Yangiliklar

SSV mahalliy insulinni 1,6 milliard so‘mga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib oldi: bu usulda xarid qilish prezident qarori bilan taqiqlangan edi

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2024-yil oktyabr oyida 1,6 milliard so‘mlik inson insulinini (genetik muhandislik yordamida olingan, inson tabiiy insuliniga o‘xshash insulin) xarid qildi. Bu miqdor 41 mingdan ortiq qadoq uzoq ta’sir etuvchi “Jusline N” insulini hamda 1200 dan ortiq qadoq qisqa ta’sir etuvchi “Jusline R” insulinini o‘z ichiga oldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 12-mart kuni yuborilgan inson insulini qanday maqsadlarda xarid qilinayotgani haqidagi so‘rovimizga javob bermadi. 2022-yilda “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan. Unga ko‘ra, 25 yoshdan oshgan birinchi turdagi qandli diabet, shuningdek, insulin terapiyasiga muhtoj bo‘lgan ikkinchi turdagi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar inson insulini bilan ta’minlanadi.

Amerika diabet assotsiatsiyasining qayd etishicha, insulinning analog turlari (ayniqsa, shprits-ruchka shaklidagilari) odatdagi inson insuliniga nisbatan gipoglikemiya (qondagi shakar miqdorining haddan tashqari pasayishi) va semirish xavfini kamaytiradi. Bu ayniqsa birinchi turdagi qandli diabeti bor bemorlarda yaqqolroq ko‘rinadi.

Kimdan sotib olindi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu xaridni “Zamin Bio Health” MChJdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid usulida amalga oshirgan. Vaholanki, 2021-yilning 2-iyulida Prezident “Davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi. Ushbu qarorga muvofiq, bir qator davlat kompaniyalari hamda budjet buyurtmachilari uchun davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tendersiz amalga oshirishning amaldagi tartiblari bekor qilingan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ham aynan shu budjet buyurtmachilari qatoriga kiradi.

“Zamin Bio Health” MCHJ 2015-yilda tashkil etilgan bo‘lib, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav fondi 29 milliard so‘mdan ortiq. Yagona ta’sischisi (100%) Xaydarov Rustambek Ibragimjonovich.

Narx va sifat

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan xarid qilingan insulinning har bir qadog‘i 35 ming so‘m turadi. Biz suhbatlashgan mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu insulinning sifati yaxshi emas.

Daniyaning Novo Nordisk kompaniyasining xuddi shu “Insulatard” uzaytirilgan ta’sirli insulinini, shuningdek, aynan shu kompaniyaning qisqa ta’sirli “Aktrapid” insulinini Toshkentdagi dorixonalarda qadog‘ini 25 ming so‘mdan topish mumkin. Ulgurji narxni hisobga olgan holda, narxi pastroq bo‘lishi ham mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagi savollarni javobsiz qoldirdi:

• Davlat xaridlarida dori tanlashga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?

• Zamonaviy insulin analoglarini xarid qilish ko‘zda tutilganmi? Agar yo‘q bo‘lsa, nega?

• Insulin sotib olish uchun umumiy byudjet qancha?

• Insulinning zamonaviy analoglariga o‘tish rejalari bormi? Agar bo‘lsa, qachon?

• Xaridlar to‘g‘risida qaror qabul qilishda endokrinologlar va bemorlarning fikri inobatga olinadimi?

Kontekst​

2025-yil 1-apreldan O‘zbekistonda bir qator dori vositalari, jumladan, insulin importi uchun 2% miqdorida bojxona boji joriy etildi. Bunda mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va importga qaramlikni kamaytirish maqsad qilingan ekan. Mahalliylashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga qaramay, avvalgi yillarda insulin tanqisligi kuzatilgan, bu esa Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlardan dori-darmonlarni kontrabandasiga olib kelgan.

Dana Oparina
EGED