Iqlim o'zgarishining gender zo'ravonlikka ta'siri
AYB
siz
dor
Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston “Global gender farqi reytingi”da 108-o‘rinni egallagan. Bu gender zo'ravonlik hodisalariga esa patriarxal tuzum, tarbiyadagi stereotiplar, ta'lim va moliyaviy imkoniyatlarning cheklanishi yoki qonunlarning samarali ishlamasligini sabab qilib ko'rsatishimiz mumkin. Biz bugungi maqolamizda ushbu zo'ravonlikka boshqa faktor ya'ni iqlim o'zgarishi ham ta'sir qilayotganligini yoritib bermoqchimiz.


So'rovnoma natijalari
Iqlim o'zgarishidan aziyat chekkan qoraqalpog'istonlik ayol hikoyasi

Hikoya


Menning ismim Anora(o'zgartirilgan). 19 yoshimda universitetda o‘zimdan bir bosqich yuqorida o‘qiydigan yigit bilan sevishib turmush qurdik va o‘qishni tugatgach erim bilan birga uning qishlog‘iga qaytdik. O‘sha yerdagi maktabda ishlay boshladik. Ro‘zg‘orimizni butlash maqsadida qo‘shimcha daromad topish yo‘lini izladik hamda barcha qishloqdagilar qatori dehqonchilik qilishni tanladik. Erta bahorda erim mahalladagi fermer o‘z yerining har bir gektarini yiliga 1 milliondan ijaraga berayotgani haqidagi gapni topib keldi. Biz tezroq va ko‘proq daromad qilish maqsadida qarz olib, 10 gektar yerni ijaraga oldik. Biz qarzlardan tezda qutilib ketamiz deb o‘ylagan edik. Ammo, dehqonchilik borasida ikkalamizda ham tajriba yo‘q edi hisob. Shu sababli tanish-bilishlardan maslahat olib, poliz ekinlari ekishni boshladik. Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lganim uchun kunning ikkinchi yarmida bo‘sh edim, turmush o‘rtog‘im esa har ikki smenada dars berar edi. Shu sababli ham dala ishlari deyarli o‘zimga qoldi. Erta tongdan borib dalada ishlab, undan keyin maktabga ketar edik. Bu ham yetmagandek uy ishlari ham bor edi. Dehqonchilikning ham o‘zi bo‘lmas ekan. Yerni ekinga tayyorlashga, shudgor qilishga va tekislashga deyarli ancha mablag‘ ketdi. Bunday katta maydonga urug‘ sotib olishimiz ham 5 millionlar atrofida pul ketdi. Xullas, u emas, bu emas hali bir so‘m daromad ko‘rmay turib 7-8 million sarflab tashladik. Mablag‘ sarfining oshishi, ish taqsimotidagi adolatsizliklar sabab uyimizda nizolar vujudga kelishni boshladi. Suv yetishmasligi sabab ekinlarimiz qurib qolishi esa oilamizda katta fojiaga aylandi. Tuppa-tuzuk yurgan erim tez-tez ichadigan, uyga kelib janjal chiqaradigan bo‘ldi. Meni urib-tepishni boshlaganda esa bu holatlarning hali boshlanishi ekanligini tasavvur ham qila olmas edim. Erimning har kunlik ichishi, meni kaltaklashi sabab yuzim va tanamning turli qismidagi ko‘karishlar oqibatida men hatto ishga chiqishga ham uyalib qoldim. Qarz olgan odamlarimiz pullarini so‘rab kelgan kunlari esa erim g‘azab otiga minar va meni kaltaklar, hattoki, uydan haydab chiqarar edi. Bir kuni esa hatto bog‘dagi ariqni ichiga itarib yubordi. Men shundan keyin ham o‘zim tanlab teggan insonim sabab uydan chiqib ketmadim. Sabr qilib erimga Allohdan insof so‘rab yashashda davom etdim. Oilamidagi bunday tahqirlashlar kun sayin ortib borar edi. Men esa aybim nima ekanligini hech tushunmas edim.
Foto: Xolida Musulmon

Bahoraning hikoyasi


Ismim Bahora(o‘zgartirilgan). 22 yoshimda uydagilar xohishiga ko‘ra turmush o'rtog'im bilan oila qurdik. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz. Qishloq chekkasidagi anhordan suv olib kelamiz. Anhor suvini ham toza deb aytib bo‘lmaydi. Olib kelgan katta baklardagi suvlarimizni ba’zan kunlab tindirib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Suv olayotganimizda baklar tagidagi cho‘kmalar qo‘zg‘alib ketishidan ehtiyot bo'lamiz. Bu ahvoldagi suvdan biz ichish va maishiy maqsadlarda foydalanamiz. Suv tozaligidan tashqari uni tashish muammosi ham bor. Erim yordamini ayamaydi, ammo doim ham uyda bo‘la olmasligi sabab ba’zan obdasta bilan, ba’zida aravachalar bilan bir-ikki bak suv olib kelaman.

Nikohimizdan ko‘p o‘tmay homilador bo‘ldim. Lekin qishloq sharoiti, qaynonamning g‘azablari sabab anhordan suv tashishdan qutila olmadim. 15 litrlik baklarni anhordan to‘ldirib aravachaga ortayotganimda og‘riq his qiladigan bo‘ldim. Buni qaynonamga aytganimda esa “O‘lmagan bizni jonimiz ekanda” degan “shiringina” gaplarni eshitdim. Erim esa onasiga bo‘lgan hurmati sabab ortiqcha gap qila olmadi. Lekin, u suv olib kelib berishda ko‘maklashib yurardi. Erim uyda yo‘q kunlardan birida suv olish uchun anhor bo‘yiga tushib katta bak bilan birga suvga yiqildim. Ana shu lahzada men ve erimning 5 oylik orzularimiz zavol topdi. Hali tug‘ilmagan bolamni yo‘qotganimdan keyin ikki haftacha ishlardan “ozod etildim”. Ammo erim ham meni e’tiborsizlikda ayblar “o‘sha suvni o‘zim olib kelardim-ku” deya jahl qilar edi.

Ana shu mudhish voqeadan keyin yillar davomida farzand ko‘ra olmadik. Ko‘cha-ko‘ydagilarning gaplari, qaynonamning “tug‘mas xotin bilan umring o‘tyapti” degan tazyiqlaridan keyin erim juda asabiy bo‘lib qoldi. Hatto, meni kaltaklaydigan odat chiqardi. Ba’zan nima uchun kaltak yeyotganimni ham bilmay qolar edim. Qaynonamning piching va haqoratlari, erimning tazyiq-u kaltaklaridan bezor bo‘lganimdan keyin, bularning baridan ajrashib qutildim. Hozir ota uyimdaman. Nega bunday bo‘ldi? tug‘ilmagan farzandim nobud bo‘lishida men aybdor edimmi? Erim nega meni bunday tahqirladi? degan savollar haligacha tinchlik bermaydi. Haligacha aybim nima ekanligini anglay olmayman.
Foto: uzreport.news
Expert fikri
1. Iqlim o'zgarishi oilalarning sog'lig'iga, kundalik hayotiga va farovonligiga qanday ta'sir qilmoqda?

"Men faoliyatim davomida oilalarda mana shu iqlim o'zgarishi sababli turli xil muammolar kelib chiqayotganligiga bir necha bor guvoh bo'ldim. Masalan, shu paytgacha viloyatdagi xotin-qizlar charchoqdan, og‘ir hayot tarzidan, suv yetishmasligidan, zo'ravonlikdan va boshqa maishiy muammolar tufayli shikoyat qilganini ko‘p eshitganman. Ayollarning aytishicha, ular sog‘liqlarida ham turli muammolarni payqashgan, lekin, o'zlari hali buning sababini aniq tushunib yetishmagan, ammo, sabablarini aniq tekshirib, izlanib ko'rsangiz buni tagida shu iqlim yotibdi. Shuningdek, ular o‘z vaqtida ovqat tayyorlamagan, uyni toza qilmagani paytlarida ham turmush o'rtog'i, oila a'zolari tomonidan ko'p kamsitilgan yoki turlicha yoqimsiz gaplar eshitgan. Bu holat nafaqat kelinga, balki buni ko'rib turgan ularning farzandlariga yana eri va uning oila a'zolarining sog'ligiga ham zararlidir. Shuningdek, Iqlim o'zgarishi natijasida yuzaga keladigan ekstremal ob-havo hodisalari (issiqlik to'lqinlari, suv toshqinlari, qurg'oqchilik) odamlarning salomatligiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Masalan, issiqlik to'lqinlari gipertermiya va issiqlik urishi kabi kasalliklarga olib kelishi mumkin, ayniqsa, zaif guruhlar (keksa yoshdagi odamlar va surunkali kasalliklarga chalinganlar) bundan ko'proq aziyat chekadi. Bu kasalliklar o'z navbatida oilalar va jamiyatlar uchun jiddiy sog'liq muammolarini keltirib chiqaradi deb bemalol ayta olaman".

2. Yosh avlodlar uchun iqlim o'zgarishining oqibatlari qanday?

"Bu yoshlar hayotiga ham turlicha ta'sir qilmoqda. Birinchidan, shu iqlim tufayli oilada yuzaga kelayotgan notinch holat, ularning psixiologiyasiga salbiy ta'sir etmoqda. Oqibatda, ular kelajakda o'z oilalari bilan ham hozir ko'rayotgan holatlarini takrorlash xavfi bor. Ikkinchidan, ayrim bolalarning ta'lim olish imkoniyatlari cheklanmoqda. Ya'niy ular maktabga borish o'rniga uzoq masofalardan suv tashishga yoki qishloq xo'jaligidagi ishlar bilan shug'ullanishga majbur bo'lmoqda. Sog'liq jihatidan qaraydigan bo'lsak, yuqori harorat va havo ifloslanishi bolalarning jismoniy rivojlanishiga to'sqinlik qilib, immunitetlarini zaiflashtiryapti, desak adahmaymiz. Ularning kelajakda barqaror yashashlari ham tahdid ostida qolmoqda, bir tomondan, ertaga bu holatt yoshlar orasida migratsiyani kuhchaytiradi, chunki, qurg'oqchilik qishloq xo'jalik mahsuldorligini, unumdor yerlarni kamaytirmoqda, oqibatda yangi ish o'rinlarini yaratishni qiyin bo'lib qolishi mumkin. Iqlimning oqibatlarini sanasak ko'p juda, eng asosiysi shular".
Nodira Alimova
"Qalb nuri" markazi rahbari
Agar siz ham hayotingizda turli xil taziyqlarga uchrayotgan bo'lsangiz Respublika va viloyatlar kesimida ayollarga yordam beradigan quyidagi tashkilot va markazlarning raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, ayollar maslahat markazi - (361) 222−72−05
2. Andijon viloyati, ayollar maslahat markazi - (374) 223−25−60
3. Buxoro viloyati, «Oydin nur» ijtimoiy markazi - (365) 224−11−33, 224−65−11
4. Jizzax viloyati, «Qalb nuri» ijtimoiy markazi (372) 226−52−62
5. Qashqadaryo viloyati, «Qalb mehri» ijtimoiy markazi - (375) 225−10−25
6. Navoiy viloyati, ayollar maslahat markazi - (436) 220−11−58
7. Namangan viloyati, ayollar maslahat markazi (369) 227−09−74
8. Samarqand viloyati, «Rozilik» ijtimoiy markazi - (366) 233−19−44
9. Sirdaryo viloyati, ayollar salomatligi va go‘zalligi ijtimoiy-huquqiy reabilitatsiya markazi - (367) 225−00−87
10. Surxondaryo viloyati, ayollar maslahat markazi - (90) 746−07−64
11. Farg‘ona viloyati, ayollar maslahat markazi - (373) 244−05−10
12. Toshkent viloyati, ayollar maslahat markazi - (371) 232−80−75
13. Toshkent shahri, ishonch maslahat markazi - (371) 233−47−59.
Bizning jamoamiz:
  • Davron Ergashev
    ekolog.uz sayti jurnalisti
  • Umida Yakupova
    Anhor.uz sayti jurnalisti
  • Zafarbek Artiqbaev
    TATU Nukus filiali axborot xizmati rahbari