Yangiliklar

Nogironligi bor bolalarning onalari: ish va farzand parvarishi o‘rtasidagi muvozanatni izlash

2025-yil yanvar oyidan boshlab 19 ming nafar bola uchun uy sharoitida parvarish xizmatlari, 4000 nafar bola uchun esa kunduzgi parvarish tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu esa ilgari bu bolalar parvarishi bilan band bo‘lgan 15 ming kishiga mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish imkonini beradi. Bu haqda o‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan prezident yig‘ilishida aytib o‘tilgan.

Parvarish, bemorlarga qarash xizmatlarini ko‘rsatuvchi xususiy sektor xarajatlarining 80% ni davlat qoplashi ko‘zda tutilgan edi. Bu tashabbus dastlab Toshkentda amalga oshirilib, kelgusi yil oxirigacha barcha viloyatlarda joriy etiladi.

Agar oilalar nogironligi bor bolani doimiy bandlik va tashqi yordam yetishmasligi sharoitida tarbiyalasa, bu bolalarning o‘zini ijtimoiylashuv, ta’lim olish va mehnat hayotiga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatlaridan mahrum qiladi.

Biz Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Ijtimoiy himoya agentligiga ushbu masala yuzasidan qanday chora-tadbirlar ko‘rilganligi haqida so‘rov yubordik. Shuningdek, quyidagi savollarni ham yo‘lladik:

  • O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolaning mavjudligi ota-onalar, ayniqsa onalarning bandligi, daromadi va umumiy ahvoliga ta’siri bo‘yicha tadqiqot o‘tkazilganmi? Agar yo‘q bo‘lsa, bunday tadqiqotlarni boshlash rejalashtirilganmi?
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ish bilan ta’minlash dasturlarini ishlab chiqishda nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari ehtiyojlarini, ayniqsa onalar uchun yuqori ish yuklamasi va to‘liq ishga joylashish imkoniyati yo‘qligini qanday hisobga oladi?
  • O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qilayotgan ota-onalarning daromadi pasayishini qoplaydigan ijtimoiy yordam choralari mavjudmi? Nogironlik bo‘yicha xarajatlarning necha foizi davlat tomonidan qoplanadi?
  • Nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari, ayniqsa ayollar uchun moslashuvchan bandlik, masofaviy ish yoki qisqartirilgan ish jadvalini ta’minlovchi dasturlar mavjudmi?
  • Davlat siyosatida nogironligi bo‘lgan bolalarga tashqi parvarish qilish infratuzilmasini, masalan, ota-onalar ishlashi uchun kunduzgi markazlar yoki inklyuziv ta’lim muassasalarini rivojlantirish ko‘zda tutilganmi?
  • Nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan onalarning rasmiy ish bilan bandlik darajasi, nogironligi bo‘lmagan bolalarning onalari bilan solishtirganda qanday? Bu borada statistika yuritiladimi?
  • Faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari uchun qayta o‘qitish yoki kasbiy o‘sish bo‘yicha davlat dasturlari mavjudmi?

Savollarga javoblar olganimizdan so‘ng, ularni keyinchalik e’lon qilamiz.

Italiya tajribasi

Italiyada nogironligi bo‘lgan bolalarning onalari kamroq ishlaydilar, kamroq maosh oladilar, nogironligi bo‘lgan bolaning mavjudligi ularning martabasiga uzoq muddatli ta’sir qiladi. Bu haqda tadqiqotchi Nikoletta Balbo 31- may kuni Budapeshtda oflayn va onlayn tarzda bo‘lib o‘tgan "Nogironlik va demokratiya: turli siyosiy va huquqiy tizimlar nuqtai nazaridan istiqbollar" mavzusidagi seminarda ma’lum qildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolaning mavjudligi ota-onalarning umumiy ahvoliga va ularning daromadiga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha tadqiqotlar yo’q.

Italiyada nogironligi bo‘lgan bolalarning ota-onalari umumiy va ruhiy salomatlik darajasining pastligi, shuningdek, farovonlik darajasining pastligi haqida xabar berishadi.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, oilada nogironligi bo‘lgan bolaning mavjudligi ota-onaning umumiy salomatlik darajasining pastligi bilan bog‘liq. Masalan, nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalarning 3,25% i sog‘ligini yomon deb baholaydi, nogironligi bo‘lmagan bolalarning ota-onalari orasida esa bu ko‘rsatkich 1,95% ni tashkil etadi.

Ta’lim darajasi past bo‘lgan ota-onalar nogiron farzandi borligi ularga ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatishini aytishgan. Ularda umumiy salomatlik darajasi 0,18 ballga (0 dan 4 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha) va hayotdan qoniqish 0,122 ballga (0 dan 10 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha) pasayganligi kuzatilgan.

Bolaning nogironligi tufayli yuzaga keladigan sog’liqdagi farqlar va jismoniy asoratlar, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli past bo‘lgan onalar va oilalar uchun ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Har Ikkala holatda ham - bu bolani asosiy parvarish qilish bo‘ladimi yoki g‘amxo‘rlikni qisman topshirish uchun moddiy va madaniy resurslarning yetishmasligi bo‘ladimi - ota-onaning hayoti butunlay bolaning nogironligi bilan belgilanadi.

Bu stressning kuchayishiga, stigmatizatsiyaga, shaxsiy vaqt va dam olish uchun vaqt yetishmasligiga, shuningdek, ish va oila o‘rtasidagi muvozanatning yomonlashishiga olib keladi.

Nogironligi bo‘lgan bola tug‘ilgandan 15 yil o‘tgach, nogironligi bo‘lmagan bolalar onalarining nazorat guruhi bilan taqqoslash onalarda quyidagilarni ko‘rsatadi:

  • ishga joylashish ehtimoli 15% kam;
  • yiliga ishlangan haftadan 12% kam;
  • haftalik ish haqidan 4% kam;
  • mehnatdan olinadigan umumiy daromaddan 15% kam;
  • rahbarlik lavozimini egallash ehtimoli 1,3% ga kam.

Nogironlik bo‘yicha beriladigan subsidiyalar bolaning nogironligi bilan bog‘liq xarajatlarning atigi 35% qoplaydi.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash siyosati nogironligi bo‘lgan bolani parvarish qilishning kengroq strategiyasining bir qismi sifatida ota-onalarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli past bo‘lgan onalar va oilalarga alohida e’tibor qaratgan holda, oilaga yo‘naltirilgan parvarishlash tizimini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Dana Oparina
EGED