Endi muhokama qilinayotgan qonunga qaysi Deputat qanday ovoz berganini bilish mumkin bo‘ladi
Endi muhokama qilinayotgan qonunga qaysi Deputat qanday ovoz berganini bilish mumkin bo‘ladi
O‘zbekiston fuqarolari har bir parlament a’zosi u yoki bu qonun bo‘yicha qanday ovoz berganini bilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu haqda "Raqamli ma’lumotlar va rivojlanish: shaffoflik va hisobdorlik" mavzusidagi davra suhbatida deputat Ilhom Abdullayev ma’lum qildi.
Uning ma’lum qilishicha, bunday imkoniyat loyiha amalga oshirilgach paydo bo‘ladi. Avvalroq OAVda ushbu loyihani yakunlash 2027-yilga mo‘ljallangani haqida xabar berilgan edi.
Hozirda saylovchilar faqatgina qancha deputat “yoqlab”, “qarshi” yoki “betaraf” ovoz berganini bilishadi.
2024-yil 9-sentyabr kuni Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi bilan "Parlament eshittirishlari tizimini joriy etish va mahalliy kengashlar bilan hamkorlikni yaxshilash orqali O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasining ochiqligini oshirish" loyihasi bo‘yicha muhokamalar bayonnomasini imzoladi. Loyihaning umumiy byudjeti 13,95 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Loyiha doirasida Qonunchilik palatasi va Senatda real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatuvchi tizimlarni o‘rnatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, loyiha mahalliy kengashlar bilan videokonferensiyalar o‘tkazishni ham ko‘zda tutadi, bu esa jamoatchilikka Oliy Majlis faoliyatini yagona veb-sayt orqali kuzatish imkonini beradi.
Davra suhbati Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi va uning hamkorlari tomonidan o‘tkazildi. Unda “Raqamli vositalar orqali jamoatchilik nazorati” loyihasining natijalari taqdim etildi.
Loyiha doirasida 30 dan ortiq jurnalist va 20 ga yaqin davlat idoralari matbuot xizmati xodimlari raqamli vositalar bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirdilar. Davra suhbatlari orqali jamoatchilik muhokamasiga 20 dan ortiq davlat organlari va 160 dan ortiq ishtirokchilar jalb etildi.