2026-yilning 21-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi eshiklari OAV vakillari uchun keng ochildi. Press-tur doirasida o‘tgan yildagi faoliyat sarhisob qilinib, 2026-yildagi strategik rejalar ochiqlandi. Mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligining mas’ul rahbar va mutaxassislari, Yoshlar parlamenti a’zolari hamda mahalliy va respublika OAV vakillari faol ishtirok etdilar.
Press-tur doirasida o‘tkazilgan ochiq muloqotda Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi Ilhom Abdullayev va qo‘mita a'zolari ishtirok etishib, qo‘mitaning o‘tgan yildagi faoliyati natijalari, qonun ijodkorligi sohasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, axborot texnologiyalarini joriy etish va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kelgusidagi rejalar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Strategik sarhisob: 11 ta qonun loyihasi va raqamli nazorat
O‘tgan 2025-yil qo‘mita uchun nafaqat qonun ijodkorligi, balki amaliy nazorat yili ham bo‘ldi. Hisobot davrida qo‘mita 11 ta qonun loyihasi ustida ish olib borib, ulardan 9 tasini yuqori palataga (Senatga) yo‘naltirgani ta’kidlandi. Bu hujjatlar intellektual mulk himoyasidan tortib, elektron tijorat va shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqlarini himoya qilishgacha bo‘lgan muhim nuqtalarni qamrab oladi.
Shuningdek, qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan 13 ta nazorat-tahlil tadbiri davomida Raqamli texnologiyalar va Sog‘liqni saqlash vazirliklarining hisobotlari eshitilgan. Ayniqsa, tibbiyotni raqamlashtirishga qaratilgan “DMED” loyihasi doirasida hududlardagi texnik muammolar, jumladan, chekka qishloqlardagi internet va kompyuter ta’minoti masalalari deputatlar nazoratiga olingan.
Sun’iy intellekt: deputatlarning yangi yordamchisi yoxud mualliflik huquqi va shaxsiy daxlsizlik masalalari
Press-tur davomida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berar ekan, qo‘mita a’zosi Behzod To‘xtamurodov qonunchilik jarayoniga sun’iy intellekt (SI) elementlarini olib kirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida gapirdi:
Sun’iy intellekt: deputatlarning yangi yordamchisi yoxud mualliflik huquqi va shaxsiy daxlsizlik masalalari
Press-tur davomida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga javob berar ekan, qo‘mita a’zosi Behzod To‘xtamurodov qonunchilik jarayoniga sun’iy intellekt (SI) elementlarini olib kirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida gapirdi:
“Biz qonunlarni ko‘rib chiqish sifatini oshirish uchun sun’iy intellekt texnologiyasini joriy qilish loyihasini tayyorladik. SI deputatlar uchun o‘ziga xos yordamchi tizim bo‘lib, xalqaro tajribani tahlil qilish va yangi kirib kelayotgan qonun loyihalarini amaldagilari bilan qiyosiy o‘rganishda xizmat qiladi. Hozirda ushbu tizimning konsepsiyasi tayyorlanib, rahbariyatga taqdim etilgan”, — deya ta’kidladi u.
Deputat Shahnoza Xolmaxmatova esa O‘zbekistonda sun’iy intellekt (SI) sohasining huquqiy “pasporti”ni yaratish jarayoni yakuniy bosqichga kirayotganini aytib o‘tdi. Prezidentning 2025-yildagi murojaatnomasida belgilangan vazifalar asosida qo‘mita a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan va allaqachon Senat tomonidan ma’qullangan yangi qonun loyihasi sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi ilk jiddiy hujjatdir.
“Ushbu qonun loyihasi jamiyatimizda sun’iy intellekt bilan bog‘liq munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga, 'sun’iy intellekt' tushunchasining o‘ziga huquqiy ta’rif berishga xizmat qiladi. 2026-yilda esa e’tiborimizni yanada kengaytirib, 'raqamli hukumat', raqamli davlat boshqaruvi va tibbiyot platformalarining huquqiy bazasini mustahkamlovchi loyihalar ustida ishlashni maqsad qilganmiz”, — deya deputat sohadagi strategik rejalarni ochiqladi.
Jurnalistning “Haddan tashqari tartibga solish startaplar rivojiga to‘sqinlik qilmaydimi va O‘zbekiston bu borada qanday qilib 'oltin o‘rtaliq'ni topadi?” va sun’iy intellektning mualliflik huquqiga ta’siri haqidagi savollariga javoban, deputat mamlakatning moslashuvchan yondashuvini tushuntirib berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining o‘ta qat’iy va yaxlit tartibga solish modelidan farqli ravishda, avvalo sohaning poydevorini (tushunchalar va ustuvor yo‘nalishlar) belgilab olish yo‘lini tanlagan.
“Biz hozircha yaxlit va cheklovchi qonun emas, balki sohani rivojlantirishga xizmat qiluvchi dastlabki huquqiy qadamlarni tashladik. Asosiy maqsadimiz — har qanday texnologiya shaxsiy daxlsizlikni hurmat qilishini ta’minlagan holda, innovatsiyalar uchun huquqiy asos yaratishdir. Biz ishlab chiqqan qonun loyihasida mualliflik huquqi borasida huquqiy normalar mavjud emas. Kelgusida balki jamoatchilik takliflaridan kelib chiqqan holda bu masalaga ham alohida e’tibor qaratishimiz mumkin. Lekin intellektual mulk huquqi va intellektual mulk egasining huquqlarini himoya qilish borasida alohida qonunlarimiz ham bor. Bu Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish vazifalarini oldiga qo‘ygan O‘zbekiston uchun ham juda katta mas’uliyatni yuklaydi”, — deya Shahnoza Xolmaxmatova qonunchilik va erkin startap ekotizimi o‘rtasidagi muvozanatni izohladi.
YouTube monetizatsiyasi va iqtisodiy manfaatlar
YouTube monetizatsiyasi va iqtisodiy manfaatlar
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasining yopiqligi oqibatida iqtisodiyotga har yili qariyb 30–50 million dollargacha daromad kirmay qolmoqda. IT sohasi vakillari va ekspertlar shaxsga doir ma’lumotlarni saqlashga oid qonunchilik talablari hamda ayrim axborotga doir nomuvofiqliklar xalqaro gigantlarning bozorga kirib kelishida hamon “texnik devor” bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidlashadi. Qo‘mita axborot maydoni va raqamli ekotizim uchun bevosita mas’ul bo‘lgan tashkilot sifatida bu borada ham o‘z pozitsiyasini qat’iy bildirdi: parlament va hukumatning maqsadi cheklovlarni saqlab qolish emas, balki raqamli dunyo bilan integratsiyalashish uchun barcha zarur huquqiy va infratuzilmaviy sharoitlarni yaratishdir.
Qo‘mita a’zosi Behzod To‘xtamurodovning ta’kidlashicha, YouTube monetizatsiyasi va yirik xalqaro platformalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi masalasi hukumat va parlamentning doimiy e’tiborida bo‘lib, hozirda bu borada infratuzilmani yaxshilash va qonuniy asoslarni kengaytirish ishlari olib borilmoqda. O‘zbekistonning 40 millionga yaqin aholisi va qulay geografik joylashuvi yirik xalqaro korporatsiyalarda katta qiziqish uyg‘otmoqda, xususan, Wildberries kabi marketpleyslar va turli agregatorlar allaqachon bozorga kirib kelmoqda. Ushbu jarayonlarni huquqiy tartibga solish maqsadida elektron tijorat sohasidagi qonunchilik takomillashtirilib, “raqamli striming” va “buyurtmalar agregatori” kabi yangi tushunchalar kiritilmoqda. Mutasaddi vakilning fikricha, zaruriy texnik va huquqiy masalalar hal etilgach, yaqin orada ushbu platformalar bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topadi.
Ochiq muloqotdan ma’lum bo‘ldiki, O‘zbekiston parlamenti shunchaki texnologiyalarni kuzatuvchi emas, balki ularni mamlakat iqtisodiyoti va xalq manfaati uchun xizmat qildirishga intilayotgan faol ishtirokchiga aylanmoqda.