Yangiliklar

“Ularni tishli qilish kerak”: davlat xaridlari sohasidagi mutaxassis Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining nazorat qilish vazifasi haqida

Open Contracting Partnership bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot O‘zbekiston davlat xaridlari tizimidagi asosiy muammolarni aniqladi: soxta yetkazib berishlar, texnik parametrlarning ataylab pasaytirilishi, ishtirokchilar o‘rtasidagi til biriktirish. Davlat xaridlari ishtirokchilari uyushmasi eksperti, moliyachi Kamol Niyazov tizimli yechimlarni taklif qilmoqda: sun’iy intellektdan foydalangan holda tovarlarni qabul qilishni raqamlashtirish, ikki tomonlama hisobot berish, markazlashtirilgan narxlar monitoringi va vaziyat markazini tashkil etish.

- Birinchi savol sizning Open Contracting Partnership bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqotingizga taalluqli. Ayting-chi, davlat xaridlari tizimida qanday asosiy muammolarni aniqlagan edingiz va bu muammolarni hal qilish uchun qanday yechimlarni taklif etmoqdasiz?

- Tadqiqotimiz davlat xaridlari tizimidagi xatarlarga taalluqli bo‘ldi. Biz odatiy qoidabuzarliklarni, shuningdek, ishtirokchilar tomonidan qo‘llaniladigan sxemalarni tasvirlab berdik. "Qizil bayroqlar" - xavf ko‘rsatkichlari belgilandi. Shu bilan birga, xavfning mavjudligi jinoyat yoki huquqbuzarlik allaqachon sodir etilganligini anglatmaydi. Bu faqat ehtimollik ko‘rsatkichi. Qoidabuzarliklarni tasdiqlash uchun aniq shartnomalarni qo‘shimcha o‘rganish kerak.

Shu bilan birga, biz tizimli o‘zgarishlarni talab qiladigan muammolarni ham ko‘rsatib o‘tdik. Agar maqsad davlat xaridlarini shaffof qilish va korrupsiya xavfini kamaytirishdan iborat bo‘lsa, alohida holatlar bilan emas, balki butun tizim bo‘yicha harakat qilish zarur.

Biz aniqlagan asosiy muammolar:

1. Fantom ta’minot. Bu xarid rasmiy ravishda amalga oshirilib, tovar yetkazib berilmagan holatdir. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, kanselyariya - hisobdan chiqarish oson bo‘lgan toifalarga buyurtma beriladi. Ko‘pincha shunday bo‘ladi: hujjatlar bo‘yicha 10 tonna piyoz sotib olinadi, lekin amalda yarmini olib ketishadi, ikkinchisini esa pul bilan olishadi.

2. Texnik parametrlarni kamaytirib ko‘rsatish. Bu, ayniqsa, elektronika - kompyuterlar, noutbuklar, planshetlar xarid qilishda tez-tez kuzatiladi. Tender hujjatlarida Intel Core i7 protsessori ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin, aslida esa i3 yetkazib beriladi. Farqni vizual ravishda aniqlash qiyin, ayniqsa interaktiv doskalarda - foydalanuvchi buni sezmaydi ham, narx esa har xil. Ba’zida hujjatlarda "Mersedes" deb yozilib, aslida "Jiguli" yetkazib berilayotganini ko‘rish mumkin.

3. Ishtirokchilar o‘rtasidagi til biriktirish. Tenderda "o‘zlarinig" kompaniyalari g‘olib chiqqan, yetkazib berishning haqiqiy sifati va shartlari esa e’lon qilingan shartlarga mos kelmaydigan holatlardir.

- Ushbu muammolar bilan qanday kurashish mumkin?

Davlat xaridlari jarayoni bir necha bosqichdan iborat:

1. Rejalashtirish. Buyurtmachi yillik, choraklik va oylik xaridlar rejasini tuzadi. Bu uning to‘liq mas’uliyatidagi soha bo‘lib, unga tashqaridan ta’sir o‘tkazish mushkul.

2. Tender hujjatlarini tayyorlash. Bu bosqich texnik topshiriq, baholash mezonlari va barcha zaruriy hujjatlarni o‘z ichiga oladi. Bunda standartlarga rioya qilish va shaffoflikni ta’minlash muhim hisoblanadi.

3. Tender o‘tkazish. Bu bosqichda g‘olib aniqlanadi. Bunda Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyat yuritadi, qonunchilik takomillashtiriladi.

4. Tovar yoki xizmatni qabul qilish. Tizimdagi eng zaif bo‘g‘in aynan shu bosqichdir. Hozirda u quyidagicha kechadi: yetkazib beruvchi va buyurtmachi uchrashib, hujjatlarni imzolaydi va tarqaladi. Nazorat umuman yo‘q.

- Biz qanday yechimlarni taklif qilamiz?

Sun’iy intellekt va kompyuter ko‘rish texnologiyalaridan foydalanib, qabul qilish bosqichini raqamlashtirish. Maxsus mobil ilova yoki platforma ishlab chiqilishi kerak, unda buyurtmachi mahsulotni qabul qilganligini majburiy tarzda qayd etadi: sana, geolokatsiya, foto va video tasdiq, hujjatlar ilova qilinadi. Bu — tekshiruv vaqtida ko‘rinadigan raqamli iz: kim, qachon, qayerda va nima yetkazgan.

- Sizningcha, yetkazib beruvchilarning muntazam hisobotlari shaffoflikka ta’sir ko’rsatishi mumkinmi?

Hisobot ikki tomonlama bo‘lishi kerak. Agar nazorat faqat bir tomonga - yetkazib beruvchi yoki buyurtmachiga yuklansa, tizim muvozanatli bo‘lmaydi. Shuning uchun har ikkala tomon ham maxsus ilova orqali mahsulot qabul qilish jarayonini majburiy tarzda hujjatlashtirishi lozim: foto va video hujjatlar, ilova qilingan hujjatlar. Bu muhim, chunki ko‘p hollarda mahsulot 1-kuni yetkaziladi, lekin hujjatlar kechiktirib rasmiylashtiriladi yoki aksincha.

Texnik mahsulotlar - noutbuklar, serverlar va boshqalar uchun qurilmaning xususiyatlarini shartnomada ko‘rsatilgan parametrlar bilan avtomatik ravishda taqqoslaydigan markazlashtirilgan dasturiy ta’minotdan foydalanish mumkin. Buni mobil telefonlarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘xshash tarzda amalga oshirsa bo‘ladi: parametrlarga muvofiqlik tasdiqlanmaguncha, mahsulotdan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

Bu bir vaqtning o‘zida bir nechta masalani hal qiladi:

  • pasaytirilgan xususiyatlarga ega bo‘lgan tovarlarni yetkazib berishning oldini oladi;
  • tomonlarning mas’uliyatini oshiradi;
  • tizimdagi eng zaif bo’g’in - qabul bosqichini nazorat ostiga oladi.

- Davlat xaridlarida jamoatchilik nazoratining rivojlanishini qanday baholaysiz?

Hozircha juda sust rivojlangan. Jamiyatga ko‘proq vosita va vakolatlar berish kerak. Ideal holatda har qanday fuqaro, tender ishtirokchisi yoki assotsiatsiya birlamchi hujjatlar - yukxatlar, hisobvaraq-fakturalar, shartnomalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu oddiy narsa bo‘lishi lozim, axir gap davlat mablag‘lari haqida ketmoqda. Faqat maxfiy yoki davlat sirini tashkil qiladigan hollargina istisno bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, nazorat organlari vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zarur. Bugungi kunda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi asosan kuzatuvchi sifatida, jazo choralarini qo‘llash huquqisiz ishlamoqda. Ularning "tishlari yo‘q".

Moliya vazirligi bu borada kuch ishlatadigan idora emas, uning vazifasi buxgalteriya, audit va raqamlarni nazorat qilishdan iborat. U tergov yoki jazo berish bilan shug‘ullanmasligi kerak. Bu ishlar bilan tegishli organlar - yo Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, yo Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi shug‘ullanishi lozim.

Amaliyotda esa barchasi chalkash: Moliya vazirligi, prokuratura, Hisob palatasi va boshqa idoralar rasmiy ravishda jarayonga jalb qilingan, ammo amalda hech kim shaxsiy javobgarlik olmaydi. Shu sababli, haqiqiy vakolatga ega bo‘lgan, nazoratni amalga oshira oladigan va suiiste’mollarning oldini oladigan yagona organ belgilanishi zarur.

Bunday yondashuv ko‘plab mamlakatlarda qo‘llaniladi. Masalan, AQSh, Gruziya va Chilida xaridlarni tekshirish uchun ma’lum bir tashkilot javob beradi. Bizda esa -"hamma va hech kim."

- Demak, tizim malakali mutaxassislarga muhtoj, to‘g‘rimi?

Mutlaqo. Hozirda tashkilotlarda xaridlar uchun kim javobgar bo‘lishi kerakligi haqida aniq tushuncha yo‘q. Ko‘pincha bu vazifani xo‘jalik mudiri yoki hisobchi bajaradi, ularda zarur bilim va mas’uliyat tushunchasi bo‘lmasligi mumkin. Vaholanki, bu shaxs davlat mablag‘larini tasarruf etadi.

Rivojlangan mamlakatlarda, jumladan AQShda, xaridlar bo‘yicha mas’ul shaxs maqomi mavjud. Bu maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, imtihonlarni topshirgan va sertifikat olgan mutaxassis hisoblanadi. U nafaqat tender hujjatlarini tayyorlashni biladi, balki axloqiy sinovlarga ham tayyor turadi: unga pora taklif qilishlari mumkin, u turli bosimga bardosh bera olishi lozim. Bizda bunday tizim yo‘q. Shu bois kadrlarni saralash va tayyorlash tizimini - majburiy sertifikatlash, imtihonlar va muntazam malaka oshirish bilan birga - joriy etish zarur.

- Davlat xaridlarini monitoring qilish bo‘yicha situatsion markaz tashkil etish g‘oyasiga qanday qaraysiz?

Bu juda muhim. Bunday markaz tahlil modullari va sun’iy intellekt bilan jihozlangan bo‘lishi kerak, u asosiy xavf ko‘rsatkichlarini - ishtirokchilarning o‘zaro bog‘liqligi, narxlarning oshirib ko‘rsatilishi, shubhali ta’minot zanjirlarini kuzatib boradi.

Prezident yaqinda buyurtmachilarga bozor narxidan 20% dan qimmat tovarlarni sotib olmaslik bo‘yicha topshiriq berdi. Ammo bozor narxi doimo o‘zgarib tursa, uni qanday aniqlash mumkin? Masalan, bugun daftar bitta narxda, ertaga -boshqa narxda. Boshlang‘ich narxni aniqlash to‘g‘risidagi qonunda atigi ikkita band ajratilgan. Shuning uchun ko‘pincha uchta tijorat taklifi olinadi va o'rtacha baholanadi, shu tariqa bozor narxi chiqariladi. Bu samarasiz.

Ochiq ma’lumotlar va avtomatik tahlil asosida narxlarni nazorat qilishning markazlashgan mexanizmi zarur. Bunday markaz:

• "qizil bayroq"larni aniqlaydi,

• xavfli shartnomalar ro‘yxatini shakllantiradi,

• bu ma’lumotlarni keyingi tekshiruv uchun nazorat organlariga yo‘naltiradi.

Hozir tekshiruvlar tartibsiz - "kim xohlasa, o‘sha tekshiradi." Bu samara bermaydi.

- Bunday markazni tashkil etish uchun qancha vaqt va mablag‘ kerak bo‘lishi mumkin?

Mutaxassislar, serverlar, algoritmlar, ma’lumotlarga kirishni jalb qilishni hisobga olgan holda ishlab chiqishga taxminan bir yil. O‘zbekiston hozirda faol ravishda raqamlashtirilmoqda: FHDYO, kadastr, passport tizimlari - barchasi onlaynga o‘tmoqda.

Agar hammasi to‘g‘ri tashkil qilinsa, tejamkorlik yiliga yuzlab million dollarni tashkil qiladi. Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, ikki yil ichida 600 mln so‘mgacha tejash mumkin.

Intervyuning ikkinchi qismida biz davlat xaridlari tizimida biznesning o‘rni, bu sohada islohotlar zarurati va nima uchun insofsiz yetkazib beruvchilar reyestri ishlamayotgani haqida gaplashamiz.

Suhbatlashdi: Dana Oparina
EGED