Yangiliklar

Angrenni obodonlashtirish bo‘yicha 214 mln so‘mlik tender: oldindan hal qilingan natija va "qizil bayroqlar"

Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasi noyabr oyida qurilish materiallarini yetkazib berish bo‘yicha 214 mln so‘mlik tender o‘tkazdi. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, g‘olib rasman e’lon qilinishidan ikki kun oldin ushbu tenderda ishtirok etgan kompaniyadan kafolat xati talab qilingan. Kafolat xatining yo‘qligi ishtirokchini tenderdan chetlatishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababi sifatida ko‘rsatildi.

Kompaniyaga tender natijasi boshqa ishtirokchi foydasiga hal qilib bo‘linganiga ishora qilinib, o‘z arizasida minimal narxni ko‘rsatish taklif etildi.

Tenderdagi “qizil bayroqlar”

Narxga 100% og‘irlik / texnik qismga 0% — g‘olibni faqat narx asosida aniqlash qarori til biriktirish, sifatsiz mahsulot yetkazib berish yoki “donor” sifatida qatnashadigan nol/soxta raqobatchilar xavfini keskin oshiradi. Bu holat tender hujjatlarida ham aniq ko‘rsatilgan (narx bo‘limining og‘irlik koeffitsienti — 100, texnik‑malaka bo‘limi — 0).

Taklif topshirish va yetkazib berish uchun juda qisqa muddatlar hamda past ishtirok badali — takliflarni topshirish uchun atigi besh ish kuni, 1% miqdoridagi garov puli va yetti kun ichida 30% oldindan to‘lov talabi oldindan kelishilgan yetkazib beruvchiga qulay sharoit yaratadi. Yetkazib berish muddati ham juda qisqa — oldindan to‘lovdan keyin atigi yetti kun. Bu yana bir xavfli belgi, “qizil bayroq”.

Komissiya to‘liq buyurtmachi xodimlaridan iborat — komissiya a’zolari “Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasi” xodimlari (rais va kotibni ham o‘z ichiga olgan holda). Mustaqil a’zolarning yo‘qligi favoritizm yoki til biriktirish xavfini oshiradi.

Brendlar/markalar va tor texnik talablar — texnik topshiriqda aniq markalar (VAK‑14, EP‑5116) ko‘rsatilgan. Bunday yondashuv amalda ayrim ishtirokchilarni cheklash yoki diskriminatsiya qilish vositasi sifatida qo‘llanishi mumkin.

G‘olib haqida nimalar ma’lum

GEO-MARK LOYIHA kompaniyasi 2021- yilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, asosan turli maishiy tovarlarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. IHamkor ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning 2024- yildagi sof foydasi manfiy bo‘lgan — korxona 10,2 million so‘m miqdorida zarar ko‘rgan.
Kompaniya faqat davlat xaridlarida ishtirok etadi - tijorat shartnomalarining ulushi 0 % tashkil etadi. Umuman olganda, u 32 ta tenderdan 11 tasida g‘olib chiqdi, ulardan 3 tasi joriy yilda yutib olingan.

G‘olib bo‘lgan tenderlar yakunida jami 11 ta shartnoma tuzilgan. Shartnomalarning umumiy qiymati 1,043 milliard so‘m, shundan 387,5 million so‘m joriy yil hissasiga to‘g‘ri keladi.

Kompaniyaning asosiy buyurtmachilari:

1. Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasi — 7 ta shartnoma

2. Angren hokimligi — 3 ta shartnoma

3. Yoshlar ishlari agentligining Ohangaron tumani boshqarmasi — 1 ta shartnoma

Ochiq qolayotgan savollar

Biz Angren shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga barcha ishtirokchilar ro‘yxati va ularning narxlari, tanlovdan o‘tgan yoki rad etilgani va buning sabablari, shuningdek, amalda yetkazib berish bo‘yicha hujjatlar — qabul qilish dalolatnomalari, yuk tushirish jarayoniga oid foto/video materiallarni ham taqdim etishni so‘radik.

Shuningdek, Bosh prokuraturaga ham so‘rov yubordik.

Dana Oparina
EGED