Yangiliklar

O‘zbekiston OAK 564 million so‘mlik tender o‘tkazdi — g‘olib o‘ziga qarashli tuzilma bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi 564 mln so‘mlik tender o‘tkazdi va unda OAK tuzilmasi - "Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi" DUK g‘olib bo‘ldi.
Ikkala tashkilot ham bir manzilda ro‘yxatdan o‘tgan.


Tender MAVZU - R (№ DGU 03387) dasturiy mahsulotini qo‘llab-quvvatlashga taalluqli bo‘lib, u doktorlik dissertatsiyasi mavzulari bazasini yig‘ish va shakllantirish uchun mo‘ljallangan (axborot tizimining barqaror ishlashini ta’minlash va uzilishlar xavfini kamaytirish; tizimdagi texnik nosozliklarni tezkor bartaraf etish; axborot tizimidan foydalanish va uni boshqarish masalalari bo‘yicha maslahatlar).
Davlat xaridlari bo‘yicha ekspert va Tenderzone asoschisi Kamol Niyozovning ta’kidlashicha, tenderda manfaatlar to‘qnashuvi mavjud, chunki ikkala tashkilot ham davlat ulushiga ega.
“Bu manfaatlar to‘qnashuvi. Ikkalasi ham davlat tashkilotlari. Aslida bu holatda bevosita shartnoma tuzilishi kerak edi, lekin, ehtimol, tender faqat shaklan o‘tkazilgan. Bu til biriktirishmi yoki mablag‘ talon-toroj qilinyaptimi — hozircha noaniq, bunga mahsulot narxiga qarab baho berish kerak,” — deydi davlat xaridlari bo‘yicha ekspert.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi esa so‘rovga javoban ushbu tenderda manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligini ma’lum qildi.
Tender hujjatlarida yetkazib berish muddati 7 kun deb ko‘rsatilgan. Shartnomada esa ijrochi tashkilot joriy yil davomida OAKga dasturiy mahsulotni kuzatib borish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish majburiyatini olishi ko‘rsatilgan.

Ilmiy darajalarni berishda nazorat qilishni davom ettirayotgan Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) atrofidagi bahs-munozaralar hanuz to’xtagani yo’q.
Plagiat masalalari bo‘yicha xalqaro ekspert Ali Tahmazovning so‘zlariga ko‘ra, OAK aslida ilmiy kadrlarni nazorat qilish va filtrlash uchun sovet davridan qolgan "nou-xau". Qozog‘istonda PhD tizimi — universitetlardagi dissertatsiya kengashlari mustaqil ravishda ilmiy darajalarni berishi — ko‘p yillardan beri amal qilib kelayotganidan farqli o‘laroq, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon fan nomzodlari modelidan foydalanishni davom ettirmoqda. Bu modelda ilmiy darajani berish yoki rad etish to‘g‘risida siyosiylashgan organ sifatida aynan OAK qaror qiladi.
“Afsuski, OAK ko‘pincha g‘alati muhit yaratadi. Universitetlar qoshidagi dissertatsiya kengashlari himoya o‘tkazadi va plagiatga tekshiradi, lekin keyin yana OAKga yuboriladi va u yerda qayta tekshiruvdan o‘tkaziladi. Ko‘pincha ular ishlarni qaytarib, hatto to‘g‘ri manbasi ko‘rsatilgan o‘rinlar uchun ham izoh talab qiladi. Bu sifatni ta’minlashdan ko‘ra ko‘proq kuch kimda ekanligini ko‘rsatib qo‘yishga o‘xshaydi", - deydi plagiat bo‘yicha xalqaro ekspert .
Tahmazovning ta’kidlashicha, OAK plagiatga qarshi rasman kurashmoqda. 2025-yil aprel oyida OAK "Plagiat 25+" tizimini 1,84 mlrd so‘mga sotib oldi.
"Taqqoslash uchun, bozorda ikki baravar arzon va shu bilan birga ancha sifatli yechimlar mavjud - xalqaro bazalarga integratsiyalashgan va zamonaviy funksiyalarga ega", - deydi ekspert.
Mutaxassisning aytishicha, u OAKga tizimdan (mutaxassis kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va joriy etilgan plagiatga qarshi xizmat) ikki yil davomida bepul foydalanishni taklif qilgan, biroq komissiya sabablarini tushuntirmasdan rad etgan.
"Mening fikrimcha, OAK plagiatni aniqlashga intilishdan ko‘ra, aksincha, uni yashirishga ko‘maklashishi mumkin. Cheklangan ma’lumotlar bazasiga ega tizim orqali tekshiruv esa shubha uyg‘otadi va korrupsiya xavfini tug‘diradi", - deya xulosa qiladi u.
Dana Oparina
2025-10-30 11:40 EGED