Yangiliklar

O‘zbekiston Respublika Tovar-xomashyo birjasidagi insofsiz ijrochilar bo‘yicha tekshiruv natijalari noaniqligicha qolmoqda

2023-yil iyul oyida Bosh prokuratura “O‘zbekiston Respublikasining Tovar-xomashyo birjasi” AJ harakatlari bo‘yicha xizmat tekshiruvini tayinladi. Sababi – insofsiz ijrochilar reyestrida qayd etilgan kamida to‘rtta kompaniya davlat xaridlarida ishtirok etgan edi. Biroq xizmat tekshiruvi natijalari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. 13-mart kuni biz Bosh prokuraturaga so‘rov yubordik, ammo hali ham javob olmadik.

Voqealar rivoji

2023-yil may oyida to‘rtta kompaniya - Sadaf Biznes Service, Nasim Bobo Qayumov, Sanoat Universal, Afrosiyob Grand Textile 2022-yil 26-sentyabrda reyestrga kiritilganiga qaramay, davlat xaridlari portalida yirik shartnomalar olgani ma’lum bo‘ldi.

Shu bilan birga, Moliya vazirligining G‘aznachiligi shartnomalar davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari o‘z dasturlariga cheklovlar qo’yishidan oldin tuzilganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda Insofsiz ijrochilarning yagona reyestriga kiritilgan kompaniyalar reyestrga kiritilgan paytdan boshlab ikki yil davomida davlat xaridlarida ishtirok eta olmaydi.

Davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlar va xarid qilish hujjatlariga qonunchilikda taqiqlangan hamda raqobatni cheklaydigan ma’lumotlar, havolalar va talablarni kiritish, xarid qilish hujjatlarini tasdiqlash va buyurtmalarni shakllantirish tartibini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Insofsiz ijrochilarning ishlamayotgan reyestri

Ta’kidlash joizki, insofsiz yetkazib beruvchilar reyestri ishlamayapti. Ushbu suratda reyestrda birorta ham kompaniya qayd etilmaganini ko‘rish mumkin.
Reyestrning samaradorligini oshirish uchun cheklovlarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, texnik infratuzilmani yaxshilash va insofsiz ijrochilarni jalb qilganlik uchun davlat buyurtmachilarining javobgarligini oshirish zarur.

Biz davlat xaridlari portali faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan Iqtisodiyot va moliya vazirligidan insofsiz ijrochilar reyestri nima sababdan ishlamayotgani haqida so‘radik. Javobni kutmoqdamiz.



Dana Oparina
EGED