok-soat — bu havo kemasining darvozadan (geytdan) harakatlanishni boshlagan vaqtidan boshlab boshqa darvozaga (geytga) kelib to‘xtaganigacha bo‘lgan vaqt. Bir oyda eng kam blok-soatlar soni 280 ta, fevral oyida esa 260 ta deb ko‘rsatilgan.
Hujjatga binoan, ushbu ijaraga olingan samolyotlar Toshkent–Istanbul–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan.

2024-yil 17-mayda bu nam lizing ekanligi ma’lum bo‘ldi. Nam lizing nafaqat samolyotni, balki to‘liq ekipajni, texnik xizmat ko‘rsatish va sug‘urtani ham ijaraga olishni anglatadi. Shartnomada beshta ekipaj tarkibi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, havo kemalari Uzbekistan Airways logotipi va yozuvlari bilan parvoz qilishi belgilangan.
Uzbekistan Airways ilk bor 2023-yil aprel oyida A330 samolyotlaridan foydalanishni boshlagan. Ikkita shunday samolyot Litvaning Heston Airlines aviakompaniyasidan ham ijaraga olingan. Ekipajlar chet el fuqarolaridan iborat edi. Ayni paytda ikkala samolyot ham egasiga qaytarilgan.
Dana Oparina
EGED