Ta’minotchi BYD Uzbekistan Factory uchun nasoslar xarid qilishda qoidabuzarliklar sodir etilgani haqida xabar berdi
Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasiga NATIONAL CONSULTING BUSINESS tashkiloti murojaat qildi. Ular “BYD UZBEKISTAN FACTORY” MCHJ QKga 240 million so‘mlik uchta sanoat nasosini yetkazib bergan. Ammo BYD vakili nasoslarni qabul qilishdan bosh tortgan.
Tashkilot shartnomasi joriy yilning 10-iyulida imzolangan (lot raqami 252210085286495). Shartnomaning 1-bandidagi "Tovar haqida ma’lumot" qismida yetkazib beriladigan mahsulot Germaniyaning GRUNDFOS kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan "CRN 15-9 A-FGJ-A-E-HQQE" rusumli nasos bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan.
Ta’minotchi mavqei
"Shartnoma majburiyatlarini bajargan holda, 2025-yil 29-iyulda aynan GRUNDFOS (Germaniya) kompaniyasi ishlab chiqargan CRN 15-9 A-FGJ-A-E-HQQE rusumli nasoslarni yetkazib berdik. Ammo ta’minot bo‘limi xodimi Sanjar Uralov mahsulotlarni qonunga muvofiq qabul qilish tartibini tashkil etish o‘rniga, xodimlarimizga mahsulotlarni qabul qilish to‘g‘risidagi qarorni yakka o‘zi qabul qilishini aytdi. Biroq u yetkazib berilgan nasoslarni ko‘rib chiqishdan bosh tortdi, ularni qabul qilishni rad etdi va olib ketishimizni talab qildi," - deydi NATIONAL CONSULTING BUSINESS vakili.
Xodimlar “BYD UZBEKISTAN FACTORY” MCHJ QKning komplaens bo‘limiga mahsulotlarni tekshirish va qabul qilish tartibini o‘tkazish, shuningdek, Sanjar Uralovning rad etish sabablarini tushuntirishni so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lishdi.
"Komplaens bo‘limi xodimi aralashganidan keyingina Sanjar Uralov texnik bo‘limning ikki xodimi va Ulug‘bek ismli omborchini taklif qilib, qabul jarayonini tashkillashtirdi. Texnik xodimlar nasoslarni ko‘zdan kechirib, bu aynan shartnomada ko‘rsatilgan nasoslar ekanligini tasdiqlashdi. Ammo ular ta’minot bo‘limi buyurtmasida nasosning boshqa markasi ko‘rsatilganini aytib, Uralovga e’tiroz bildirishgan. O‘shanda Uralov ularni ko‘ndirib, tanishi orqali nasos markasini xato ko‘rsatib, mahsulotni elektron do‘konga joylashtirganini tan olgan va bir kun ichida o‘zining tanish tashkilotidan mutaxassislar buyurtma bergan aynan o‘sha nasosni olib kelishga va’da bergan," - deydi yetkazib beruvchi vakili.
Mutaxassislar uning taklifiga rozi bo‘lmaganidan so‘ng, Uralov Kirin Sardor ismli boshqa hamkasbi bilan birga qaytib keldi.
"Ular yetkazib berilgan nasoslarni telefondagi boshqa nasosning surati bilan solishtirishga harakat qilishdi va aynan suratdagi nasos kerakligini aytishdi. Bizni esa "noto‘g‘ri mahsulot" yetkazib berishda ayblashdi. Biroq, biz yetkazib bergan nasoslar shartnomada ko‘rsatilgan CRN 15-9 A-FGJ-A-E-HQQE rusumiga mos kelishi aniqlandi, Sardor Kirinning suratida esa butunlay boshqa rusumdagi - CRN 1509 A-FGJ-G-B-HQQE nasosi bor edi. Biz amaldagi shartnomada ko‘zda tutilgan tovarni yetkazib bergan bo‘lsak-da, "BYD UZBEKISTAN FACTORY" MCHJ QK xodimlari yuqoridagilarni bahona qilib, uni qabul qilishdan asossiz bosh tortishdi."
"Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning 13-moddasi va shartnomaning 7-bo‘limiga ko‘ra, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik ustuvor tamoyil hisoblanadi. Ushbu tamoyil qonunda belgilangan tartib-taomillarga rioya etish orqali ta’minlanishi kerak va qonunning 46-moddasida xarid qilishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlash, xarid ishtirokchilariga bosim o‘tkazish, noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etish, firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlangan.
"Biroq, yuqoridagilardan kelib chiqadiki, “BYD UZBEKISTAN FACTORY” MCHJ QK ta’minot bo‘limi xodimi Sanjar Uralov o‘z xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilgan: avvaliga qonunga xilof ravishda raqobatsiz xarid usulini tanlagan, o‘z tanishiga kerakli tovar haqida oldindan ma’lumot berib, mahsulotni elektron do‘konga joylashtirishni tashkil etgan, shartnoma matnini qasddan soxtalashtirgan - korxonaga kerakli nasosning noto‘g‘ri markasini ko‘rsatgan. Keyin u davlat xaridlari ishtirokchisi sifatida kompaniyamizga bosim o‘tkazdi, yetkazib berilgan mahsulotlarni ko‘rib chiqishdan bosh tortdi, komplaens-bo‘lim aralashuvidan so‘ng esa o‘zi soxtalikni tan oldi va "tanishi orqali" boshqa nasos olib kelishga va’da berdi. Bu bilan u moddiy manfaatdorlik va g‘arazli niyatlarni namoyon qilgan, bu esa, bizning fikrimizcha, korrupsiyaga oid huquqbuzarlikdir," - deyiladi xabarda.
Fuqarolik kodeksining 236-moddasiga muvofiq majburiyatlar shartnoma shartlariga va qonun hujjatlari talablariga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, shu paytgacha mahsulotning har qanday nomuvofiqligi yoki kamchiliklari haqida yozma ravishda xabar berilmagan. Shu bilan birga, kompaniya muvofiqlik sertifikatini taqdim etdi.
”Davlat xaridlari bo‘yicha shartnomalarda yetkazib berish muddati buyurtmachining tovar uchun pul mablag‘larini maxsus axborot portali (birja) operatori hisobiga o‘tkazishiga bevosita bog‘liq. Mazkur mablag‘lar tovar amalda yetkazib berilgunga qadar bloklangan holda turadi. Biroq, BYD bizning mahsulotimiz uchun operatorga pul o‘tkazmadi, bu esa ularning "o‘z" yetkazib beruvchisidan nasoslarni sotib olish niyatini va elektron do‘konda g‘olib biz bo‘lganimizdan noroziligini yana bir bor tasdiqlaydi”.
Qonunchilikda nima deyilgan
"Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning 5-moddasida davlat xaridlarining asosiy tamoyillari belgilangan bo‘lib, ular orasida raqobat va xolislik, shuningdek, korrupsiyaning oldini olish kabi tamoyillar mavjud.
Mazkur qonunning 15-moddasida "Davlat buyurtmachisining xodimi davlat xaridlarining ijrochilari yoki boshqa har qanday shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarida, agar bunday oshkor etmaslik davlat xavfsizligi manfaatlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa yoxud bunday axborotni oshkor etish qonun hujjatlariga zid bo‘lsa, belgilangan talablarga rioya etilishini ta’minlashga to‘sqinlik qilsa, davlat xaridlari subyektlarining qonuniy manfaatlariga zarar yetkazsa yoki insofli raqobatga xalaqit bersa, agar davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bunday axborotni oshkor etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, hech qanday axborotni oshkor etishga haqli emas," deb ko‘rsatilgan.
Shuningdek, qonunning 40-moddasiga ko‘ra: "Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda davlat buyurtmachisiga g‘olib aniqlanguniga qadar davlat xaridlari elektron tizimining operatori va davlat xaridlari elektron tizimining ishtirokchisi, shuningdek ishtirokchilar bilan muzokaralar olib borish taqiqlanadi."
Qonunning 46-moddasida ishtirokchilarni kamsitishga, bir ishtirokchiga boshqa ishtirokchilarga zarar yetkazgan holda imtiyozlar yoki preferensiyalar berishga, manfaatlar to‘qnashuviga, davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslanmagan usullarini qonunga xilof ravishda tanlashga, xarid subyektlariga bosim o‘tkazishga, ishtirokchilar sonini asossiz ravishda cheklashga, shuningdek raqobatga yo‘l qo‘ymaslik, uni cheklash yoki bartaraf etishning har qanday boshqa shakllariga, firibgarlikka, soxtalashtirishga va korrupsiya ko‘rinishlariga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustahkamlab qo‘yilgan.
"Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi 2-qismida ham "savdolarda raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar, shu jumladan: savdolarni o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzish, savdolarning bir yoki bir necha ishtirokchisi uchun, shu jumladan axborotdan foydalanish orqali ishtirok etish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratish, savdolarning borishiga va ularning natijalariga ta’sir ko‘rsatish, savdolarning buyurtmachilari va ishtirokchilari tomonidan raqobatga qarshi bitimlar tuzish va kelishilgan harakatlarni amalga oshirish" taqiqlanishi ko‘rsatilgan.
Xulosa
So‘nggi paytlarda davlat xaridlari jarayonida korxona uchun zarur bo‘lgan tovarlar "boshlang‘ich narxi pasaytirilgan auksion"ga chiqarilmay, mahsulot yetkazib berilib, foydalanishga topshirilgandan so‘ng elektron do‘kon orqali xarid qilish holatlari kuzatilmoqda. Shu bilan birga, bir qator hollarda elektron do‘konga ishtirokchilarni chalg‘itishi va to‘laqonli raqobat imkoniyatlarini cheklashi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bilan lotlar joylashtiriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va tashqi iqtisodiy shartnomalar bo‘yicha import qilinadigan noyob va qimmatbaho uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha elektron do‘kon orqali tuziladigan shartnomalarda ko‘pincha yetkazib berish muddati atigi 1-3 ish kuni etib belgilanadi. Bunday mahsulotlarning o‘ziga xos xususiyatlari va ularni chet eldan olib kelish zarurligini hisobga olgan holda, agar ombor zaxirasi oldindan ta’minlanmagan bo‘lsa, bunday muddatlar vijdonli yetkazib beruvchilar tomonidan bajarilishi qiyin bo‘ladi.
Yetkazib berish muddatlarining haddan tashqari qisqa qilib belgilanishi yoki elektron do‘kon orqali tuzilgan shartnomalarda tovar to‘g‘risida to‘liq bo‘lmagan/noto‘g‘ri ma’lumotlarning joylashtirilishi buyurtmachiga yetkazib beruvchi bilan tuzilgan shartnomani bekor qilish va tovarni qabul qilishdan bosh tortish imkoniyatini yaratishi mumkin.
Biz BYD Uzbekistan Factory MChJ XK va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga so‘rov yubordik.
Agentlikda ta’kidlanishicha, Iqtisodiy protsessual kodeksning 26-moddasiga ko‘ra, qonunda nazarda tutilgan majburiy shartnoma tuzish chog‘ida yuzaga keladigan nizolar, shuningdek, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish, majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik masalalari iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonunning 78-moddasida har bir ishtirokchi, shuningdek, nazoratni amalga oshiruvchi shaxslar davlat buyurtmachisi, vakolatli organ, harid komissiyasi, uning a’zolari, maxsus axborot portalining operatori harakatlari (yoki harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqiga ega ekani, bunday shikoyatlar davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi ko‘rsatilgan.
“Yuqoridagilardan kelib chiqib, murojaatda ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan Davlat xaridlari bo‘yicha shikoyatlarni ko‘rib chiqish komissiyasiga yoki iqtisodiy sudga murojaat qilish mumkin”, — deya izoh berildi Agentlik tomonidan.