2019-yildan buyon "Tez yordam" uchun Damas avtomobillaridan voz kechilishi haqida bayonotlar berib kelinadi. Biroq, shunga qaramay, hatto 2024-yilda ham tibbiyot muassasalari ushbu turdagi avtomobillarni sotib olgan. Bu davlat xaridlari portali ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Tarixiy asos
"Tez yordam" Damas’dan voz kechishi haqidagi gaplar 2019-yildan beri yangramoqda. O‘shanda 2021-yilgacha Damas’dan butunlay voz kechish rejalashtirilgan edi. 2020-yilda Sog‘liqni saqlash vazirining o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov "tez yordam" uchun Damas sotib olish to‘xtatilganini aytgan edi.
"Avvallari iqtisodiyot imkoniyatlaridan kelib chiqib, Damas sotib olinardi. Bugun tibbiyot uchun Damas yetkazib berish to‘xtatildi. Samarqandda ishlab chiqarilayotgan yangi va zamonaviy avtomobillar hamda xorijiy mamlakatlardan keltirilgan mashinalar joriy etilmoqda. Sog‘liqni saqlash tizimi avtoparki to‘liq yangilanmoqda," – dedi u.
Shunga qaramay, 2021-yilda kamida beshta Damas avtomobili sotib olingan, bu haqda o‘sha paytda davletovuz taxallusli bloger e’tibor qaratgan edi. Amrillo Inoyatov bu xaridlar bemorlarni tashish uchun emas, balki boshqa maqsadlar uchun amalga oshirilganini ta’kidlagan.
“Koronavirus tufayli epidemiologik vaziyat yomonlashgan bir paytda bu mashinalar zarur.[…] Bu "Damas"lar shu maqsadda ishlatiladi. Chunki koronavirusga chalingan bemorlarning hammasini ham kasalxonada davolash imkoni yo‘q - shifoxonalarimizda joy yetishmaydi," - dedi Amrillo Inoyatov.
2025-yilgacha barcha eskirgan "tez yordam" mashinalarini, shu jumladan Damas mikrovenlari bazasida ishlab chiqarishni to‘xtatish rejalashtirilgan edi. Shunga qaramay, 2024-yilda turli tibbiyot tashkilotlari tomonidan kamida to‘rtta Damas xaridi amalga oshirilgan. Har bir holatda ham yetkazib beruvchi UzAuto Motors bo‘lgan.
Kim xarid qilgan
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filiali - 22-fevral kuni "Tez yordam" xizmati uchun Damas2-D13 rusumli avtomobilni 92 million so‘mga xarid qildi. Yo‘llanma hujjatlarida Sog‘liqni saqlash vazirligining 2022-yil 19- dekabrdagi "Sog‘liqni saqlash tizimi tibbiyot muassasalarini avtotransport vositalari bilan ta’minlash me’yorlari va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida"gi 330-sonli buyrug‘iga havola mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, har 80-100 o‘ringa sutka davomida xizmat ko‘rsatish uchun bitta avtomobil sotib olishga ruxsat beriladi.

G‘uzor tumani tibbiyot birlashmasi - 13-avgust kuni "Tez yordam" uchun Damas2-D13’ni 92 mln so‘mga sotib olgan. Ilova qilingan hujjatlarga ko’ra, xarid "homiylik mablag‘lari hisobidan" amalga oshirilgani aytiladi. Mablag‘lar homiylik hisobidan bo‘lsa, hujjatlar nega davlat xaridlari portalida e’lon qilingani noma’lumligicha qolmoqda.
Qashqadaryo viloyati OITSga qarshi kurash markazi - 31-iyulda 92 million so‘mga Damas xarid qilgan. Xuddi shunday xarid Buxoro viloyati OITSga qarshi kurash markazi tomonidan ham amalga oshirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillarining ta’kidlashicha, Prezidentning 2022- yildagi 283-sonli qarori qabul qilingandan so‘ng, “tez yordam uchun birorta ham Damas xarid qilinmagan”. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, xarid qilingan Damaslar boshqa maqsadlarda foydalanilishi mumkin.
Dana Oparina