Sobiq hokimning jiyani ta’sischi bo‘lgan kompaniya nega davlat tenderlarida muntazam g‘olib chiqmoqda?
Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jiyani Ismoil Isroilov ta’sischi bo‘lgan kompaniya 2023-yil mayidan beri 12,6 milliard so‘mdan ortiq miqdordagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni qo‘lga kiritgan. Jahongir Ortiqxo‘jayev 2023-yil yanvarida Toshkent shahri hokimi lavozimidan ozod etilgan edi
Kolorpak kompaniyasi bilan avval qanday shartnomalar tuzilgan?
2020-yilda “Tarbiya” darsligini nashr etish ishini Kolorpak kompaniyasi amalga oshirgan. Shu yili kompaniya maktablarga 4,4 milliard so‘mlik daftar yetkazib berish tenderida g‘olib bo‘ladi. Kolorpak 2021- va 2022-yillarda ham maktab darsliklarini chop etish shartnomalarini qo‘lga kiritgan. O‘shanda bitimlarning umumiy qiymati 300 milliard so‘mdan oshib ketgan edi.
Bundan tashqari, 2020-yil noyabr oyida Toshkent shahar hokimligi Kolorpak’dan 1 milliard so‘mga yaqin 5 mingta prezident portretini xarid qilgan.
Kompaniyaning so‘nggi yillardagi shartnomalari
2023-yilning may oyidan boshlab Kolorpak kompaniyasi 12,6 milliard so‘mdan oshiq qiymatga ega shartnomalar olgan. Bu shartnomalar davlat xaridlari portalining “to‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlar” bo‘limida joylashtirilgan bo‘lib, ularning ayrimlariga tanlov komissiyasining xulosalari ilova qilingan.
Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz “KOLORPAK” MChJ bilan 2023-yil avgust oyida 3000 ta kitob nashr etish uchun 1 milliard so‘mdan ortiq shartnoma tuzdi. Oliy sud esa 2023-yil dekabr oyida 997 million so‘mlik 1000 ta kitob-albomga buyurtma bergan.
2023-yilning may oyida “O‘zbekiston nashriyoti” rus, ingliz, o‘zbek va qoraqalpoq tillarida kitob yaratish uchun 881 million so‘mlik shartnoma imzolaydi. Shartnomaga Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining “O‘zbekiston nashriyoti”ga yo‘llagan quyidagi mazmundagi xati ham ilova qilingan:
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi” kitobi “O‘zbekiston nashriyoti” DUKda o‘zbek (lotin va kirill alifbosida), qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida nashrga tayyorlanishi hamda “Kolor Pak” bosmaxonasida 40 000 nusxada chop etilishi lozim. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, kitobni nashrga tayyorlash, “Kolor Pak” bosmaxonasida sifatli chop etish choralarini ko‘rishingizni, shuningdek, natijalar haqida Agentlikni xabardor qilishingizni so‘raymiz” [Xabar asl holicha keltirildi].
2023-yil iyulida “O‘zbekiston nashriyoti” Kolorpak’dan 6,2 milliard so‘mga Konstitutsiya kitoblarini sotib oldi. Xarid quyidagicha:
- O‘zbek tilidagi (lotin alifbosiida) Konstitutsiya - 500 ming dona;
- O‘zbek tilidagi (kirill alifbosiida) Konstitutsiya - 350 ming dona;
- Rus tilidagi Konstitutsiya 100 ming dona;
- Qoraqalpoq tilidagi (lotin alifbosida) Konstitutsiya - 25 ming dona;
- Qoraqalpoq tilidagi (kirill alifbosida) Konstitutsiya - 25 ming dona.
2024-yil martida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Kolorpak kompaniyasidan 3,7 milliard so‘mga “O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar” kitob-albomlarini xarid qildi. Shartnomaga ilova qilingan xatda shunday deyilgan:
“... ushbu shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 19-yanvardagi 6-son majlis bayonining 5-bandiga asosan toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilmoqda.
Bayonning 5-bandiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga “Kolorpak” MChJga vazirlik tizimidagi oliy taʼlim muassasalari kutubxonalariga bepul tarqatish uchun 20 jildli “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar” turkumidagi kitob-albomlarning har birini 1000 nusxada chop etishga buyurtma berish topshirilgan”.
Xat O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi direktori tomonidan imzolangan.

Kolorpak haqida nimalar ma’lum?
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Kolorpak bosmaxonasi 2005-yilning yanvar oyida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Kompaniyaning ta’sischilari quyidagilardan iborat: Shuxrat Yakubjanovich Axmedov (35,1%), Ismail Irkinovich Israilov (35,1%), Zo‘r TV telekanali (20,2%) va Kolorpak mas’uliyati cheklangan jamiyati (9,6%).

Dana Oparina