Yangiliklar

Ko'rish qobiliyati zaif odamlar kam daromad haqida shikoyat qildilar: "Shchetka" korxonasida ish haqi minimal darajadan past



Toshkentdagi Ko‘zi ojizlar jamiyati qoshidagi "CHO‘TKA" o‘quv-ishlab chiqarish korxonasining ko‘zi ojiz ishchilari juda kam oylikdan shikoyat qilishda davom etmoqda. Oradan besh yil o’tgan bo’lsa-da, korxonadagi vaziyat o’zgarmay kelmoqda.

Manbaga ko’ra, ishchilar oyiga 900 ming so’m maosh olishmoqda, bu esa eng kam ish haqidan past.

“Ish bo’lsa - ishlashadi, bo’lmasa - yo’q. Ishchilar korxonadagi haqiqiy vaziyat haqida gapirishga qo’rqishadi”, - deydi manba.

Shuhrat ismli korxona xodimi ish kunlik ekanini tasdiqladi, ammo ishchilarning maoshi 3 mln so‘mdan boshlanishini aytdi. Korxonada va umuman olganda Ko‘zi ojizlar jamiyatida qancha xodim ish bilan ta’minlangani haqida ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. So’rovga javob olinmadi/Ma’lumot so‘rovi javobsiz qoldi. Jamiyat web - saytida "CHO‘TKA" korxonasida nechta odam ish bilan ta’minlanganligi haqida ham ma’lumot yo‘q.

Mehnat bozoridagi to‘siqlar

Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti (IHRI) nogironligi bo’lgan yoshlar mehnat bozorida duch keladigan to’siqlar haqida so’rovnoma natijalarinie’lon qildi. Respondentlarning 40% norasmiy ishlayotganini hamda ularning 88,1% ayollar ekanligini ma'lum qilgan.

“Qiziq, ular nega norasmiy ishlayapti: bu ularning o’z tanlovimi yoki ish beruvchilar mehnat shartnomasi tuzishni istamasligimi? Eng ajablanarlisi shundaki, so’rovnomada qatnashganlarning 68,8% ishga joylashishda hech qanday to’siqlarga duch kelmasliklarini aytishdi. Faqat 12% i qiyinchiliklar aynan ularning nogironligi bilan bog’liqligini ta'kidladi”, - deb yozadi tadqiqotchi Dilmurod Yusupov.

Bundan tashqari, respondentlarning 80% i ish joyida ham hech qanday muammo yo’qligini aytishgan. Ushbu ma’lumotlarga asoslanib, IHRI mehnat bozorida nogironlik bo'yicha kamsitish deyarli yo’q degan xulosaga keldi.

“Ushbu so‘rovnoma natijalariga qanchalik ishonish mumkin? Unda necha kishi qatnashgan? Tadqiqot qay tarzda o’tkazilgan? Batafsil ma’lumot topa olmadim”, - deb yozadi Yusupov.

Yaqinda Telegramdagi Media+ kanali "O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar ishga joylashishda qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda?" mavzusida so‘rovnoma o‘tkazdi va unda 141 kishi ishtirok etdi.

- Respondentlarning 58% kompaniyalar nogironlik haqida bilganlaridan so‘ng ishga qabul qilishdan bosh tortishlarini aytishgan.

- 51% oylik maosh kamligini aytib o'tdi.

- 46% ish topish juda qiyinligini ta'kidlashgan.

Davlat ko‘magi

O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash past darajada qolmoqda. 2020-yilda ular uchun ijtimoiy dasturlarga atigi 60 million dollar ajratilgan bo‘lsa, Daniyada bu ko'rsatgich 17 milliard dollarni tashkil etdi. Moliyalashtirish ko‘lamidagi farq nafaqat iqtisodiy imkoniyatlarni, balki davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini ham aks ettiradi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston hali ham ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qilmagan, garchi qo‘shni Tojikistonda u allaqachon amal qilib, biznes tashabbuslari orqali zaif guruhlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sharoit yaratmoqda.

Ushbu qonun mamlakatda to‘rtinchi yildirki qayta ishlanmoqda va bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda u hukumatda faol muhokama qilinmoqda. Ammo nogironlar jamiyatlari ularni ishlab chiqishga jalb qilinmaganini ta’kidlamoqda.

"Bu nogironlar jamiyatlari uzoq vaqtdan beri kutayotgan qonun... Ko‘zi ojizlar jamiyati, karlar jamiyati korxonalari bor. Ularning faoliyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, so‘nggi 20 yil ichida ular e’tibordan chetda qolmoqda. 2000-yilda ko‘zi ojizlar jamiyatida 5000 kishi ishlagan bo‘lsa, hozir 1500 kishi ishlaydi. Karlar jamiyatida 2000 kishi ishlagan, hozir 176 kishi," - deya ta’kidlagan edi 2021-yilda o‘sha paytdagi adliya vaziri Ruslanbek Davletov.

"CHO‘TKA" korxonasida ishlaydigan ko‘zi ojiz nogiron shaxslarning past maoshi muammosi hali ham o‘z yechimini topmagan. O‘tgan yillarga qaramay, xodimlar holatida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lmadi, ishga joylashish shaffofligi va daromad darajasi esa savol ostida qolmoqda.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 77 ming nafar ko‘rish bo’yicha nogironligi bo’lgan shaxslar istiqomat qiladi. Ularning qanchasi ish bilan ta’minlangani noma’lum. Ish bilan ta’minlash masalasi tizimli o‘zgarishlar darajasiga ko‘tarilmas ekan, ko‘rish qobiliyati cheklangan minglab odamlar kam daromad olishda davom etadi va qashshoqlik yoqasida qolish xavfi ostida qoladi.

Dana Oparina
EGED