Antikorrupsiya agentligi 2025-yilda olingan sovg‘alar ro‘yxatini oshkor qilmadi
O‘zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi idora vakillari tomonidan olingan sovg‘alar bo‘yicha ma’lumot taqdim etish haqidagi so‘rovga javob bermadi. Mazkur so‘rov Agentlikka 17-noyabr kuni yuborilgan. “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat organlari OAV so‘rovlariga 7 kun muddatda javob berishlari shart.
Biz quyidagi savollarga javob berishni so‘ragan edik:
1. 2025-yilda Agentlik vakillari tomonidan olingan sovg‘alar ro‘yxatini taqdim etish.
2. Agentlik boshqa vazirlik va davlat organlari tomonidan olingan sovg‘alar bo‘yicha markazlashgan monitoring olib boradimi?
2023-yil 13-mart kuni O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar doirasida olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘alar qiymatini shuningdek, bunday sovg‘alarni tasarruf etish tartibi to’grisidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur hujjat barcha davlat organlarida olingan sovg‘alar reyestrlarini yuritishni nazarda tutadi, biroq ularni ommaviy oshkor etish talablarini belgilamaydi. Shunga qaramay, biz yuborgan tahririyat so‘rovi e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
2023-yildagi sovg‘alar
Olingan sakkizta esdalik sovg‘asi va devoriy suratlarning umumiy qiymati 14,57 million so‘mni tashkil etdi. Eng qimmatbaho sovg‘a Misr Ma’muriy nazorat boshqarmasi rahbaridan olingan haykalcha bo‘lib, uning narxi 3,2 million so‘mni tashkil etadi.
Qolgan sovg‘alar orasida Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va Afg‘onistonning korrupsiyaga qarshi kurash idoralari tomonidan 1,35 million so‘mdan 2,5 million so‘mgacha bo‘lgan surat va esdalik sovg‘alari bor.
2024-yildagi sovg‘alar
2024-yilda Agentlik rasmiy hamkorlariga umumiy qiymati 14 million so‘mdan ortiq sovg‘alar topshirgan bo‘lsa, uning xodimlari tomonidan olingan va reyestrda aks ettirilgan sovg‘alar qiymati 32 million so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Reyestrda eng faol ishtirok etayotgan mamlakatlar Qatar (davlat auditi organlari, prokuratura va sud tizimi), Malayziya (korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari, akademiyalar va nodavlat tashkilotlar), shuningdek, Tojikiston va Qozog‘istondir. Reyestrning bunday tuzilishi Agentlikning 2024-yilda aynan rasmiy sovg‘alar almashish darajasida qaysi davlatlar bilan o‘zaro aloqalari eng jadal bo‘lganligini ko‘rish imkonini beradi.
Nizomga ko‘ra, davlat organi xizmatchisiga berilgan sovg‘aning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan (1,6 mln so‘m) kam bo‘lsa, u xodimning ixtiyorida qoladi. Agar qiymati BHMning 4 baravaridan oshsa, u davlat organi balansiga o‘tkaziladi va davlat organi ehtiyojlari uchun foydalanilishi mumkin.