Yangiliklar

“Cho‘lpon” mahallasi aholisi ekologik xulosa olinmasdan turib boshlangan ma’muriyat binosining qayta qurilishiga qarshi sudda e’tiroz bildirmoqda

Joriy yilning 15-sentyabr kuni "Royal Residence" kompaniyasi "Cho‘lpon" mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriyat binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini oldi. Shu bilan birga, eski binoni buzish va yangisini qurish ishlari iyul oyidayoq boshlangan edi. Qurilishga qarshi chiqqan mahalla aholisi esa, mahalla binosi o‘rniga ko‘p qavatli turar joy qurilishi mumkin deb hisoblamoqda.

Loyihaga Qurilish vazirligining 2025‑yil 6‑martdagi № 1726‑1726290‑215871 sonli Arxitektura‑rejalashtirish topshirig‘i hamda Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Arxitektura‑shaharsozlik kengashining Ishchi organi tomonidan 2025‑yil 4‑iyunda berilgan 193190772 sonli loyiha‑smeta hujjatlarini kelishish xulosasi ilova qilingan.

"Cho‘lpon" mahalla fuqarolar yig‘ini binosini rekonstruksiya qilish obyektining maydoni 500 m² ni tashkil etadi. Maydonning chegarasi quyidagicha belgilanadi: shimolda - ichki ko‘cha, sharqda - ichki ko‘cha, undan keyin ko‘p qavatli turar joy, g‘arbda - ichki ko‘cha, undan keyin ko‘p qavatli turar joy, janubda - M. Pahlavon ko‘chasi.

Eng yaqin turar-joy binolari obyektdan 15 metr shimolda joylashgan.

"Loyihaga Yashnobod tumani "Cho‘lpon" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va ko‘rsatilgan hudud yaqinida yashovchi aholi nomidan mazkur ob’ektni qurish va foydalanishga qarshi e’tirozlar yo‘qligini tasdiqlovchi yig‘ilish bayonnomasi ilova qilingan”, - deyiladi xulosada.

Keltirilgan geografik koordinatalar «Google Earth Pro» dasturi orqali ko‘rib chiqilganda, rejalashtirilayotgan qurilish hududi chegaralarida bir nechta daraxt va butalar mavjudligi aniqlangan.

Loyihaga ilova qilingan sxema‑xaritaga ko‘ra, Yashnobod tumani davlat inspektori F. Boltaboyev tomonidan 2025‑yil 5‑sentabrda tasdiqlangan hujjatda qurilish ishlari olib borilishi lozim bo‘lgan hududda daraxtlar mavjud emasligi qayd etilgan hamda qo‘shni hududdagi daraxtlar saqlanishi lozimligi ko‘rsatilgan.

Mahalla aholisi Lola Sayfining aytishicha, bitta daraxtga zarar yetkazilgan.

Shuningdek, loyihaga buyurtmachi tomonidan daraxtlarni saqlash, ularni shikastlamaslik va qurilish ishlari davomida parvarish qilish bo‘yicha kafolat xati ilova qilingan.

Obyektning issiqlik ta’minoti va issiq suv bilan ta’minlanishi tuman markazlashtirilgan tizimi orqali amalga oshirilishi belgilangan.

Mahalla aholisi avvalroq shunday fikr bildirgan edi: “Biz doimiy ravishda podstansiyadagi avariyalar sababli elektr energiyasi o‘chishi va suvning bosimi pastligi muammosiga duch kelamiz. Mavjud infratuzilma «Chulpon» mahalla binosi atrofidagi uylar hajmiga bardosh bera olmayapti.”

Kompaniya 2009‑yil 23‑dekabrdagi «Shahar va qishloq aholi punktlarini rejalashtirish va qurish» bo‘yicha me’yoriy hujjat (QMQ 2.07.01‑03)ning 90‑bandiga muvofiq, obyektda binolar va inshootlarni joylashtirishda daraxtlar hamda butalardan kamida 5 metr masofani saqlashi lozim.

“Royal Residence” kompaniyasi quyidagilarni bajarishi lozim:

  • Qurilish ishlari yakunlangach, hududni kompleks obodonlashtirish, «Yashil makon» loyihasi doirasida daraxtlar ekish, ularni muntazam sug‘orish va yashil hududlarning tozaligini ta’minlash.
  • Binolar va inshootlarni joylashtirishda SanQvaM‑0350‑2017 sanitariya me’yorlari va qoidalariga rioya qilish.
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023‑yil 23‑noyabrdagi PF‑199 sonli va 2021‑yil 31‑dekabrdagi PF‑46 sonli farmonlari, shuningdek Vazirlar Mahkamasining 2022‑yil 23‑noyabrdagi №464 qaroriga muvofiq ko‘chat va daraxtlar ekishni amalga oshirish.
  • Bundan tashqari, balandligi 12 metrdan ortiq va (yoki) umumiy maydoni 500 kv. metrdan katta bo‘lgan yangi binolar va ularga tutash hududlar kamida 25% darajada ko‘kalamzorlashtirilishi shart.

Sud

Mahalla aholisi Toshkent shahar hokimiyati va Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasiga nisbatan sudga da’vo kiritdi. Aholi 2024‑yil 29‑noyabrdagi 877‑14‑0‑Q/24 sonli “Toshkent shahar tumanlarida namunaviy “Mahalla markazlari”ni davlat‑xususiy sheriklik shartlari asosida tajriba tariqasida tashkil etish choralari to‘g‘risida” qarorini unga ilova qilingan 1‑ilovaning 68‑qatoriga taalluqli qismida haqiqiy emas deb topishni so‘radilar.

D.R. Sayfi, L.R. Sayfi, M.E. Guseynova, T.D. Afanasyeva, M.A. G‘ulyamova, T.R. Xaybullin va A.E. Nasimov 2025‑yil 4‑iyundagi № 193190772 sonli Qurilish va uy‑joy kommunal xo‘jaligi vazirligi xulosasini haqiqiy emas deb topish haqidagi ariza bilan sudga murojaat qildilar.

27‑oktabr kuni sudya B.Z. Kamilov raisligidagi Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi D.R. Sayfi va boshqalarning qarorlarni haqiqiy emas deb topish haqidagi talablari qanoatlantirishni rad etdi.

“E’tiroz bildirilgan qarorga ko‘ra, binoning shaharsozlik me’yor va qoidalariga mos kelmasligi sababli mahalla binosini rekonstruksiya qilish belgilangan. Garchi mahalla binosi 2020‑yilda qurilgan bo‘lsa‑da, obyekt foydalanishga qabul qilinmagan va davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Bunday holatda uni shaharsozlik me’yor va qoidalariga mos deb hisoblash asossiz”, - deyiladi sud qarorida.

Da’vogarlarga ko‘ra, aholi roziligi olinmagan. Biroq sudga taqdim etilgan yig‘ilish bayonnomasiga muvofiq, u mahalla fuqarolari va faollari tomonidan ma’qullangan.

“Da’vogarlarning mazkur yig‘ilishda ishtirok etmagani aholi roziligi olinmaganini anglatmaydi”, - deyiladi sud qarorida.

Da’vogarlarning ta’kidlashicha, daraxtlar kesilgan va bu holat Toshkent shahar Ekologiya bosh boshqarmasi hujjatlari bilan tasdiqlangan. Sud qarorida esa qurilish maydonida qolgan daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish mumkinligi qayd etilgan. Shunday vaziyatda sud e’tiroz qilinayotgan xulosani qonunga zid (haqiqiy emas) deb hisoblamaydi.

Biz Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “Royal Residence” MChJ bilan tuzilgan davlat‑xususiy sheriklik (DXSh) shartnomasining ro‘yxatdan o‘tkazilishi bo‘yicha so‘rov yubordik. Da’vogarlar advokatining ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shartnoma Moliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmagan.Vazirlikning so‘rovimizga bergan javobiga ko‘ra, mazkur loyiha 2025-yil 24-sentyabr kuni DXSh/1661-2025 raqami ostida davlat-xususiy sheriklik loyihalari reyestriga kiritilgan.

Da’vogarlar apellyatsiya berishni rejalashtirmoqda.


Dana Oparina
2025-11-13 12:28 EGED