Yangiliklar

Qashqadaryoda davlat-xususiy sheriklik: yutuqlar, muammolar va istiqbollar

Qarshi shahri va Qashqadaryo viloyatida ta’lim, suv xo‘jaligi, kommunal infratuzilma hamda sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan davlat-xususiy sheriklikning (DXSH) to‘rtta loyihasi tahlil qilindi. Tadqiqot 15 nafar ekspert va jamoatchilik vakilidan iborat sayyor guruh tomonidan o‘tkazilib, unda obyektlarning amaldagi holati, xizmatlar sifati, moliyaviy mexanizmlar hamda loyihalarning ijtimoiy samarasi baholandi.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, DXSh mexanizmi umuman olganda sezilarli ijobiy natijalar bermoqda. Xususan, ilgari faoliyat ko‘rsatmagan obyektlarni qayta tiklash, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga erishildi. Biroq, shu bilan birga, e’tibor talab qiladigan bir qator tizimli muammolar ham aniqlandi.

Qarshi davlat texnika universiteti va xususiy sherik hamkorligida amalga oshirilayotgan 320 o‘rinli talabalar turar joyi loyihasi muvaffaqiyatli misollardan biri bo‘ldi.

Loyiha talabalarning yashashi va ta’lim olishi uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan, kutubxona va sport infratuzilmasidan foydalanish imkonini berdi. Shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratilib, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etildi. Shu bilan birga, loyihaning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qiluvchi davlat subsidiyalarining kechikishi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan talabalar uchun sharoitlarning yetarli darajada moslashtirilmaganligi bilan bog‘liq muammolar aniqlandi.

Yana bir loyiha - "Qoratepa" nasos stansiyasining xususiy sherik boshqaruviga o‘tkazilishi - 860 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari va to‘rtta aholi punktini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Quyosh panellaridan foydalanish energiya sarfini kamaytirish imkonini berdi. Biroq, loyiha investitsiya majburiyatlarining bajarilmasligi va texnik muammolarga, jumladan, ishlamayotgan agregat bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Xususiy sherikning huquqiy tayyorgarligi yetarli emasligi qo‘shimcha qiyinchilik tug‘dirdi.

Maktab isitish tizimini modernizatsiya qilish loyihasi ham ijobiy natijalarni ko‘rsatdi: dastlabki qiyinchiliklardan so‘ng tizim barqarorlashdi va foydalanuvchilar — o‘qituvchilar va o‘quvchilar uning ishini ijobiy baholamoqdalar. Shunga qaramay, hamkor tanlashda tender o‘tkazilmagani va ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tilishi shaffoflik va ekologik ta’sirga oid savollar tug‘dirdi.

Olti yildan buyon DXSh asosida faoliyat yuritayotgan xususiy klinika ilgari qarovsiz qolgan binoni foydalanishga qaytarish va tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish imkonini berdi. Muassasada 30 ta ish o‘rni yaratilgan, sanitariya me’yorlariga rioya etilmoqda. Biroq, shartnomada samaradorlikni baholashning aniq mezonlari yo‘qligi va uni uzaytirish shartlarining noaniqligi xususiy sherikning investitsiyaviy faolligini cheklamoqda.

Umumiy tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, DXSh infratuzilma va xizmatlarni rivojlantirishning samarali vositasiga aylanib bormoqda, ammo uni yanada takomillashtirish talab etiladi. Asosiy muammolar orasida alohida loyihalarning yetarli darajada shaffof emasligi, shartnoma shartlarining haqiqiy amaliyotga mos kelmasligi, moliyalashtirishning kechikishi va investitsiya majburiyatlarining sust ishlab chiqilganligi mavjud.

Bundan tashqari, ijtimoiy va ekologik jihatlarga alohida e’tibor qaratish lozim. Bir qator loyihalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun cheklovlar saqlanib qolmoqda, shuningdek, atrof-muhitga ta’siri yuzasidan shikoyatlar kelib tushmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, DXSh samaradorligini oshirish uchun shartnomaviy bazani takomillashtirish, tartib-taomillarning shaffofligini ta’minlash, moliyaviy mexanizmlarni mustahkamlash va xususiy sheriklarning huquqiy savodxonligini oshirish zarur. Loyihalarning amalga oshirilishi ustidan monitoring va nazoratni kuchaytirish muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Shunday qilib, erishilgan yutuqlarga qaramay, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun tizimli takomillashtirishni talab etadi.
EGED