Yangiliklar

“Trest-12” AJ yana sahnada: BYD zavodi, trillion so‘mlik tenderlar va sobiq vazir oilasi

Tenderlarsiz yirik davlat shartnomalarini olgan “Trest-12” AJ 2024-yil mart oyida BYD elektromobillar zavodida pudrat ishlari uchun 160 mlrd so‘mlik shartnomani qo‘lga kiritgan. Bu davlat xaridlari portalidagi ma’lumotlar tahlilidan kelib chiqmoqda.

Ma’lumot uchun, Jizzaxdagi BYD zavodi 2024-yilning iyun oyida birinchi elektromobillarini chiqara boshlagan.

“Trеst-12” AJ haqida nimalar ma’lum?

Ilgari “Trest-12” AJ aksionerlari orasida sobiq qurilish vaziri Botir Zokirovning rafiqasi va o‘g‘li (Muxayyo Zakirova va Jasur Zakirov) ham bo‘lgan. Sobiq qurilish vazirining o‘zi 2019-yil iyul oyida aksiyador bo‘lgan (o‘sha paytda u Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari, 1996-2011-yillarda esa “Trest-12” AJ boshqaruvi raisi lavozimida bo‘lgan). Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari bu holatda manfaatlar to‘qnashuvi borligini tasdiqlagan edi.

2025-yil 8-yanvar holatiga ko‘ra, sobiq qurilish vazirining rafiqasi va o‘g‘li endi aksiyadorlar ro‘yxatiga kiritilmagan. Yuridik shaxslar reyestriga ko‘ra, aksiyadorlar (100%) muassislar sifatida ko‘rsatilgan. Aksiyadorlik jamiyati tarkibiga o‘zgartirishlar “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan keyin kiritilgan bo‘lishi mumkin.

“Trest-12” kompaniyasi Vazirlar Mahkamasining binosini rekonstruksiya qilish (2001), Senatning ma’muriy binosi (2004), Moliya vazirligi binolari (2005), Singapur Menejmentni rivojlantirish instituti (2008), “Bunyodkor” stadioni (2012), HYATT Regency mehmonxonasi (2016) va boshqa binolarni qurish bilan shug‘ullangan.

Ilgari AJ qanday shartnomalar tuzgan edi?

2021-yilda “Trest-12” Toshkent shahrining Yunusobod tumani, Sh.Rashidov ko‘chasidagi 5-raqamli (Mustaqillik maydoni yonida joylashgan) ma’muriy bino rekonstruksiyasi va favvora ostidagi yer osti avtoturargohini qurish bo‘yicha umumiy qiymati 431,5 mlrd so‘m bo‘lgan shartnoma olgan. Shu bilan birga, favvoraning yangilanishi ham “Trast-12” AJ tomonidan amalga oshirilgan. Yangilash xarajatlari haqida ma’lumot berilmagan.

2021-yilning o‘zida kompaniya tendersiz Qonunchilik palatasi binosini 16,54 mlrd so‘mga ta’mirlagan. “Trest-12”, shuningdek, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini qurish bilan ham shug‘ullangan, bu ishlar 1,7 trln so‘mga baholangan. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi keyinchalik “Trest-12” bilan bog‘liq davlat xaridlarini o‘rganayotganini ma’lum qiladi. Agentlik direktori 2021-yilda AJ to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida 5 trln so‘mlik qurilish ishlarini amalga oshirganligini keltirib o‘tgan.

Kompaniya Toshkentning eski ToshMIdagi sobiq kadetlar korpusi binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirgan va bu ishlar byudjetga 14,7 mlrd so‘mga tushgan.

Yana nimalar ma’lum?

Ommaviy axborot vositalari 2021-yil noyabr oyida “Trest-12” aksiyadorlik jamiyati 420 milliard so‘mlik xaridlar olganini hisoblab chiqdi, ular quyidagilar:

  • Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali klinikasi binolarini qurish va rekonstruksiya qilish — 85 mlrd so‘m;
  • Toshkentdagi “O‘zbekfilm” AJ bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish — 106,7 mlrd so‘m;
  • Toshkent shahrining Olmazor tumani, Qoraqamish ko‘chasidagi “G‘alaba bog‘i” majmuasini qurish - 225 mlrd so‘m;
  • Olmazor tumani hokimligi hududida Sobir Rahimov yodgorligini tiklash va unga tutash hududni obodonlashtirish - 1,4 mlrd so‘m;
  • Toshkentda L.B. Shastri byustini qayta tiklash va unga tutash hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish - 1,2 mlrd so‘m;
  • Toshkent shahrining Olmazor tumani Sag‘bon ko‘chasida joylashgan haykal atrofidagi hududni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish. Yodgorlik poydevorini qurish - 785 mln so‘m.

Shunday qilib, “Trest-12” AJ tomonidan olingan shartnomalar qiymati 7,74 trln so‘mni tashkil etdi (2025-yil 9-yanvar holatiga ko‘ra $595 mlndan ortiq).

Dana Oparina
EGED