Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga asoslanib, amaldorlarning kompaniyalari ro‘yxatini oshkor qilmadi

2024-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi uchta vazirlik - Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining 398 nafar boshqaruv xodimi 449 ta tadbirkorlik subyekti ta’sischilari bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

  • Vazirliklar bo‘yicha taqsimot:
  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi — 93 nafar xodimi 112 ta subyekt ta’sis etgan;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi — 26 nafar xodimi 35 ta subyekt ta’sis etgan;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi — 279 nafar xodimi 302 ta subyekt ta’sis etgan.

Agentlik tomonidan mazkur vazirliklarga tegishli taqdimnomalar kiritilib, qayd etilgan qonun buzilishi holatlari bartaraf etildi, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, Agentlik yuborgan so‘rovimizga javobida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga asoslanib, kompaniyalar ro‘yxatini oshkor qilmadi.

Ushbu moddaga ko‘ra, mulkdor va (yoki) operator, shuningdek shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish bilan bog‘liq uchinchi shaxslarning xodimlari, agar bu ma’lumotlar ularga kasbiy, xizmat yoki mehnat majburiyatlarini bajarish jarayonida ma’lum bo‘lib qolgan bo‘lsa, ularni oshkor etmaslik majburiyatiga ega.

Agentlik, shuningdek, “Axborot erkinligi tamoyillari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 10-moddasiga havola qiladi. Unda so‘ralayotgan axborotni oshkor etish shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hollarda, bunday axborotni taqdim etishni rad etish mumkinligi ko‘rsatilgan.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, tahririyat tomonidan so‘ralayotgan ma’lumotlardan shaxsning huquqlari, erkinliklari va xavfsizligi nuqtayi nazaridan qonun hujjatlarida yo‘l qo‘yiladigan doirada foydalanish maqsadga muvofiqligi ma’lum qilinadi. Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi kelgusida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, shuningdek, ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyorligi ma’lum qilinadi”, - deyiladi so‘rovga berilgan javobda.

Shunday qilib, yuzlab davlat xizmatchilarining biznesda ishtirok etishi aniqlangan faktlarga qaramay, jamoatchilik aniq kompaniyalar haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Agentlik hamkorlikka tayyorligini bildirmoqda, biroq ma’lumotlarni oshkor etishdan bosh tortish shaffoflikni cheklaydi va davlat tuzilmalaridagi manfaatlar to‘qnashuvi ustidan jamoatchilik nazoratini qiyinlashtiradi.

Xorazm viloyatidagi huquqbuzarliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarining ma’lum qilishicha, 2025-yilda viloyatda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yganligi va davlat xizmatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga qonunchilikda belgilangan cheklovlarga amal qilmaganligi uchun 12 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shunga qaramay, viloyat, tuman va shahar hokimliklarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 60 ga yaqin boshqaruv xodimlarining tadbirkorlik subyektlarida taʼsischi yoki rahbar sifatidagi faoliyati saqlanib qolayotgani maʼlum bo‘ldi.

Sayyor majlisda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid vazifalarni amalga oshirishda tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 10 nafardan ortiq masʼul rahbarga qatʼiy choralar ko‘rish bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritilgani maʼlum qilindi.


EGED