Yangiliklar

Rag‘batlantirish bor, lekin ishlamayapti: byurokratiya nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishga qanday to‘sqinlik qilmoqda - Toshkentdagi "MediaDialog" yakunlari

Toshkentda 17-aprel kuni "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish: muammolar, yechimlar va media roli" mavzusida "MediaDialog" bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqotda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Bandlik vazirligi, Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Davlat soliq qo‘mitasi kabi davlat tuzilmalari vakillari, "Sharoit+" nodavlat notijorat tashkiloti, biznes va ommaviy axborot vositalari amaliy yechim va tashabbuslar almashish uchun birlashdi.

Sessiya moderatori, "Sharoit+" boshqaruvi a’zosi Ulug‘bek Mamatxonovning ta’kidlashicha, ko‘plab davlatlarda, jumladan, O‘zbekistonda ham nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olishga majburlash emas, balki bunday yondashuvni rag‘batlantirish mexanizmlariga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Chekka tumandagi bir tadbirkor nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga olgan, tuman DSQga murojaat qilganida esa, tashkilot xodimlari bu boradagi imtiyozlardan bexabar ekanligini aniqlagan.

Tadbirkorlar uchun imtiyozlar va byurokratik to‘siqlar

Tadbirkor bu holatda nima qilishi kerak, degan savolga Davlat soliq qo‘mitasi vakili Ismаtullo Sevinchov quyidagicha javob berdi: "Xodimlar nogironligi bo‘lgan shaxslar ekanligini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni ilova qilgan holda shaxsiy kabinet orqali hisobot yuborish mumkin. Shuningdek, 1198 raqamiga qo‘ng‘iroq qilsa ham bo‘ladi va biz muammo tug‘dirayotgan xodimga nisbatan chora ko‘ramiz".

Mamatxonovning aytishicha, nogironligi bor shaxslar uchun ish joylarini moslashtirishga mo‘ljallangan subsidiyalarni olish amalda imkonsiz ekan.

"Buning sababi noma’lum. Bu subsidiyalarni kim to‘lashi kerakligini hech kim bilmaydi. Bandlik idoralari ijtimoiy himoya agentligiga ishora qilsa, agentlik esa ‘yo‘q, bu hali ham bandlik idoralarining vazifasi’, - deydi. Umuman olganda, bu masala hozircha byurokratik to‘siqlarga duch kelib, ishlash jarayoni to‘xtab qolgan".

Amaldagi tartibga ko’ra, tadbirkorning o‘zi nogironligi bo’lgan shaxslar uchun ish o‘rinlarini o‘z hisobidan moslashtirishi, keyin esa maxsus komissiya kelib, ish joyining to‘g‘ri moslashtirilganligiga ishonch hosil qilishi kerakligi ko‘zda tutilgan.

“Ammo tadbirkorda bu mablag‘ yo‘q bo‘lib chiqishi mumkin. Biz tadbirkorlar bilan vebinarlar o‘tkazamiz, nima uchun subsidiyalardan foydalanmaysiz, deb so‘raymiz. Tadbirkorlar hokimlikka murojaat qilganini, deyarli foydasizligini, byurokratiya xalaqit berayotganini aytishmoqda. Ba’zilar shundan keyin bu ishni o‘z hisoblaridan qiladilar”.

Ish beruvchilardagi stereotiplar

“Ish beruvchilarning nogironligi bor shaxslarga munosabati ijobiy emas, bu achchiq haqiqatni tan olishimiz kerak”, - deydi Ulug‘bek.

"Masalan, bir do‘stim bilan radiostansiyaga bordik. Ular bizni telefon orqali o‘zlari taklif qilishgan, lekin nogironligimiz haqida xabarlari yo’q edi. Kimligimizni ko‘rishgach, bizni hatto qabulxonagacha ham kiritishmadi, bizni qo’riqlash postidayoq qaytarishdi va tushuntirish berishdi. O‘shanda 18 yoshda edim. Bunday zarbaga uchragandan ko‘ra, alohida platformada ma’lumot olganim ma’qul edi."

Ulug‘bek Mamatxonov yana bir voqeani so‘zlab berdi. Bobur Qibray tumanidagi 25-maktabga tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishga kirmoqchi bo‘ldi. Maktab direktori 3% kvota bo‘yicha ish o‘rinlari mavjudligini aytgan, bu kvotaga ko‘ra ish beruvchilar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilishlari shart. Ammo Bobur maktabga borganida director unga “Bo‘sh o’rin yo‘q, odam oldik,” dedi. Ikki kundan so‘ng esa qayta qo‘ng‘iroq qilinganda, bo‘sh ish o‘rni borligi ma’lum bo‘ldi. Vaholanki, ikki kun oldin aynan o‘sha direktor Boburga: "Kechirasiz, lekin yarim soat oldin boshqa bir odamni ishga qabul qildik", degan edi.

OAVda to‘g‘ri yoritish

Mamatxonov aholining xabardorligini oshirish muhimligini ta’kidladi: "Shuning uchun ommaviy axborot vositalaridan ushbu ma’lumotlarni aholiga sodda va tushunarli tilda yetkazishni so‘raymiz. Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlashning muhim omillari mavjud. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning muammolarini to‘g‘ri yoritish. Yoritishda ijtimoiy-huquqiy modelga tayanish lozim. Shu sababli, bunday masalalarni OAVda yoritish ham nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini oshirishga hissa qo‘shishi mumkin."

"Tiflomedia" onlayn jurnali asoschisi Ozod Qurbonov nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlashda OAVning o‘rni haqida gapirdi.

2019-yildan 2024-yilgacha, ya’ni so‘nggi besh yil ichida barcha ommaviy axborot vositalarining kontenti o‘rganildi. Ko‘pincha nogironligi bo‘lgan insonlar metin irodali, bardoshli va mard insonlar deya namuna sifatida ko‘rsatiladi, bunday pozitsiya juda keng tarqalgan.

“Masalan, yaqinda “Sevimli” telekanalida ingliz tili fanidan olimpiadada g‘olib chiqqan ko‘zi ojiz yigit haqida ko‘rsatuv efirga uzatildi. Va jurnalist ushbu hikoyani quyidagi jumla bilan boshlaydi: ‘Xayrullo sog‘lom ikki ota-onadan tug‘ilgan. U dunyoga kelib, oilasiga ham quvonch, ham qayg‘u olib keldi’. Ya’ni, ‘qayg‘u’ so‘zi orqali jurnalist tomoshabinning e’tiborini yigitning ko‘zi ojizligiga qaratadi. Natijada, tomoshabin yigitning yutug‘idan ko‘ra, uning nogironligiga ko‘proq e’tibor qaratadi,” - deydi Qurbonov.

Mamlakatda terminologiya masalasida hali ham muammolar mavjud. Rasmiy hujjatlarda va xalqaro amaliyotda "nogironligi bo‘lgan shaxslar" degan atama bor, lekin O‘zbekistonda haligacha “imkoniyati cheklangan shaxslar” degan atama mustahkam o‘rnashib qolgan. 2019-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda televideniyedagi 17 ta kontentda ushbu ibora 22 marta, 9 ta bosma nashrda esa 12 marta qo‘llanilgan. Bu juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan tashqari, "nuqson" va "jismoniy nuqsonga ega" kabi atamalar ham mavjud bo‘lib, afsuski, ular yuksak minbarlarda va nufuzli yig‘ilishlarda ham uchrab turadi.

Ish+ loyihasi haqida

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan Ish+ loyihasi koordinatori Shahodat Yo‘ldoshevaning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida 8000 dan ortiq fuqaro sayt orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Ulardan 6000 dan ortig‘i faol ish izlamoqda. Shuningdek, 2900 dan ortiq ish beruvchi o‘z profilini yaratib, saytdan foydalanmoqda. Saytda jami 2929 ta vakant ish o‘rni e’lon qilingan, loyiha esa 2400 dan ortiq rezyume tayyorlashda yordam ko‘rsatgan.



Dana Oparina
EGED