Yangiliklar

Prezident mahalliy avtomobillarga o‘tishni topshirdi, biroq Ichki ishlar vazirligi BYD xaridini rejalashtirgan edi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida xizmat transportlaridan foydalanishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish zarurligini aytgan edi.

Shundan so‘ng bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz’ni Malibu’ga almashtirgan va mutasaddilarga 7-martdan boshlab xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirgan. U prezident topshirig‘ini zudlik bilan bajarish kerakligini ta’kidladi.

O‘sha vaqtda barcha vazirlik, idora va hokimliklar mahalliy avtotransportga o‘tayotgani xabar qilingan edi: bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, hokimlar - Tahoe yoki Traverse’ dan foydalanmoqda. Bosh vazir matbuot kotibi avtomobillar yangi emas, balki avvaldan “transport bo‘limi”da mavjud bo‘lgan mashinalar ekanini bildirgan edi.

Bosh prokuratura "Tahoe" sotib oldi

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Bosh prokuratura balansida 520 ta avtomobil bor. 2021-yilda Bosh prokuratura avtoparki 491 ta avtomobildan iborat bo‘lgan, jumladan Mercedes-Benz S 450 (1 dona), Toyota Land Cruiser Prado (3), Malibu-2 (6), Captiva (3) va Equinox (1).

Davlat xaridlari portali ma’lumotlari tahlilidan ko‘rinib turibdiki, Bosh prokuratura prezident boshchiligidagi yig‘ilishdan 21 kun o‘tib, 24-mart kuni Uzauto Motors’dan 1,1 mlrd so‘mga yangi Tahoe sotib olgan. Xarid to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida amalga oshirildi.

OAVda Senat raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov ham endilikda Malibu, hududlarga chiqishda esa Chevrolet Tahoe avtomobillaridan foydalanayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Shu bilan birga, Equinox, Traverse, Tahoe va Malibu avtomobillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi, balki UzAuto Motors tomonidan import qilinadi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar orasida Chevrolet Tracker, Onix, Lacetti (Gentra), Cobalt, Damas, Kia Sonet va boshqalar bor.

"Ya’ni amaldorlarimiz "mahalliy avtomobil" bahonasida olib o‘tayotgan avtomashinalar Xitoydan bizga avtotirkamalarda tayyor holda olib kelinayotganini rasman tan olib, tasdiqlab berishyaptimi? Men Tahoe va "oddiy" Travers’lar haqida gapirmay qo’ya qolay. Balki, oddiygina yangi avtomobil xaridini taqiqlab, mavjudlaridan foydalanishni buyurish kerakmidi?”, — deb yozadi bloger Kurbanoff.

Oliy sud va boshqa idoralar

Oliy sud 18-mart kuni 419 mln so‘mga Malibu-2 sotib olgan. Shu bilan birga, sud raisi tashkilot tasarrufidagi Malibu’dan foydalanishni davom ettirishi taxmin qilingan edi.

Jizzax viloyati hokimligida ham 18-mart kuni 657 mln so‘mga Chevrolet Traverse xarid qilindi. Shartnomada prezident boshchiligidagi yig‘ilishga havola, shuningdek, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan avtomobil sotib olish topshirig‘i bor.


Ichki ishlar vazirligining BYD xarid qilish haqidagi so‘rovi rad etildi.

IIV 18-mart kuni 419 million so‘mga Malibu avtomobilini xarid qildi. Tashkilot xaridni 5-mart kungi yig‘ilish qarorlariga asosladi. Biroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi IIVning BYD QIN PLUS rusumidagi xorijiy avtomobilni xarid qilish bo‘yicha so‘rovini rad etdi.
Toshkent shahar hokimligi ham 9-mart kuni 419 mln so‘mga Malibu avtomashinasini sotib olgan. "O‘zstandart" "Malibu"ni 11-mart kuni, Migratsiya agentligi esa 11-aprel kuni xuddi shu summaga olgan.

Adliya vazirligi ham Malibu avtomashinasini 24-mart kuni xarid qilgan.

Qashqadaryo viloyati hokimligi 14-mart kuni Traverse Premier avtomobilini 657 mln so‘mga sotib olgandi. Shuningdek, 6-may kuni bu tashkilot 416 mln so‘mga Equinox avtomashinasini sotib oldi.

Bosh vazir matbuot kotibining yangi avtomobillar xarid qilinmasligi haqidagi bayonotlariga qaramay, turli tashkilotlar kamida 10 ta yangi avtomobil sotib olgan.

Voqealar rivoji

Iqtisodiyot va moliya vazirligi so‘roviga ko‘ra, Bosh prokuratura uchun 1,1 mlrd so‘mga Tahoe avtomobilini xarid qilish bekor qilingani ma’lum qilindi. Bu haqda 16-iyundagi xatda aytilgan.

Sotib olish bo‘yicha Migratsiya agentligi, Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, agentlikdagi mavjud xizmat avtomobillari ma’nan va jismonan eskirgan, ekspluatatsiya talablariga javob bermaydi va ularga xizmat ko‘rsatish tobora qimmatlashib bormoqda.

"Xulosa: yangi avtomobillarni xarid qilish amaldagi qonunchilik doirasida, ish samaradorligini oshirish maqsadida amalga oshirildi," - deyiladi xabarda.

Dana Oparina
2025-11-07 16:34 EGED